Oʻzbek va tojik xalqlari — bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmogʻi

11:20 14 Sentyabr 2020 Siyosat
412 0

Xabar berganimizdek, bugun 14-sentyabr kuni Dushanbe shahrida “Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlarining doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va ishonchni mustahkamlashga qoʻshgan hissasi, tojik-oʻzbek strategik hamkorligining yangi sahifasining ochilishi” mavzusidagi ikki kunlik ilmiy-amaliy anjumani oʻz ishini boshladi.

Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi va Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning taniqli olim va tadqiqotchilari, ilmiy-tadqiqot va tahliliy tuzilmalar, shuningdek, oliy oʻquv muassasalarining yetakchi mutaxassislari yigʻildi.

Oʻzbekiston delegatsiyasiga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi oʻrinbosari, akademik A.Saidov rahbarlik qilmoqda.

Tadbirda soʻzga chiqqan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov ushbu anjumanning juda muhim va dolzarb ekani, uning nomlanishi esa oʻzbek-tojik hamkorligining bugungi ruhini aniq aks ettirishini taʼkidladi.

SMTI vakilining soʻzlariga koʻra, doʻstona munosabatlar va mamlakatlar oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga chiqishi, avvalo, Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlarining siyosiy irodasi, yuksak ishonchi va strategik qarashlari natijasidir.

Prezident Sh.Mirziyoyevning Markaziy Osiyo mintaqasini Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi asosiy ustuvor yoʻnalish sifatida belgilashi asnosida Dushanbe bilan munosabatlarning tizimli ravishda qayta tiklanishi ham ushbu siyosatning muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganining yorqin namunasidir.

E.Aripovning soʻzlariga koʻra, yuqori darajadagi muloqot faol va doimiy xarakterga ega. Xususan, 2018-yilda ikki tomonlama munosabatlar tarixida birinchi marta oʻzaro davlat tashriflari boʻlib oʻtdi. Umuman olganda, 2016-yil sentyabr oyidan boshlab Oʻzbekiston va Tojikiston rahbarlari turli xil sammitlar doirasida taxminan 15-marta uchrashishdi.

Qisqa vaqt ichida mamlakatlar deyarli barcha sohalarda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishdilar.

Xususan, 2015-yildan beri oʻzaro savdo hajmi deyarli 3 baravarga oshdi. Pandemiya davom etayotganiga qaramay, joriy yilning 7 oyida savdo hajmi 2015 yoki 2016-yil bilan solishtirganda oshdi.

Shuningdek, qoʻshma korxonalar soni oʻsib bormoqda - 2017-yildan boshlab Oʻzbekistonda qoʻshma korxonalar soni qariyb 4 baravarga oshdi. Jumladan, agar 2017-yilda Oʻzbekistonda 100 % tojik kapitali ishtirokida 1 ta korxona boʻlgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 70 taga yetgan, qoʻshma korxonalarning umumiy soni esa 170 dan ortiqni tashkil qilmoqda.

Oʻtgan yili Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida avtomobil transporti orqali yuk tashuvlari hajmi 60 foizga oʻsdi. 2017-yildan buyon “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK Tojikiston yoʻnalishi boʻyicha yuk tashuvlari hajmini tashishni 6 baravarga oshirdi.

Ayni vaqtda, oʻtgan yillarda goʻyoki yechimi boʻlmagan, murakkab va nozik hisoblangan chegara va suv-energetika sohasidagi masalalar ham oʻz yechimini topdi.

Eng muhimi, E.Aripov taʼkidlaganidek, bu oʻzgarishlarning barchasi oddiy fuqarolar hayotida sezilmoqda. Zero, koʻp yillar davomida birinchi marta ular oʻz qarindoshlari va doʻstlarinikiga toʻsiqsiz va erkin tashrif buyurish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Hozirda Oʻzbekiston —Tojikiston chegarasini har kuni 20 mingga yaqin kishi oʻtadi. Uch yil oldin esa bu koʻrsatkich bor-yoʻgʻi 3-3,5 mingni tashkil qilar edi.

Bunday ijobiy oʻzgarishlar, shubhasiz, xalqlarimizning koʻp asrlik birdamlik va doʻstona yashash tarixiga asoslangan yuqori darajadagi ishonchli siyosiy muloqotni tashkil etish tufayli amalga oshdi.

Oʻzbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev adolatli ravishda taʼkidlaganidek: “Oʻzbek va tojik xalqlari bir daraxtning ikkita shoxiga, bitta daryoning ikkita irmogʻiga oʻxshaydi. Biz xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlashimiz va himoya qilishimiz kerak".

E.Aripovning fikricha, Toshkent va Dushanbe oʻrtasidagi munosabatlar, ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yaratishning “namunaviy modeli” boʻlib xizmat qilishi uchun barcha asoslar yetarli.

Oʻzbekiston va Tojikiston oʻtkir muammolar va qarama-qarshiliklar toʻsiqlar emas, balki muloqot va muzokaralar uchun mavzu boʻlishi mumkinligini amalda koʻrsatishdi. Bu mintaqadagi boshqa davlatlar tomonidan muhim formula sifatida qoʻllanishi mumkin. Zero, yakunda Markaziy Osiyodagi barqarorlik va farovonlik — mintaqadagi barcha davlatlar oʻrtasidagi ishonchli aloqalarga asoslanadi va rivojlanadi.

Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi barqarorlikni biz faqatgina barcha keskin ziddiyatlarni hal qilish orqali mustahkamlay olamiz, mintaqada infratuzilma, energetika, transport sohalarida oʻzaro manfaatli qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun sharoit yaratamiz. Oʻz navbatida, bunday loyihalar mamlakatlarimiz rivojlanishining drayveri boʻlishi hamda xorijiy investorlar uchun jozibadorlik oshishiga xizmat qilish mumkin, deya qoʻshimcha qildi SMTI vakili.

Yakunda E.Aripov oʻzbek — tojik munosabatlari uchun yuqori darajadagi oʻzaro tushunish va ishonch muhitini saqlash mintaqaning boshqa davlatlari uchun oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning namunasi boʻlib qolish muhimligini taʼkidladi.

Konferensiya davom etmoqda, plenar majlislardan tashqari, seksiyalarda ham uchrashuvlar koʻzda tutilgan boʻlib, unda ikki mamlakat olimlari va mutaxassislari oʻzaro hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashning qator masalalarini muhokama qiladilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?