Oʻzbek olimlari qimmatbaho metallar yashirin konlarini topishning noyob usulini yaratdilar

13:25 20 Sentyabr 2019 Jamiyat
396 0

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilgʻor texnologiyalar markazi ilmiy xodimlari Shotlandiyaning Glazgo shahridagi Mineral konlar amaliy geologiya jamiyati konferensiyasida ishtirok etdilar. Mineral konlar amaliy geologiyasi jamiyati (SGA) - foydali qazilma konlarining geologiya fanini targʻib qiluvchi xalqaro ilmiy jamiyatdir. SGA 1965-yili tashkil etilgan boʻlib, jahoning 1300 nafardan ortiq ilm-fan vakillari va togʻ-kon sanoati vakillari uning aʼzolaridir. Jamiyat matbaa (togʻ-kon va iqtisodiy geologiya boʻyicha dunyodagi eng yetakchi nashrlardan boʻlmish “Mineralium Deposita” jurnalini chop etadi) va taʼlim faoliyati bilan ham shugʻullanadi, shuningdek ikki yilda bir xalqaro konferensiya oʻtkazadi.

2019-yilgi SGAning 15-konferensiyasida 75 davlat vakillari ishtirok etdilar. Mazkur nufuzli konferensiyada Ilgʻor texnologiyalar markazi direktor oʻrinbosari, geologiya-mineralogiya fanlari nomzodi Rustam Xolmatov birinchi marta Oʻzbekiston nomidan maʼruza qilishga muyassar boʻldi. Uning nutqi xorijiy hamkasblar orasida qiziqish uygʻotdi.

R. Xolmatov anjuman ishtirokchilariga Ilgʻor texnologiyalar markazi olimlari tomonidan ishlab chiqilgan qimmatbaho metallar yashirin konlarini qidirish, tiplashtirish va baholashning mineral-geokimyoviy nanotexnologiya usuli haqida soʻzladi. Mazkur usul qimmatbaho metallarning yangi konlarini topish imkonini beradi. Gap shundaki,bugungi kunda sirtki qatlamdagi barcha konlar allaqachon topilgan boʻlib, endigi maqsad – qimmatbaho metallarning yashirin konlarini topishdir, deb taʼkidladi Rustam Xolmatov.

Konferensiyada, shuningdek, Ilgʻor texnologiyalar markazining Geofizika va nanominerologiya laboratoriyasi yetakchi ilmiy xodimi, professor Rustam Koneyev poster maʼruzasi bilan ishtirok etdi.

Uchrashuv yakunlariga koʻra olimlarimiz xorijiy hamkasblar bilan yangi aloqalarni oʻrnatib kelishdi. Chexiya Geologiya xizmati bilan qoʻshma tadqiqotlar boʻyicha muzokaralar olib borildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?