Oʻzbekiston 2019 yil sentyabrdan yangi taʻlim standartiga oʻtadi

11:32 25 Avgust 2018 Jamiyat
516 0
Arxiv foto

2019-2020 oʻquv yilidan Oʻzbekiston yangi taʻlim standartlarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda juma kuni Xalqaro press klub sessiyasida Xalq taʻlimi vaziri Sherzod Shermatov maʻlum qildi,deb yozadi Sof.uz.

Vazir zamonaviy maktab oʻquv dasturlari toʻlaligicha zamon talablariga mos holda koʻrib chiqilishi kerakligini taʻkidladi.

“Afsuski, amaldagi oʻquv dasturlari koʻproq bolalarning yod olishi uchun moʻljallangan. Zamonaviy dunyo mutlaqo boshqacha talablarni qoʻymoqda. Biz axborot texnologiyalari davrida yashamoqdamiz. Agar ilgari oʻqituvchi axborot markazi boʻlgan boʻlsa, bola oʻzi uchun kerakli barcha maʻlumotni oʻqituvchidan olgan boʻlsa, ayni damda oʻquvchining axborot oladigan manbalari koʻp - bular Internet, televideniye va boshqa turdagi ommaviy axborot vositalari. Shunday ekan, endilikda oʻqitvchilarning asosiy vazifasi toʻgʻri bilim olishni oʻrgatish boʻlishi kerak”, - dedi Shermatov.

Taʻkidlanishicha, ayni vaqtda Oʻzbekiston Taʻlim vazirligi YUNISЕF xalqaro tashkiloti bilan ishni boshlagan.

“Ular bizga oʻz ekspertlarini bergan. Shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlardan ham mutaxassislarni jalb etganmiz. Ekspertlar guruhi taʻlim standartlarimizni toʻliq qaytadan koʻrib chiqishadi. Keyin ushbu taʻlim standartlaridan darsliklar va darsliklarga qoʻyiladigan talablar ishlab chiqiladi. Taʻlim standarti oʻzgarishi darsliklarning ham oʻzgarishiga olib keladi”, - dedi vazir.

Shermatovning aytishicha, darsliklar masalasida “qaytadan velosiped ixtiro qilish”ning hojati yoʻq.

Jahonda ingliz tili, matematika, fizika va boshqa fanlardan juda koʻplab yaxshi darsliklar mavjud. Ularni Oʻzbekiston uchun adaptatsiya qilish mumkin, dedi Xalq taʻlimi vaziri

Shermatovning aytishicha, yangi taʻlim standartlariga oʻtish, bu katta mehnat va vaqt talab qiladigan jarayon. Shu bois u bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va ushbu oʻzgarishlar keyingi oʻquv yilidan joriy etilishni boshlaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?