Oʻzbek palovining dovrugʻi dunyoda maʼlum, niderlandiyaliklar ham undan bahramand — Daliya Chakar

21:34 22 Iyul 2020 Dunyo
1568 0

Bryusselda Oʻzbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi tomonidan “Oʻzbek oshi kuni” tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA. 

Tadbirda MDH mamlakatlari elchixonalari rahbarlari, siyosatchi va tadbirkorlar, Yevropa Ittifoqi muassasalari, Yevropaning yetakchi tahlil va taʼlim institutlari vakillari, shuningdek, Oʻzbekiston – Niderlandiya doʻstlik fondi rahbarlari qatnashdi.

Oʻzbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi Dilyor Hakimov mehmonlarni qutlab, bunday tadbirlar madaniyatlararo muloqotni faollashtirishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Tadbirda Oʻzbekiston – Niderlandiya doʻstlik fondi raisi Daliya Chakar soʻzga chiqib, oʻzbek palovining dovrugʻi dunyoda maʼlum, niderlandiyaliklar ham undan bahramand ekanini aytib oʻtdi.

— Yevropada ommaviy tadbirlarga odamlarni toʻplash juda qiyin, — dedi u. — Biroq, “Oʻzbek oshi kuni” uchun Niderlandiyadan Bryusselga kelishni istaganlar koʻpchilikni tashkil qildi.

Ishtirokchilar soni cheklangani sababli, afsuski, biz bu yerga faqat eng faol aʼzolarimizni olib keldik.

Tadbirning boshqa ishtirokchilari ham diplomatik vakolatxonaning ushbu tashabbusini olqishladi. Ularning fikriga koʻra, koronavirus pandemiyasi nafaqat global iqtisodiyotga, balki odamlar oʻrtasidagi jonli muloqotga ham taʼsir qildi.

Oʻzbek milliy taomi palovni tayyorlash jarayoni mehmonlar diqqat markazida boʻldi. Ishtirokchilar osh uchun masalliqlarni tanlash, ularni qovurish, guruch solish va bugʻlash kabi jarayonning davomiyligi bilan qiziqdi.

Elchixona tomonidan tashkil etilgan tadbir ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi.

Jumladan, “Oʻzbek oshi kuni”ga bagʻishlangan maqolalar “Diplomat Magazine” jurnalining veb-saytida hamda “Ozbekistanhaber” va Oʻzbekiston – Niderlandiya doʻstlik fondining “Facebook”dagi sahifasida nashr etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?