O‘zbek zamini Dubay yoki Istanbuldek turizm markaziga aylanishi shubhasiz

10:49 25 Iyun 2018 Welcome to uzbekistan
1160 0

Ushbu fikr sarmoyaviy bankir, Birlashgan Arab Amirliklarining “Cyal Advisors DWC” konsalting kompaniyasi asoschisi va boshqaruvchisi Nikolas G‘iloniyga tegishlidir. Tadbirkor yaqinda yurtimizda bo‘lib, taassurotlari hamda kapital kiritish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar haqidagi fikrlarini o‘z saytida o‘rtoqlashdi.

“Jurnalist do‘stimning tavsiyasiga ko‘ra, O‘zbekistonga otlandim. Tanishim bu davlatda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jadal o‘zgarishlar kechayotgani haqida ko‘p gapirar edi, — deb yozadi muallif. — 32 million aholiga ega O‘zbekiston nufus jihatidan Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi o‘rinda turadi. Toshkentni ilk ko‘rganimda, hayratlanishdan boshqa choram qolmadi”.

Zamonaviy O‘zbekiston ko‘hna hamda navqiron madaniyat o‘chog‘i ekan. Bu yerda turli millat va elatlar vakillari, jumladan, armanlar, ruslar, forslar, yahudiylar, koreyslar, tatarlar o‘zaro ahillikda yashaydi. O‘lka tabiati shundayki, Arizona yoki Nyu-meksikaliklar (AQSHdagi shtatlar — tahririyat izohi) O‘zbekistonda o‘zini xuddi yurtidagidek his qilishadi. “To‘rt fasl hamda qulay iqlim o‘zbek zaminiga xos!”

“Ilgari O‘zbekistonga borish uchun viza olish oson bo‘lmagan. Ammo hozirgi kunda islohotchi Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakat tashqi dunyoga va xorijiy kapitalga ochiqlik siyosatini yuritmoqda hamda qo‘shnilar bilan munosabatlarni tiklamoqda”, deyiladi maqolada.

Mutaxassisning fikricha, dengizga chiqish yo‘llariga ega bo‘lmasa ham, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng aholi ko‘p yashaydigan va tarixan muhim mamlakati sifatida nihoyatda jadal rivojlanayotir.

Kapital kiritish uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ishbilarmon ko‘chmas mulk, turizm, iste’mol tovarlari, logistika, banklar hamda chakana savdo-sotiqni ko‘rsatib o‘tadi. Oziq-ovqat mahsulotlari va sharbatlarni eksport qilishda katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etiladi. “O‘zbekistondagidek totli ne’matlar uchun joningni bersang arziydi”, deb yozadi Nikolas o‘iloniy.

Maqolada O‘zbekistonda ko‘chmas mulk sohasi ham katta salohiyatga egaligi ta’kidlanadi.

“Dubay tuproq ustida osmono‘par binolar qurib, barchani o‘ziga maftun etdi. O‘zbekiston ham buni amalga oshirishi uchun barcha imkoniyatga ega”, deydi mutaxassis.

N. o‘iloniy mamlakatimizda biznesni rivojlantirish hamda butun dunyodan mijozlarni jalb qilishda yurtimiz kompaniyalariga qator takliflarini bildirgan. Chunonchi, ular global miqyosda fikrlashi va iste’molchi manfaatini hisobga olishni o‘rganishi, tashqaridan bilimli sarmoyaviy maslahatchilarni (“Investment Adviser”) yollashi, turizm hamda ko‘chmas mulk sohasida dunyo tajribasini o‘rganish uchun ekspertiza o‘tkazishlari lozim.

Turizm jabhasi “nihoyatda katta istiqbolga ega”ligini ta’kidlar ekan, Nikolas o‘iloniy agar “O‘zbekiston ilg‘or xalqaro tajribani joriy qilsa, mamlakat Dubay yoki Istanbuldek turizm markaziga aylanishi shubhasiz”ligini aytadi. Uning fikricha, Avstriya, Germaniya, Shveysariya, Shvetsiya, Rossiya, Qozog‘iston, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Eron va Isroil kabi davlatlar fuqarolari uchun o‘zbek zamini muhim sayyohlik yo‘nalishi bo‘lishi mumkin.

Anvar MIRZAYEV
(“Xalq so‘zi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?