Oʻzbek va fransuz deputatlarining onlayn muloqotida parlamentlararo hamkorlik masalalari muhokama qilindi

11:14 05 Iyun 2020 Siyosat
298 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ilk yigʻilishidagi maʼruzasida (2020-yil 21-yanvar) “xalqaro parlamentlararo aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirib borish bundan keyin ham deputatlar va senatorlarning doimiy eʼtibor markazida boʻlishi lozimligini” alohida qayd etgan edi.

Darhaqiqat, davlatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini koʻtarish, faol tashqi siyosat olib borishga koʻmaklashish, xorijiy investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga oid tasdiqlangan “yoʻl xaritalari" ustidan parlament nazoratini amalga oshirish Oliy Majlis oldidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Shu nuqtayi nazardan, hozirda Oliy Majlisda xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorlik guruhlarini yangidan shakllantirish ishlari olib borilmoqda. Hozirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarida xorijiy parlamentlar bilan hamkorlik guruhlarini shakllantirish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Jami 42 ta davlat parlamentlari bilan shunday guruhlar tashkil etiladi. Bunday parlamentlararo hamkorlik doimiy tarzda izchil olib boriladi.

Jumladan, kuni kecha Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 12 nafar deputatdan iborat tarkibda “Oʻzbekiston-Fransiya” parlamentlararo hamkorlik guruhi qayta tashkil qilindi. Doimiy tarzda faoliyat olib boruvchi mazkur doʻstlik guruhining asosiy vazifalari sifatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Milliy Assambleya oʻrtasida parlamentlararo hamkorlikni izchil rivojlantirish, fransuz parlamenti bilan oʻzaro tajriba va tezkor maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida oʻzaro doʻstona munosabatlarni yana-da mustahkamlash maqsadida hamkorlikda turli tadbirlar tashkil etish kabilarni sanab oʻtish mumkin.

Shunisi eʼtiborga molikki, Fransiya parlamentining quyi palatasi - Milliy Assambleyada ham “Fransiya-Markaziy Osiyo doʻstlik guruhi” tashkil qilingan boʻlib, u 2017-yildan beri faoliyat olib bormoqda. 24 nafar deputatdan iborat mazkur guruhga atoqli davlat va jamoat arbobi Patris Versher rahbarlik qilmoqda.

Maʼlumki, Fransiya mamlakatimiz mustaqilligini birinchilardan boʻlib, 1992-yil 3-yanvarda eʼtirof etgan va oʻtgan 28 yildan buyon mamlakatimizning suverenitetini va hududiy yaxlitligini toʻliq qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Hozirda ikki mamlakat oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy va boshqa sohalarda keng hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ushbu aloqalar, ayniqsa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2018-yilning oktyabrida Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifidan soʻng yangi bosqichga koʻtarildi.

Hozirda Oʻzbekiston va Fransiya parlamentlari vakillari oʻzaro teng manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga katta eʼtibor qaratmoqdalar. Shu nuqtayi nazardan, kuni kecha Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining “Oʻzbekiston-Fransiya” parlamentlararo hamkorlik guruhi va Fransiya Respublikasi Milliy Assambleyasining “Fransiya-Markaziy Osiyo parlamentlararo doʻstlik guruhi”ning videokonferensiya formatida oʻtkazilgan birinchi qoʻshma majlisida oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Fransiya tomonidan video-konferensiyada “Fransiya-Markaziy Osiyo” parlamentlararo doʻstlik guruhi raisining oʻrinbosari P.Kabaret, Milliy Assambleya deputatlari C.Buro-Bonard, F.Leclerc, L.Arslan, J.Son-Forget, parlament tadqiqotlari boʻyicha ekspertlar E.Dyupyui, P.Shabal, J.For va Fransiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi maslahatchisi A.Grand ishtirok etdilar.

Videokonferensiyada Oʻzbekiston tomonidan “Oʻzbekiston-Fransiya” hamkorlik guruhi rahbari Akmal Saidov va Fransiya tomonidan “Fransiya-Markaziy Osiyo” doʻstlik guruhi rahbarining oʻrinbosari Per Kabare soʻz olishib, bir-birlarini qutladilar hamda guruhlar ishiga muvaffaqiyat tiladilar. Tomonlar parlamentlararo doʻstlik guruhlarining tuzilishi keng miqyosdagi oʻzbek-fransuz hamkorligining rivojlanishiga turki berishiga ishonch bildirdilar.

