O‘zbek va tojik xalqlarining “Do‘stlik oqshomi”

20:15 17 Avgust 2018 Siyosat
323 0

“O‘zbekiston” anjumanlar saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalari ishtirokida “Do‘stlik oqshomi” nomli konsert bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emomali Rahmon ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari o‘zbek va tojik xalqlari azaldan yonma-yon yashagani, qiyinchiliklarni birgalikda yengib o‘tganini ta’kidladi.

“O‘zbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmog‘iga o‘xshaydi. Bizning muqaddas dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Quvonchu tashvishlarimiz, taqdirimiz mushtarak. Ajdodlarimizning ezgu an’analarini davom ettirib, xalqlarimiz do‘stligini mustahkamlashimiz va asrab-avaylashimiz kerak”, deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni o‘qib eshittirildi. Emomali Rahmonga davlatimizning “El-yurt hurmati” ordeni topshirildi.

Keyingi yillarda faollashgan madaniy-gumanitar aloqalar xalqlarimizni yanada yaqinlashtirmoqda. Do‘stlik delegatsiyalari tashrifi va ijodiy safarlar uyushtirilib, madaniyat kunlari, konsertlar, ko‘rgazmalar, anjumanlar o‘tkazilmoqda.

“Do‘stlik oqshomi” tobora mustahkamlanib borayotgan O‘zbekiston va Tojikiston hamkorligi, xalqlarimiz do‘stligining yana bir ifodasi bo‘ldi.

Тojikiston Prezidenti ertaga, 18 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov va Bosh vazir Abdulla Aripov bilan uchrashuvlar o‘tkazadi, Samarqand shahrini ziyorat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?