O‘zbek qizi ilk marotaba BMT komissiyasida qatnashdi

13:43 05 Iyul 2018 Jamiyat
358 0
BMT Shtab-kvartirasi. Nyu-York.

BMTning Xalqaro tijorat huquqi bo‘yicha komissiyasining joriy yil may oyida bo‘lgan ishchi guruh yig‘ilishi va iyun oyida bo‘lib o‘tgan 51-sessiyasiga o‘zbek qizi Feruza Boboqulova delegat sifatida taklif etildi.

Feruza Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti o‘qituvchisidir. Komissiya yig‘ilishlarida O‘zbekiston Respublikasidan haligacha bironta ham delegat ishtirok etmagan edi. Feruza Boboqulova BMT komissiyasida O‘zbekiston Respublikasining ilk vakili sifatida ishtirok etdi. Shuningdek, u joriy yil 21 iyunda Xalqaro savdo palatasi qoshidagi Xalqaro tijorat arbitraj sudining Butunjahon kengashida sud a’zosi etib tayinlandi.

Bolaligidan faol bo‘lgan Feruza Amerika Qo‘shma Shtatlari Texas shtati Olney yuqori maktabini imtiyozli diplom va “Texas olimi 2006” maxsus medali bilan bitirib, Toshkent Xalqaro Vestminster universitetining tijorat huquqi yo‘nalishini ham imtiyozli diplom bilan tugatgan.

Feruza universitet talabalariga “Xalqaro tijorat arbitraji”, “Biznes huquqi” va “Buyuk Britaniya jinoyat huquqi” fanlaridan dars beradi. “Xalqaro tijorat arbitraji” va “Buyuk Britaniya jinoyat huquqi” fanlarini ishlab chiqqan, shuningdek, kafedra o‘quv dasturiga kiritishdagi va ish faoliyatidagi izlanishlari ham kasbdoshlari orasida yuksak e’tirofga sazavor bo‘lgan.
Dilfuza Sobirova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?