Oʻzbek yozuvchisining asari AQSHda nashr qilindi

10:42 22 Avgust 2019 Madaniyat
189 0

Oʻzbek yozuvchisi Isajon Sultonning “Boqiy darbadar” romani AQSHning nufuzli “Mazda Publishers” nashriyoti tomonidan ingliz tilida kitob holida chop etildi hamda ayni paytda ham AQSHda, ham xalqaro “Amazon” internet savdo maydonchasida oʻquvchilar eʼtiboriga havola qilindi. Kitobga tarjimon, Michigan universiteti fan doktori (PhD) Kristofer Fort, Ogayo universiteti doktori Morgan Lyu xamda muallifning oʻzi soʻzboshi yozgan.

Bosh ofisi AQSHning Kaliforniya shahrida joylashgan “Mazda Publishers” nashriyoti 1980-yilda tashkil qilingan boʻlib, turli tildagi kitoblarni elektron va bosma shakllarda oʻquvchilarga taqdim qilib keladi.

Mazkur roman Tangri taoloning paygʻambariga qoʻl koʻtarib, abadiyat bilan jazolangan badbaxt kishi taqdiri, qadimgi isoviylik afsonalari hamda u voqealarga boʻlgan sufiylik qarashlari zamirida oʻzbek kishisining abadiyat haqidagi tushunchalarini aks ettiradi. Shuningdek, muqaddas manzillarini unutib, hanuz yer yuzida daydiyotgan minglab darbadarlar hayotidan hikoya qiladi.

Yozuvchi Isajon Sultonning ushbu romani 2011-yilda “Sharq yulduzi” jurnalida bosilib chiqqan, keyinchalik “Oʻzbekiston” va Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-ijod uyi tomonidan kitob holida chop etilgan hamda oʻzbek adabiy jamoatchiligida katta qiziqish uygʻotgan asarlardan hisoblanadi.

Asar tarjimoni Kristofer Fort - bir qancha tillar va xalqlar tarixini tadqiq qilayotgan olim va tarjimon. U atoqli oʻzbek yozuvchisi Abdulhamid Sulaymon Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanini ham ingliz tiliga oʻgirgan.

Yozuvchi Isajon Sulton 1967-yilda Fargʻona viloyatining Rishton tumanidagi Avazboy qishlogʻida tugʻilgan. “Munojot”, “Oydinbuloq”, “Boqiy darbadar”, “Ozod”, “Bogʻi Eram”, “Genetik” kabi kitoblari chop etilgan. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi. Uning asarlari Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Vatan uchun yashaylik” tanlovida, AQSH va Turkiya adabiy nashrlari tomonidan oʻtkazilgan xalqaro tanlovlarning, shuningdek, 2017-yilda Stokgolmda boʻlib oʻtgan xalqaro “Open Eurasia” tanlovining gʻolibi deb topilgan hamda ingliz, rus, turk va nemis tillariga tarjima qilingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?