Oʻzbek tili dars soatlari rus tilida oʻqitiladigan maktablarda 35 foizga ortgan — Sh.Shermatov

09:04 12 Oktyabr 2020 Jamiyat
241 0

Yurtimizda oʻzbek tilida oʻqitiladigan maktab oʻquvchilari rus tilini oʻrganishida qanchalik muammo boʻlsa, rus tilida taʼlim olayotgan oʻquvchilar uchun esa oʻzbek tilini oʻrganish shuncha muammo edi. Shu sababli oʻzbek tili izohli lugʻatchasi taqdimotiga bagʻishlangan tadbirni asosan rus tilida taʼlim beriladigan 110-maktabda va rus tilini oʻrgatishni yaxshilash boʻyicha loyihani rasman boshlash marosimini esa Uchtepa tumanidagi 129 maktabda, yaʼni faqat oʻzbek tilida taʼlim beriladigan oddiy maktabda tashkil etdik.

Maqsadimiz har bir maktab bitiruvchisi oʻzbek tilini bilib chiqishidir. Shuning uchun oʻtgan oʻquv yilidan rus tilida oʻqitiladigan maktablarda oʻzbek tilini oʻqitish soatlarini 35 foizga (haftalik 20 soatdan 27 soatga) oshirgan edik. Endigi asosiy vazifa boshqa tilda dars beriladigan maktablarda oʻzbek tilini oʻqitish metodikalarini yaxshilash hamda aynan shu yoʻnalishda oʻqituvchilarni tayyorlash hamda malakasini oshirishdan iborat.

Maktabdagi taʼlim tizimidagi oʻzgarishlarni darrov siyosiylashtirish shartmas. Har bir Oʻzbekiston fuqarosi qaysi maktabni bitirishidan qatʼiy nazar oʻzbek tilini oʻrganishiga sharoit boʻlishi kerak. Shu bilan birga rus tili hamda ingliz yoki boshqa chet tilini oʻrganishi zarur boʻladi. Oʻzbekistonda yashaydigan aksariyat rus va boshqa millat vakillari oʻzlari yaxshi bilmasa-da oʻz farzandlarini oʻzbek tilini oʻrganishini xohlaydi. Chunki ertaga u shu yurtda yashagani uchun ularga oʻzbek tili hayotida muvaffaqiyatga erishishi uchun muhimligini tushunishadi.

PS. 129 maktabga bir yil avval chet ellik mehmonlar tugul hattoki oʻzimizning mahalliy jurnalistlarni ham taklif etishga odam uyalar edi. Poytaxt boʻlsa-da, chekkaroq hudud boʻlganiga maktablarning ahvoli juda achinarli edi. Prezidentimizning Uchtepa tumaniga tashriflaridan soʻng tumandagi maktablarning deyarli har 3 tadan 1 tasi, asosan oʻzbek tilida dars beriladigan maktablar, chiroyli taʼmirdan chiqdi. Endi ulardagi taʼlim sifatini oshirishimiz, jumladan rus va ingliz tilini oʻqitishni yaxshilashimiz zarur.

Sherzod Shermatov,
Xalq taʼlimi vaziri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?