Shuningdek, ikki davlat hamkorlik guruhlarining parlamentlararo aloqalarining bugungi ahvoli va istiqbollari toʻgʻrisida oʻzaro fikr almashildi. Tomonlar pandemiya sharoitida ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalariga bagʻishlab onlayn davra suhbatlari, vebinar va videokonferensiyalar tashkil etishga kelishib oldilar.

Xulosa sifatida shuni taʼkidlash oʻrinliki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston-Fransiya” parlamentlararo hamkorlik guruhining tuzilishi va faoliyat olib borishi Fransiya Milliy Assambleyasi bilan doimiy tarzdagi hamkorlikni yana-da kuchaytirish, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish uchun uzviy aloqalarni oʻrnatish imkonini beradi. Ushbu hamkorlik guruhi fransuz parlamenti bilan oʻzaro tajriba va tezkor maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda turli anjuman va tadbirlarni tashkil qilish hamda ular orqali davlatlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga har tomonlama yordam beradi. Bundan tashqari, parlamentlararo hamkorlik guruhi mamlakatimizdagi oʻzgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini fransuz hamjamiyatga yetkazishda ham samarali mexanizm sifatida xizmat qiladi.

Qodir Joʻrayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Oʻzbekiston-Fransiya” parlamentlararo hamkorlik guruhi aʼzosi
***

Soʻz videokonferensiya ishtirokchilariga:

A.Saidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston-Fransiya” parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi:

— Maʼlumki, Fransiya parlamentarizm sohasida juda katta tajribaga ega boʻlgan mamlakat hisoblanadi. Biz fransuz parlamenti bilan oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirishdan juda manfaatdormiz. Parlamentlararo aloqalarimizni sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish maqsadida men Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Fransiya Respublikasi Milliy Assambleyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi qabul qilishni taklif qilaman.

Shuningdek, pandemiya tugashi bilan Fransiya Milliy Assambleyasi raisi R. Ferrand yoki “Fransiya-Markaziy Osiyo” doʻstlik guruhi rahbari boshchiligidagi parlament delegatsiyasining 2020-yilda yoki 2021-yilda Oʻzbekistonga tashrifini tashkil qilish kelgusida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, fransuz parlamentida 2015-yilga qadar faoliyat yuritgan “Fransiya-Oʻzbekiston” doʻstlik guruhining faoliyati qayta tiklanishi ham parlamentlararo aloqalarimizga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, deb hisoblayman.

Biz - Oʻzbekiston va Fransiya parlamentlaridagi doʻstlik guruhlarining aʼzolari, kelgusida oʻzaro hamkorlikda koʻplab anjuman va tadbirlarni tashkil qilishimiz mumkin. Shu maʼnoda keyingi tadbirlarimizdan birini Oʻzbekiston va Fransiya ilmiy doiralarining vakillari, ekspertlar, parlamentariylar ishtirokida videokonferensiya shaklida “Pandemiya sharoitida parlament faoliyati: Oʻzbekiston va Fransiya tajribasi” mavzusida tashkil qilsak ayni muddao boʻlar edi.

Per Kabare, Milliy Assambleya deputati, “Fransiya-Markaziy Osiyo” doʻstlik guruhi raisining oʻrinbosari:

— Oʻzbekiston parlamentida “Oʻzbekiston-Fransiya” hamkorlik guruhi yangi tarkibda ish boshlagani bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ishonchim komilki, ushbu guruhning tuzilishi ikki mamlakat oʻrtasidagi parlament aloqalarining rivojiga ijobiy turtki beradi.

Afsuski, hali-hanuz davom etayotgan pandemiya tufayli Fransiya parlamenti masofadan turib, Internetda onlayn ishlashga majbur boʻlyapti. Shunga qaramay, bor imkoniyatlardan foydalangan holda Fransiya tomoni Oʻzbekiston bilan qoʻshma tadbirlar oʻtkazishga tayyorligini maʼlum qilmoqchiman. Oʻzbekiston tomoni bildirgan barcha takliflarni qoʻllab-quvvatlaymiz. Qoʻshimcha taklif sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi raisining birinchi oʻrinbosari, parlamentlararo hamkorlik guruhi aʼzolaridan iborat Oʻzbekiston parlament delegatsiyasini qulay vaqtda Fransiyaga tashrif buyurishga taklif qilamiz.

Shu narsani mamnuniyat bilan qayd etmoqchimanki, soʻnggi 3 yildan beri Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar dinamik ravishda barqaror rivojlanmoqda. Fransuz tomoni ushbu aloqalarni yana-da rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshishga tayyorligini bildiraman.

