Oʻzbek uzumlari va qovunlari Ukraina bozorida raqobatga bardosh bera olayaptimi?

15:01 11 Sentyabr 2018 Iqtisodiyot
553 0

Bu yil Oʻzbekistonda yetishtirilgan mevalar Ukraina bozorlarida haqiqiy burilish yasadi. Zero, yurtimizdan ushbu davlatga uzum va oʻrik, shuningdek, poliz ekinlari eksporti sezilarli darajada oshdi. Pirovardida bunday neʼmatlar nafaqat ilgaridagidek ukrain bozorlari rastalari, balki supermarket tarmoqlariga ham keng kirib bordi. Mazkur jiddiy oʻsish yangi mavsumda ham ukrain bozoriga sarxil mevalar yetkazib berishni yanada kengaytirish uchun oʻziga xos koʻprik boʻla oladimi?

Taniqli EastFruit portali mutaxassislari shu savol bilan Ukrainadagi importchilar hamda supermarket tarmoqlari vakillariga murojaat qildi.

Xoʻsh, bu yerda oʻzbek mevalari, uzumlari va poliz ekinlari kelajakda qay darajada raqobatbardosh boʻla oladi? Avvalo, aytib oʻtish kerak, bunday mahsulotlarni tanlashda, isteʼmol qilishda taʼblar har xil, shunga yarasha tanlov ham turlicha boʻladi. Kimdir ularning taʼmiga, yana kimdir koʻrinishiga, boshqasi sarxilligiga, birov narxiga koʻproq eʼtibor qaratadi. Yuqoridagi savolga javoblarda ham shu kabi yondashuvlar oʻz aksini topdi.

Eʼtiborlisi, Ukraina aholisi ichida oʻzbek uzumlari va qovunlarining mazasi va sifatini yuksak baholaydiganlar juda koʻp ekan. Ularning asosiy qismi mahsulot tanlashda tajribali va qaysar boʻlgan yoshi ulugʻ insonlardir.

Biroq masalaning boshqa tomoni ham bor: 35 yoshdan kichik boʻlgan xaridorlar oʻrtasida mamlakatimizda yetilgan mevalar haqida uncha xabari yoʻqlar ham uchrashi maʼlum boʻldi. Ular doʻkon yoki bozorga kirganda, Oʻzbekistondan keltirilgan, narxi nisbatan qimmat boʻlgan mahsulotlarni emas, aksincha, ularga nisbatan qiymati ham, sifati ancha pastroqlarini tanlashi aniqlangan.

Nima uchun oʻzbek mevalari u taraflarda qimmat dersiz?

Ukrainalik importchilar va doʻkondorlarning fikricha, oʻzbek uzumi, oʻrigi va boshqa sarxil mevalar narxidagi bunday tafovut juda murakkab, qimmat va uzoq masofani oʻz ichiga olgan logistika tizimi bilan bogʻliq. Bunday yoʻl oʻz-oʻzidan transport xarajatlari va tabiiyki, tovar qiymatining ham oshib ketishiga olib keladi. Oʻz navbatida, uzoq muddat talab etadigan tashish paytida mahsulotlarning maʼlum qismiga zarar yetadi. Sotuvchilarning aytishicha, aynigan, soʻligan yoki qisman lat yegan mevani qimmat narxga sotish juda qiyin.

Yuqoridagi portal shu yil sentyabr oyi boshida Ukraina bozorlarida uzum bilan bogʻliq roʻy bergan vaziyatni bunga misol qilib keltiradi. Oʻzbek uzumining 1 kilosi narxi chakana savdoda 4,3 AQSH dollariga teng boʻlgan. Ayni chogʻda 1 kilo ukrain uzumi 1,2-1,6 dollar, italyan uzumi 2,5-2,9 dollar, turklarning kishmishi esa 1,4 dollardan taklif qilingan. Qolaversa, Ukrainaning janubiy mintaqalaridagi fermerlardan uzumning bir kilosini ulgurji narxda 0,38 – 0,45 dollardan xarid qilish mumkin.

Shunga qaramay, Ukrainada oʻzbek mevalari, uzumlari, poliz ekinlari haqiqiy shinavandalar tomonidan hamon talashib-tortishib sotib olinmoqda. Masalan, oʻtgan yilda ushbu mamlakat Oʻzbekistondan 50 tonnaga yaqin uzum, 2016 yilga nisbatan toʻrt barobar koʻp, yaʼni 453 tonna qovun xarid qildi.

Eʼtiborlisi, oʻtgan yili Oʻzbekiston Ukrainaga qovun yetkazib berish boʻyicha yetakchiga aylandi. Bu turdagi poliz mahsulotining 60 foizini aynan bizning mamlakat eksport qilgani shundan dalolat beradi. 2018 yilda ham shu boʻyicha rekord oʻrnatilish mumkin. Garchi Ukraina dunyodagi yirik qovun eksportchisi boʻlsa-da, ukrainalik isteʼmolchilarning oʻzlari shirindan-shakar oʻzbek qovunlarini doim qadrlab kelishadi, suyib isteʼmol qilishadi.

Eslatib oʻtamiz, Ukrainada Mirzachoʻl qovunlari, ayniqsa, yuqori baholanadi. Uni mahalliy xalq “torpedo” yoki baʼzan uzunligi bir metrga yetgani uchun “metrovka” deb ham ataydi. Bu turdagi qovun uzoq masofalarga ham sarxilligicha yetib boradi va muzlatgichda yaxshi saqlanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?