Oʻzbek romanchiligining asoschisi

15:48 10 Aprel 2019 Jamiyat
725 0

Atoqli adib, adabiyotimizning haqli ravishda iftixori Abdulla Qodiriy tavalludiga 125 yil toʻldi.

Oʻzbek adabiyotida roman janri Qodiriy nomi bilan bogʻlangani holda, uning hajv, publitsistika janrlarida ham zamonasining yetakchi ijodkori boʻlgani hayratlanarlidir. Vazirlar Mahkamasining adib tavalludining 125 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi farmoyishiga koʻra, Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi Ichki ishlar vazirligidan Toshkent shahar hokimligiga oʻtkaziladi. Istirohat bogʻida Abdulla Qodiriyga bagʻishlangan adabiy muzey, ijodiy maktab, kutubxona barpo etiladi, adibga haykal oʻrnatiladi. U yashab ijod etgan xonadon oʻrnida uy-muzey tashkil etiladi. “Oʻzbekkino” Milliy agentligi tomonidan Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiy faoliyati haqida badiiy, asarlari asosida qisqa metrajli filmlar yaratiladi. Ayni kunlarda mazkur farmoyish ijrosi doirasida “Abdulla Qodiriy ijodining maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyati” mavzuida ilmiy konferensiya ham boʻlib oʻtmoqda.

Biz adib tavallud sanasi munosabati bilan bir necha qodiriyshunos olimlarni suhbatga tortdik.

Baxtiyor NAZAROV, akademik:

— Avvalo, Prezidentimizning ilm, maʼnaviyat, ijod ahliga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligidan cheksiz minnatdor boʻlishimiz zarur. Qodiriy tavallud sanasini nishonlayotganimiz va keng miqyosli tadbir hamda rejalar belgila­nayotgani ana shu gʻamxoʻrlik natijasidir. Albatta, ayni Vatan ravnaqi, ozodligini qoʻmsab, unga erisha olmay yosh jonini fido qilgan ulugʻ adibga shunday ehtirom koʻrsatilishi Qodiriy merosidan bugun ham muttasil bahramand boʻlib kelayotgan kitobxon xalqimizga izhor etilayotgan hurmat va ehtirom ramzi hamdir.

Taassuf, Qodiriy va uning oʻziga oʻxshagan zabardast zamondoshlari bu kunlarni koʻrishmadi. Ammo asarlari bugun tirik, oʻz davrida kam nusxalarda chop etilgan kitoblari bugungi kunda oʻn, yuz minglab nusxada nashr etilyapti.

Yozuvchi tanqidiy-publitsistik maqolalari, hajviyalarida odamlarning yangiliklarni qabul qilishdagi norasoliklarni fosh etgandek boʻladi. ­Toshpoʻlat tajang, Kalvak maxzum kabi tipik qahramonlarning, goʻyo yangi jamiyat bilan hamqadam boʻla olmayotgani kulgi ostiga olinadi, ular tilidan shoʻro tuzumi yangiliklariga aytilayotgan tan­qidiy fikrlar ham kulgili, demak, ular rad etilishi lozimdek, biroq yozuvchi shu rad etilishi lozimdek fikr­larni salbiy qahramon tilidan ayttirib, ularga oʻzining gʻoya va xalqning dardini, alamlarini singdiradi.

Soʻnggi yillarda qodiriyshunoslikda jiddiy ishlar amalga oshirilganini taʼkidlash joiz. Qator tadqiqotlar bilan bir qatorda, yozuvchining nevarasi ­Xondamir Qodiriy tomonidan toʻplab, “Diyori Bakr” nomi ostida nashr etilgan kitobni alohida taʼkidash oʻrinli. Mazkur toʻplam Qodiriyning hajviyalari, kulgilari, tanqidiy-publitsistik maqolalari jamlangan eng mukammal nashr boʻlib, adibning bu yoʻnalishdagi ijodini oʻrganishga katta imkon yaratadi. Aminmizki, Qodiriy dahosiga ehtirom yuzasidan qilinayotgan ezgu ishlar koʻlami keng va u jadal davom etadi.

Sanobar TOʻLAGANOVA, filologiya fanlari nomzodi:

— Abdulla Qodiriy haqida soʻz ketganda beixtiyor romanchiligimiz asoschisini koʻz oldimizga keltirar ekanmiz, uning shaxsi haqida oʻylab qolamiz. Chunki asarlari adabiyotimiz va umuman, madaniyatimiz mulkiga aylanib ulgurgan adib qanday inson edi, degan savol hammani qiziqtirishi tabiiy. Shoʻro toʻntarishlari davrida shaxs tushunchasi zavol topdi va bu millatning maʼnaviy tanazzuliga xizmat qildi. ­­Or-nomus, milliy gʻururning yoʻqolishi ­shaxsning zavolidan darak. Qodiriy buni “maʼnaviy magʻlubiyat” deb atagan.

Oʻtgan asrda yangi oʻzbek adabiyoti paydo boʻldi. Uni Fitrat, Behbudiy, Choʻlpon, Qahhor, Oybek, Gʻafur Gʻulom, Hamid Olimjon, Shayxzoda kabi ulugʻ ijodkorlar yaratdi. Ular ichida Abdulla ­Qodiriy shaxsiyati fenomenal hodisa. Oybek Qodiriy haqida shunday yozadi: “Sirtdan qaraganda bosiq, kamgap koʻrinar, chunki u har bir soʻzini taroziga solib koʻrar, ogʻziga kelgan har soʻzni aytavermas, sekin va oʻziga xalal be­rayotgandek yoqinqiramay gap boshlardi”.

Manbalarda yozuvchining xarakterini oʻziga ishongan, jasoratli, qatʼiy, haqiqatparvar kabi sifatlar bilan baholashgan.

Qodiriy tiriklik mazmunini oʻziga, oʻzligiga sodiq qolishda, deb bildi, butun kuch va gʻayratini, salohiyatini ­millatga, jamiyatga, adabiyotga bagʻishladi.

Ulugʻbek HAMDAM, filologiya fanlari doktori:

— Qodiriy asarlarining jozibadorligi, umrboqiyligi uning tilidadir. Xoʻsh, Qodiriy bizga zamondosh boʻlganida qanday tilda ijod qilgan boʻlardi? Albatta, zamonaviy badiiy tilimizda. Bunga shubha qilmaymiz. Shunisi qiziqki, har bir davr til vositasida oʻziga muhr bosadi. Qodiriyning oʻtgan asr 20-yillarida yozgan asarlari bilan 30-yillardagisining tilida sezilarli farq borligini koʻramiz. Misol uchun, adibning avvalgi “Oʻtkan kunlar” hamda “Mehrobdan chayon” romanlaridan koʻra keyingi “Obid ketmon” qissasi tili oʻrtasida ancha-muncha tafovut mavjud.

Qodiriyning 30-yillar tevaragida yozgan kichik asarlari tili ham aslida jozibali, hatto, kuzatishimizcha, 30-yillarda bitilgan Choʻlponning “Kecha va kunduz” romani tiliga birmuncha mos. Aytish joizki, hozirgi adabiy til mezonlarimizga ancha yaqin keladi.

Bundan shunday xulosa kelib chiqadi: hozirgi adabiy tilimiz arxaizm, jargon, sheva, maʼlum ijtimoiy qatlamlarga xos tildan “qutulib” olguniga qadar maʼlum zamonlar va bosqichlardan oʻtishiga toʻgʻri kelgan. Buni Qodiriyning asarlari isbotlab turibdi.

Sobir OʻNAROV yozib oldi (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?