Oʻzbek qorakoʻl qoʻylari Botsvanaga eksport qilinadi

11:54 01 Iyul 2019 Iqtisodiyot
244 0

Afrikaning Botsvana davlati qorakoʻl qoʻylarini koʻpaytirish uchun Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda. Bu bejiz emas, albatta. Chunki xalq seleksiyasi mahsuli boʻlgan qoʻyning ushbu zoti bizning zaminda yaratilgan. Tarixiy maʼlumotlarda keltirilishicha, qorakoʻl qoʻylari sakkizinchi asrda arab qoʻy zotlari bilan chatishtirish natijasida yuzaga kelgan va keyinchalik u boshqa hududlarga tarqalgan.

Darhaqiqat, bugungi kunda dunyoning 190 mamlakatida qoʻy boqilsa, shundan 16 tasida qorakoʻl zotlari parvarishlanadi. Garchi bugun qorakoʻl teri yetishtirish boʻyicha Namibiya va Afgʻoniston dunyoda yetakchilar safida boʻlsa-da, noyob moʻyna beradigan qorakoʻl zotning asosiy genofondi Oʻzbekistonda saqlanib qolingani eʼtirof etiladi. Bu esa bizning eng katta yutugʻimizdir.

— Qorakoʻl qoʻy zotlari choʻl sharoitiga moslashgan boʻlib, ozuqasining 86 foizini yaylovdan oʻzi topib yeydi, — deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Bahrom Norqobilov. — Toʻqqiz foizini dagʻal xashak, qolgan 5 foizini esa kuchli ozuqalar tashkil etadi. Ana shu jihat xorijlik mutaxassislarda katta qiziqish uygʻotmoqda.

Naslchilikda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar, erishilayotgan yutuqlar ham chet ellik mutaxassislar diqqat eʼtibori markazida boʻldi. Qoʻylarning yoshi, jinsi, rangi va nasliga qarab ajratilib, otar usulida boqish yoʻlga qoʻyilgani, naslli qoʻchqorlar auksioni muntazam yoʻlga qoʻyilganini, ayniqsa, yuqori baholadilar.

— Biz tashrifimiz davomida Oʻzbekistonning qorakoʻlchilik markazlari boʻlmish Buxoro va Samarqandda boʻlib, oʻzbek qorakoʻlchilik maktabi tajribasini atroflicha oʻrgandik, — deydi Botsvana oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xoʻjaligini rivojlantirish vazirligi kotibi oʻrinbosari, delegatsiya rahbari Jon Kassius Moreki. — Olimlar, fermerlar bilan suhbatlashdik. Choʻponlar faoliyati bilan tanishib, ular qorakoʻlchilikda olimlardan kam bilimga ega emasligiga guvoh boʻldik. Yurtingiz mutaxassislari chorvachilikni rivojlantirish borasida bizga yaqindan koʻmak berishga tayyor ekanligidan juda xursand boʻldik. Mamlakatimizga qaytgach, bu yerdan olgan xulosalarimizni Botsvana hukumatiga yetkazamiz va tez orada ikki tomon uchun manfaatli boʻlgan hamkorlik aloqalarini oʻrnatishga ishonamiz.

Botsvana davlati delegatsiyasining yurtimizga tashrifi yakunlari boʻyicha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda tomonlar istiqboldagi hamkorlik yoʻnalishlarini muhokama qildilar. Oʻzbekistondan naslli qoʻchqorlar va sovliqlar sotib olish, naslchilikni yaxshilash va yaylov oʻsimliklarini koʻpaytirish borasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqotlar olib borish, oʻzaro tajriba almashish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishildi.

Said RAHMONOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?