Karol Byuno Bernar, Milliy Assambleya deputati, “Fransiya-Markaziy Osiyo” doʻstlik guruhi aʼzosi:

— Eng avvalo, 2019-yil aprel oyida Fransiya Tashqi ishlar vazirligining Davlat kotibi boshchiligidagi delegatsiya tarkibida hamda 2019-yil dekabrda boʻlib oʻtgan parlament saylovlarida Oʻzbekistonga tashrifim davomida koʻrsatilgan yuksak hurmat va eʼtibor uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi jarayonlarda oʻziga xos oʻringa ega va mintaqada xavfsizlikni taʼminlashda muhim rol oʻynamoqda. Oʻzbekistonning hozirgi mintaqaviy siyosati, shuningdek, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar tahsinga sazovordir. Chunki mamlakatingiz Markaziy Osiyoda siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish tarafdori sifatida namoyon boʻlmoqda.

Fursatdan foydalanib, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha bildirilgan takliflar uchun minnatdorlik bildiraman. Ularni toʻliq qoʻllab-quvvatlagan holda shuni aytmoqchimanki, Fransiya Milliy Assambleyasida faoliyat yuritgan “Fransiya-Oʻzbekiston” parlamentlararo doʻstlik guruhi faoliyatini 2022-yilda boʻlib oʻtadigan parlament saylovlaridan keyin qayta tiklash masalasini koʻrib chiqishga tayyormiz.

Emmanuyel Dyupyui, Yevropaning istiqbollari va xavfsizligi instituti prezidenti:

— Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish muhim ahamiyatga ega. Hozirgi epidemiologik inqiroz mintaqaviy integratsiya jarayonlarining (xususan Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyoda) barcha kamchilik va afzalliklarini bus-butun namoyish etdi. Taʼkidlash joizki, hozirgi murakkab sharoitga qaramay Oʻzbekistonning Markaziy Osiyodagi ilgari surayotgan bir qator tashabbuslari tahsinga sazovordir.

Ushbu yoʻnalishda mintaqada yirik davlatlarning, shu jumladan, Xitoy va Rossiya Federatsiyasining roli va taʼsirini albatta hisobga olish lozim. Shu nuqtayi nazardan, joriy yilning 8-iyun kuni pandemiya sharoitida mintaqaviy hamkorlik masalalariga bagʻishlab oʻtkaziladigan vebinarda ishtirok etishga taklif qilaman. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Fransiyadagi elchilari, shuningdek, Fransiya Tashqi ishlar vazirligining Markaziy Osiyodagi iqtisodiy diplomatiya boʻyicha vakili P. Lorot, Markaziy Osiyo tadqiqotlari boʻyicha fransuz instituti (IFEAC) direktori K. Pujol ishtirok etadilar.

Fikrimcha, mintaqadagi xavfsizlikni taʼminlash masalalariga alohida eʼtibor qaratish, ayniqsa, xalqaro terrorizmga qarshi kurashish uchun oʻz vaqtida choralar koʻrish zarur. Pandemiyaga qaramay, Oʻzbekiston ushbu yoʻnalishda faol harakat qilmoqda. Buning isboti sifatida yaqinda Fargʻona vodiysida «Hizbut-tahrir» terrorchilik tashkiloti aʼzolarining hibsga olinganligini alohida qayd etish mumkin. Men shu kabi xavfsizlik masalalari boʻyicha ham muntazam ravishda fikr almashishga chaqiraman.

Per Shabal, Siyosiy tadqiqotlar instituti va Le Avr-Normandiya universiteti professori:

— Men Oʻzbekistonga bir necha marta borganman. Ana shu tashriflarim chogʻida mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlarning ijobiy natijalarini oʻz koʻzlarim bilan koʻrish imkoniga ega boʻlganman.

Men Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi munosabatlar, shu jumladan, taʼlim, fan va ilmiy-tadqiqotlar sohalarida hamkorlikni kelgusida ham izchil rivojlantirish tarafdoriman.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikka ustuvor ahamiyat berishi har tomonlama toʻgʻridir. Xususan, 2017-yil noyabr oyida Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan xalqaro konferensiya mintaqa mamlakatlarining oʻzaro munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Endi Yevropa Ittifoqi ham Markaziy Osiyo bilan turli yoʻnalishlarda, xususan, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kuchaytirishi kerak, deb hisoblayman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?