Oʻzbekiston 121-mamlakatga aylandi

11:01 12 Sentyabr 2019 Iqtisodiyot
267 0

Navoiy viloyati hokimi dunyoning 120 mamlakatida faoliyat koʻrsatayotgan “DT World” hamda “DP World” kompaniyalari ijrochi direktori Mahmud al Bastaki bilan muzokara olib bordi.

Muzokaralar mamlakatimiz rahbari tomonidan belgilangan Navoiy xalqaro aeroporti bazasida “Navoiy quruqlik portini tashkil etish” vazifalari ijrosi doirasida oʻtkazildi.

- Mamlakatimiz Prezidenti Oʻzbekistonning tranzit salohiyatini oshirish, Respublikamizni Markaziy Osiyo mintaqasidagi transkontinental transport koridorlarining muhim tarkibiy qismiga qoʻshish vazifasi belgiladi,- deydi viloyat hokimi K.Tursunov. – Buning uchun “Navoiy” xalqaro aeroporti va xalqaro multimodal logistika markazi bazasida barcha imkoniyatlar mavjud.

Taʼkidlash joiz Birlashgan Arab Amirligining “DP World” kompaniyasi 1974-yilda tashkil etilgan boʻlib, global savdo-sotiq va yuk tashish xizmati boʻyicha jahondagi eng katta yetakchi kompaniya hisoblanadi. Yaʼni, kompaniyaning 120 ta davlatdagi tuzilmalarida 50 000 nafar mutaxassis xodim mehnat qiladi.

Shuningdek,“DP World” transport kommunikatsiyasi sohasida koʻplab korxona va tashkilotlarni bevosita boshqaradi, jumladan, dengiz va ichki terminallardan tortib, dengiz xizmatlari, logistika, qoʻshimcha xizmat turlari va savdoni amalga oshirish uchun kerakli texnologik chora-tadbirlargacha taʼminlaydi.

Kompaniya 40 ta davlatning 150 ta portida faoliyat olib boradi. Har yili 70 000 ta kemaga xizmat koʻrsatib, bir kunda 190 000 ta konteyner tashuvlarini amalga oshiradi.2018-yildagi kompaniyaning savdo aylanmasi 71.4 mlrd dollarga teng boʻlib, daromadi 5.6 mlrd dollarni tashkil qilgan.

- Men Oʻzbekiston zamini va aynan Gʻarb va Sharq mamlakatlarini bogʻlaydigan koʻprik vazifasini oʻtayotgan, aytish joiz boʻlsa, quruqlik transport porti uchun juda qulay hudud Navoiy viloyatiga tashrif buyurganimdan juda ham mamnunman. Bugungi kunga qadar dunyoning bir qator davlatlarida amalga oshirgan logistika yoʻnalishidagi ishlarimizdan orttirgan tajribamizni sizning yurtingizda ham qoʻllamoqchimiz. Ishonamanki, boshlanajak hamkorligimiz kelgusida oʻzining ijobiy samarasini beradi, - deydi, Mahmud al Bastaki.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?