Oʻzbek tilining oʻktamlik va boqiylik bayrami

13:37 13 Oktyabr 2020 Jamiyat
489 0

Arxiv foto

Ona tilimiz — milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas buloidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.

Shavkat Mirziyoyev

Adoqsiz mamnuniyat bilan aytish lozimki, hozir Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining tamomila yangi bosqichini boshidan kechirmoqda, istisnosiz, barcha sohadagi koʻlamli islohotlar oʻzining naqd natijalarini koʻrsatmoqda. “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” degan ustuvor gʻoya asosida olgʻa borayotgan yurtimizning mintaqada ham, dunyoda ham alohida oʻrni tobora keng eʼtirof etilmoqda. Shuning uchun ham “Yangi Oʻzbekiston” degan ohorli ifoda urfga kirdi. Shubhasizki, soʻnggi uch-toʻrt yilda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan benihoya koʻlamli, surʼatli va samarali islohotlar mazkur istilohning zamini ekanligi tabiiydir.

Ilmu maʼrifatning, aqlu zakovatning, fan deyiladigan muhtasham olamning koʻhna, qadimiy beshigi boʻlmish yurtimizda davlatimiz rahbarining irodasi bilan taʼlim-tarbiyaga, ilm-fanga favqulodda ulkan ahamiyat qaratilmoqda. Prezidentimiz yaqinda Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali marosimdagi nutqida toʻla asos bilan “Yangi Oʻzbekistonning ostonasi maktabdan boshlanishi”ni alohida taʼkidladiki, bu fikrning mazmuni benihoya teran va masʼuliyati choʻngdir.

Fransuz adibi Anri ­Barbyusning shunday hikmatomuz gapi bor: «Maktab voyaga yetayotgan avlod tafakkurini shakl­lantirish ustaxonasidir; agar kelajakni qoʻldan chiqarishni istamasang, maktabni qoʻlda mustahkam tutmogʻing lozim».

Maktabda, taʼlimda, umuman, odamning bu koʻhna dunyoda istiqomat intizomini ichdan ishgʻol qilishida tilning favqulodda alohida oʻrnini boshqa hech bir narsa bilan qiyoslab boʻlmaydi.

Bugun oʻzbek tilining mamlakatimizda davlat tili sifatidagi rivojini taʼminlash borasida ham chinakam yangi davr boshlandi. Davlatimiz rahbari 2019-yil 21-oktyabrda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganining oʻttiz yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan tantanali bayram tadbirida soʻzlagan tarixiy nutqida juda katta iftixor bilan shunday degandi: “Hozirgi vaqtda oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi”. Prezidentimiz ana shunday yirik tillardan biri boʻlmish oʻzbek tilining oʻtgan yillar davomida davlat tili sifatidagi rivoji jarayonlarini tahlil qilib, bu jarayonlarga jadal surʼat va sifat baxsh etishga qaratilgan tadbirlarning tamoman yangi tarhini chizib berdi. Bu tarhning maqsad-muddaosi mazkur nutqda loʻnda qilib shunday ifodalandi: “Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”.

Bu chinakam tarixiy nutq soʻzlangan kuni Prezidentimizning «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mav­qeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoni ham imzolangan boʻlib, unda tilimizning moʻtabar maqomiga munosib tarzda kamol topishini taʼminlash borasida kechiktirib boʻlmaydigan vazifalar aniq-aniq, muddatu masʼullari koʻrsatilgan holda belgilab berilgan. Ayni shu hujjatda bir qancha tashkilotlar va keng jamoatchilikning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun — 21-oktyabr sanasini “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullangan, Oʻzbekiston Respublikasining bu haqdagi Qonuni qabul qilingan.

Prezidentimizning ayni shu Farmonida benihoya oʻrinli taʼkidlanganidek, “bugungi globallashuv davrida har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada avvalo oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir”. Bu taʼkid zamiridagi xolislik va odillik ishorasini har qanday odam idrok etadi, bu baʼzi nodoʻst yoki doʻsti nodonlar koʻnglida gʻimirlashi mumkin boʻlgan turli no­oʻrin ishtibohu gʻulularga yoʻl bermaydi. Yaʼni oʻz tilini eʼzozlash, unga ehtirom koʻrsatish har qanday xalq yoki davlatning oʻz ishi, milliy manfaat muhofazasi — birovning arpasini xom oʻrish degani emas.

Davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, “milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli” boʻlgan tilimiz mazkur moʻtabar rutbaga noil boʻlgan kunni — Oʻzbek tili bayrami kunini butun xalqimiz, mamlakatimizning koʻp millatli fuqarolari katta shodiyonalik bilan keng nishonlash tadorigini koʻrishga kirishgan.

Oʻtgan oyda davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida maʼruza qilishi yurtimiz fuqarolarining barchasini birday benihoya xursand qildi, hammamizning koʻnglimizda iftixor tuygʻularini joʻsh urdirdi. Ikki yuzga yaqin davlatlarning vakolatli rasmiy tamsilchilari ishtirokidagi bunday nufuzli millatlar mashvaratida bizning mustaqil davlatimizning mustaqil va moʻtabar tili — qadimiy oʻzbek tili yangradi. Davlatimiz ­rahbari muazzam xalqaro majlisda yangi Oʻzbekistonning orzu-niyatlari, bugun butun insoniyat oldida turgan muammolarning yechimlari borasidagi nuqtayi nazarlarini oʻzbek tilida aytib berdi.

