“Oʻzbekenergo” AJ: Oʻzbekistonda yiliga 1,8 milliard kVt/soat elektr energiyani tejash mumkin

18:10 19 Dekabr 2018 Iqtisodiyot
788 0

Foto: “Oʻzbekenergo” AJ Matbuot xizmati

Elektr energiya taʼminoti dunyo miqyosida dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro energetika agentligining maʼlumotiga koʻra, hozirda jahonda 1,3 milliardga yaqin aholi elektr energiya bilan taʼminlanmagan. 2,6 milliard odam ovqat tayyorlash uchun anʼanaviy yoqilgʻi – oʻtin, koʻmir va boshqalardan foydalanadi. 2035 yilga borib jahonda energiyaga boʻlgan talab yana 35 foizga oshishi taxmin qilinmoqda.

Dunyoda elektr energiyadan oqilona foydalanish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, koʻpgina rivojlangan mamlakatlar, jumladan, Oʻzbekistonda ham elektr energiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish barobarida mavjud resurslardan tejamli va samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” markazida tashkil etilgan “2018 yilda isteʼmolchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash borasidagi faoliyat: erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar” mavzusida matbuot anjumanida atroflicha toʻxtalib oʻtildi, deyiladi “Oʻzbekenergo” AJ Matbuot xizmati xabarida.

“Elektr energiya ishlab chiqarishni qanchalik oshirmaylik, agar uning sarfini tartibga solmas ekanmiz, yildan yilga ortib borayotgan talabni qondirish juda mushkul. Misol uchun, bugun aholi farovonligi oshayotganligi sababli har bir xonadonda kamida bitta televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich, konditsioner kabi maishiy texnikalar bor. Baʼzida ulardan foydalanib boʻlgach, tokdan uzib qoʻyilmaydi. Garchi, ular oʻchirilgan boʻlsa-da, tok liniyasiga ulangan holda turarsa, elektr energiya isteʼmol qilaveradi. Birgina oddiy telefon quvvatlagichni olaylik. U tokka ulangan holda kunu tun qolsa, oʻrtacha bir oyda 1,5 kVt/soat, yiliga 18 kVt/soat energiya sarflaydi. Shu bois mamlakatimizda ham xonadonlarda, ishlab chiqarish sanoatida va boshqa turli tarmoqlarda elektr energiya tejamkorligini taʼminlash ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda”, – deydi “Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi Ulugʻbek Mustafoyev.

Mutaxassislarning elektr energiya tejamkorligini taʼminlash maqsadida oʻtkazgan oʻrganishlaridan maʼlum boʻlishicha, hozirda yurtimizdagi har bir xonadonda bir yilda oʻrtacha 400 kVt/soatgacha elektr energiyasini tejash imkoniyati bor. Bu koʻrsatkich respublika boʻyicha 1,8 milliard kVt/soatga aylanadi.

Taqqoslaydigan boʻlsak, ushbu tejalgan energiya bilan aholisi oʻrtacha boʻlgan bir viloyatni bir yil mobaynida uzluksiz elektr energiya bilan taʼminlash mumkin. Demak, har bir inson oʻz xonadonida elektrning behuda isrofgarchiligiga chek qoʻyish yoʻli bilan chiroq yetib bormayotgan qancha-qancha xonadonlarga yorugʻlik ulashish imkoni mavjud ekan. Bu ham savobli, ham foydali ishdir.

“Elektr energiyani tejash orqali ekologik barqarorlikka ham munosib ulush qoʻshish mumkin. Misol uchun, 1 kVt/soat elektr ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga 0,6 kilogramm koʻmir chiqindisi, 0,12 metr kub is gazi chiqadi. Demak, har bir isteʼmolchi xonadonida elektr energiyadan oqilona foydalansa, ham tabiiy neʼmatlarni tejashga, ham atrof-muhit musaffoligiga oʻz ulushini qoʻshgan boʻladi. Shuningdek, isteʼmolchini ortiqcha mablagʻ sarflashdan ham asraydi. Iqtisod qilingan mablagʻ jamgʻarib borilsa, roʻzgʻorning qancha kam-koʻstini toʻldirish mumkin”, – deydi “Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi Ulugʻbek Mustafoyev.

Mamlakatimizda joriy yil 20 noyabrdan 20 dekabrgacha oʻtkazilayotgan “Elektr energiyasi tejamkorligi oyligi”dan kutilgan maqsad ham jamiyatimizda bu borada yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar ijrosini taʼminlash, xalqimiz orasida elektr energiyadan oqilona foydalanish madaniyatini yuksaltirishdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?