Oʻzbek tilshunosligining dolzarb masalalari muhokama qilindi

15:07 21 Oktyabr 2019 Madaniyat
79 0

Maʼlumki, til - xalqning maʼnaviy mulki hisoblanadi. Unda millatning oʻziga xosligi, boy tarixi, madaniyati, urf-odatlari mujassam. “Oʻzbek tilshunosligining dolzarb masalalari” mavzuidagi Respublika ilmiy nazariy konnferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganidan buyon oʻtgan 30 yil ichida uning hayotga tatbiq etilishi bilan bogʻliq yutuq va kamchiliklar, hozirgi oʻzbek tilshunosligi oldida turgan dolzarb vazifalar muammolar muhokama qilindi.

Anjumanda oʻzbek tili va adabiyoti fanini oʻqitish hamda bu soha boʻyicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, yangi tushunchalar yoki oʻzga tildagi soʻzni oʻz tilimizda ifodalash bilan bogʻliq jarayonlar xususida ham soʻz bordi.

Bugungi kunda mamlakatimizning turli OTM larida xorijlik talabalar tahsil olmoqda. Ularning aksariyati oʻzbek tilini katta qiziqish bilan oʻrganishyapti. Anjumanda ular ham ishtirok etib, oʻz fikrlarini oʻzbek tilida bayon etishdi.

Shuningdek tadbir ishtirokchilari til meʼyorlarini buzib ishlatish holatlari uchrayotgani xususida ham toʻxtalib oʻtdilar. Jumladan, koʻchalardagi eʼlonlar, bekat nomlari va reklama vositasiga kirmaydigan boshqa turdagi tashqi yozuvlar imloviy xatolar bilan yozilayotganiga alohida urgʻu berildi. Yigʻilish soʻngida muhokama etilgan masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli tavsiyalari ishlab chiqildi.

Sohibjon HOTAMOV,

(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?