Yurtboshimizning «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmonida “oʻzbek tili ­xalqaro minbarlarda baralla yangrayotgani”, “xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga qiziqish ku­chayayotgani” mamnuniyat bilan qayd etilgan. Ammo eng quvonarlisi shuki, bunday moʻtabar minbarda — Birlashgan Millatlar Tashkilotida oʻzbek tilining jaranglashi ilk tarixiy voqeadir. Buni xorijdagi doʻstlarimiz ham xursandchilik bilan eʼtirof qilib turibdi.

Oʻzbek tili bayrami arafasida Oʻzbekistonning millatlarning oliy minbaridan turib dunyoga oʻz tilida murojaat qilishi xalqimiz uchun behad iftixorli, mustaqilligimizga monand tarixiy hodisadir. Taʼbir joiz boʻlsa, ­Prezidentimizning qadimiy, davlatimizning muqaddas timsoli boʻlgan ­tilimiz toʻyiga toʻyonasidir.

Davlatimiz rahbarining oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi hayotimizning barcha jabhasida toʻla-toʻkis joriy qilinishi uchun tegishli chora-tadbirlar aniq belgilab berilgan, bu maqomning muntazamligi uchun davlat va boshqa tashkilotlar, fuqarolarning masʼullik intizomi koʻrsatilgan mazkur Farmoni qabul qilinganiga rosa bir yil toʻlmoqda. Aytish joizki, bir necha oʻn yillar davomida tilimiz rivoji borasida harakatga kelolmagan mexanizmlar shu bir yilda faol va samarador harakatga keldi.

Hozirgi paytda Vazirlar Mahkamasi tuzilmasi tarkibida Davlat tilini rivojlantirish departamenti samarali faoliyat koʻrsatmoqda. Ayni paytda Atamalar komissiyasi tashkil qilingan, 2020 — 2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi va davlat dasturi ishlab chiqilgan. Deyarli barcha tashkilotlarda rahbarning maʼnaviy-maʼrifiy va davlat tili masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy qilindi, bu masalalar bilan shugʻullanadigan kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazlari tashkil etildi. Davlat tilini oʻrganish, oʻr­gatish va joriy qilinishini muntazamlashtirish ishlarining yana-da yaxshilanishi uchun koʻmak beradigan bir qator kitoblar nashr etilmoqda. Xususan, mazkur departamentning buyurtmasi asosida Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan soʻnggi bir-ikki oyning ichida besh jildli “Oʻzbek tili izohli lugʻati”, “Davlat tilida ish yuritish” amaliy qoʻllanmasining yangilangan nashrlari, boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun “Soʻz sandiqchasi” nomli izohli lugʻat kabi kitoblar kitobxonlar qoʻliga yetib bordi, shuningdek, «Xalqaro terminoelementlarning izohli-illyustrativ lugʻati», “Oʻzbek tilining imlo-oʻquv lugʻati”, “Oʻzbek tili ijtimoiy-siyosiy terminlarining izohli lugʻati” kabi bir qancha kitoblar nashr arafasida turibdi. Oʻzbekistonning “Davlat tili haqida”gi Qonunini takomillashtirish, uning yangi tahririni tayyorlash yuzasidan jiddiy ish olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-martdagi “Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini yana-da oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti tarkibida Sotsiolingvistika boʻlimi tashkil etildi. Mazkur qarorda bu boʻlimning asosiy vazifalari sifatida qu­yidagilar belgilangan: oʻzbek tilining rivojlanishi bilan bogʻliq fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish va kengaytirish; oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tybdan oshirish borasidagi ilmiy izlanishlarni kuchaytirish; oʻzbek tilining yozma matni meʼyor va qoidalarini ishlab chiqish; oʻzbek tilining izohli lugʻatlari, davlat tilida ish yuritish boʻyicha qoʻllanma va ada­biyotlar tayyorlash; davlat tilini rivojlantirishga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda faol ishtirok etish va hokazo.

Sotsiolingvistik tadqiqotlar tilning oʻz sohibi hamda oʻzi yashayotgan jamiyat bilan baqamti hayotining noravshan puchmoqlariga chiroq tutishga imkon beradi. Bu maʼnoda sotsiolingvistika bugun ­dunyoda eng istiqbolli yoʻnalish sifatida ustuvorlashib borayotgan antropotsentrik tilshunoslik oʻzanlarida ha­rakat qiladi. Sotsiolingvistik izlanishlarning ilmiy natijalari va bu asosdagi tavsiyalar mamlakatimizda oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi faoliyatini qonuniy hamda haqqoniy, xolis va har taraflama yoʻlga qoʻyish, uning ­mavqei hamda nufuzini oshirish ishlari koʻlamini yana-da kengaytirishni natijador rejalashtirishga koʻmaklashadi. Shuning uchun ham til tadqiqiga sotsiolingvistik yondashuv nafaqat nazariy, balki favqulodda salmoqli amaliy ahamiyatga ham molikdir. Ayni paytda koʻp ­millatli mamlakatimizda davlat tili, umuman, shakllangan xolis va odil til siyosatida sotsiolingvistika alohida oʻrin tutadi.

Prezidentimiz taʼrifi bilan aytganda, “dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir”. Ana shunday buyuk qadriyatimizning oʻktamlik hamda boqiylik bayrami shukuhi har birimizning qalbimizni hamisha nurafshon qilib tursin. Bu shukuh va undan shukronalik yangi Oʻzbekistonni hech qachon tark etmasin!

Nizomiddin MAHMUDOV,
OʻzRFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, 
filologiya fanlari doktori, professor.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?