O‘zbekiston 2018 yilning birinchi yarmida qancha uran eksport qildi?

18:25 27 Iyul 2018 Iqtisodiyot
404 0
Фото: Спутник

Tashqi savdo vazirligi tomonidan O‘zbekistondan eng ko‘p eksport qilingan 20 ta mahsulot ko‘rsatilgan infografika tayyorlandi.

Xususan, O‘zbekiston 2018 yilning birinchi yarmida 1,1 mlrd. dollarlik gaz eksport qildi.

Bundan oldin Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan hisobot davrida mamlakatimizdan umumiy qiymati 1,2 mlrd. dollarlik barcha turdagi energiya manbalari va neft mahsulotlari xorijga sotilganini ma’lum qilgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning dastlabki olti oyida 106 mln. dollarlik elektr energiyasi va 98,9 mln. dollarlik tabiiy uran eksport qilingan.

Bu borada ikkinchi o‘rin meva-sabzavot mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi – 463,2 mln. dollar.

Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan shu davrda umuman oziq-ovqat mahsulotlari eksporti miqdori 582,5 mln. dollar bo‘lgani, jumladan, 18,3 mln. dollar g‘alla chetga sotilgani qayd etilgandi.

Qayta ishlangan paxta mahsulotlari(381 mln. dollar) uchinchi o‘rindan joy oldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston yarim yil davomida savdo sheriklariga 216,9 million dollarlik tayyor to‘qimachilik mahsulotlari, 166,1 mln. dollarlik paxta tolasi, 33,2 mln. dollarlik trikotaj gazlamasi, 29,7 mln. dollarlik paxta gazlamasi yetkazib bergan.

Eksport ro‘yxatidan kimyo mahsulotlari(466,8 mln. dollar) ham o‘rin oldi. Polietilen(219,5 mln. dollar), polipropilen(21,6 mln. dollar), karbamid(21,2 mln. dollar), kaliyli o‘g‘itlar(17,1 mln. dollar) va ammiak selitrasi(14,9 mln. dollar) shular jumlasidandir.

“Top-20”dan katodli mis(147,6 mln. dollar), qora metall prokati(90,4 mln. dollar), hayvon terilaridan charm(34,8 mln. dollar), sementdan boshqa qurilish materiallari(28,2 mln. dollar) ham joy egalladi.

Yengil avtomobillar eksporti 15-o‘rinni egalladi(22,2 mln. dollar).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?