O’zbek yoshlarining tarixiy natijasi

16:29 06 Mart 2018 Sport
494 0

22 fevral — 5 mart kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida qilichbozlik bo’yicha kadetlar va o’smirlar o’rtasida o’tkazilgan Osiyo chempionatida mamlakatimiz sportchilari muvaffaqiyatli qatnashib, bunday nufuzli musobaqada ilk bor sovrindor bo’lishdi.
Kecha Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida muzaffar yoshlarimiz tantanali kutib olindi. Karnay-surnay sadolari, olqishlar yangradi. Shundan so’ng sportchilarimiz ikki qavatli zamonaviy avtobuslarda poytaxt ko’chalari bo’ylab “Paxtakor” stadioni tomon yo’l oldilar.
Bu erda Osiyo chempionati sovrindorlari hamda ularning murabbiylarini taqdirlash marosimi tashkil etildi. Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilarning oila a’zolari hamda yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
O’zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri Sh. Isroilov, O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi raisi U. Ahmadjonov, O’zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi R. Shoabdurahmonov hamda boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida sportni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor tufayli ushbu sohada qator yutuqlar qo’lga kiritilayotganini ta’kidlashdi.
Bugungi kunda O’zbekistonda ikki mingga yaqin sportchilar qilichbozlik bilan muntazam shug’ullanmoqda. Qilichbozlik bo’yicha 2015 yil poytaxtimizda kadetlar va o’smirlar o’rtasida jahon chempionati o’tkazildi.
Osiyo chempionatining sablya yo’nalishidagi jamoaviy bahslarda qatnashgan kadetlarimiz chorak finalda Iordaniya terma jamoasini 45:23, yarimfinalda kuvaytlik tengdoshlarini 45:44 hisobida mag’lub etib, kumush medalga sazovor bo’ldi.
Musobaqada terma jamoamiz tarkibida Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchisi Jaloliddin Dushamboev, Qoraqalpog’iston Respublikasi agro va suv xo’jaligi kolleji o’quvchisi Sherzod Mamutov, Qoraqalpog’iston Respublikasi 2-ixtisoslashtirilgan maktab o’quvchisi Pazil Genjebaev, Toshkent shahridagi 34-maktab o’quvchisi Bobir Rasulov ishtirok etdi.
Qizlar o’rtasidagi sablya yo’nalishida hamyurtlarimiz chorak finalda Yaponiya terma jamoasini 45:43 hisobida engib, bronza medal bilan taqdirlandi. Vatanimiz sharafini Qoraqalpog’iston Respublikasi, Nukus olimpiya zaxiralari kolleji o’quvchisi Zaynab Dayibekova, poytaxtimizdagi Respublika rassomlik kolleji o’quvchisi Sevinch Ismoilova, Toshkent shahridagi 300-maktab o’quvchisi Shahnoza Tog’aymurodova, Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji o’quvchisi Sevila Xudoyberganova himoya qildi.
— Nufuzli musobaqada mamlakatimizning birinchi bor sovrindor bo’lishiga hissa qo’shganimdan behad mamnunman, — deydi Chirchiq olimpiya zaxiralari kolleji tarbiyalanuvchisi Jaloliddin Dushamboev. — Osiyo chempionatida qo’lga kiritgan yuqori natijalarimiz mamlakatimizda biz, yoshlarga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasidir. Biz har qadamda, har qanday musobaqada ana shu mehr va g’amxo’rlikni chuqur his qilamiz. Kelgusida bundan-da yuksak marralarni egallaymiz.
Qit’a chempionatida yuqori natijalarga erishgan sportchilarimizga “Spark”, ularning murabbiylariga “Cobalt” avtomobillari tantanali ravishda topshirildi.
O. LUTFULLAEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?