Oʻzbek milliy elektromobili yaratildi (foto)

14:58 28 Fevral 2019 Jamiyat
2323 0

Fargʻona davlat politexnika institutida tahsil olib, ayni damda Buxoroda istiqomat qilayotgan 27 yoshli Saidbek Gʻulomov oʻzbekona milliy elektromobil ixtiro qildi. Bunday deyishimizning sabablaridan biri shundaki, Saidbek avtomashina dizaynini yaratishda Fargʻona doʻppisi shakllaridan foydalangan.

— Yengil avtomashina yaratish gʻoyasi menda 2017 yilda tugʻilgan edi, — deydi u. — Izlanish, oʻrganish ortidan siz koʻrib turgan mashina modeli yuzaga keldi. Uning uzunligi 4 metr 75 santimetrni, eni 2 metrni, balandligi esa 1,53 metrni tashkil etadi. Balandligi “Kobolt” rusumli mashina bilan deyarli teng.

Elektromobilning kuzovi yuz foiz alyuminiydan tayyorlandi. Chunki bu material yengil. U mashinaning yurish davomiyligini oshirishga xizmat qiladi. Avtoulovning afzalliklaridan biri yoqilgʻi sarfining tejamkorligida. Negaki, u elektr toki vositasida yuradi. Benzin va gaz tejaladi. 6,5 sekundda 100 kilometr soat tezlikka erishadi. Qiyoslash oʻrnida aytish joizki, “Malibu-2”da bu koʻrsatgich 7,8 sekundni tashkil etadi. Narxi esa nisbatan arzon. Xomaki hisob–kitoblarga koʻra, 110–150 million soʻm. Yana bir qulayligi, u xaridor xohish–istagiga koʻra, individual buyurtma asosida ishlab ishlab chiqariladi.

— Bu modelni yaratishda italyan, nemis, ingliz, yapon avtomobillarining barcha ustun jihatlarini uygʻunlashtirishga harakat qildim, — deydi yosh ixtirochi. — Uning yagona kamchiligi bu qayta zaryadlash vaqtining uzoq davom etishidir. Ammo hozir dunyoning rivojlangan davlatlarida qattiq jinsli akkumulyatorlar sinovdan oʻtkazilyapti. Bu esa muammoning yechimi borligidan darak beradi. Elektromobil boʻyicha patentga ega boʻlish uchun respublika Intellektual mulk agentligiga zarur hujjatlarni topshirib, dastlabki xulosalarni oldik.

Aytmoqchi, bizda 14 kishilik jamoa shakllangan. Barchasi iqtidorli, izlanuvchan. Agar qobiliyatli yoshlar boʻlsa, ularni oʻz safimizga qoʻshishga tayyormiz.

Avtoulovning modelini yaratish, innovatsion gʻoyalarni amalda tatbiq etishda yosh ixtirochiga viloyat hokimi yordam qoʻlini choʻzdi. Kogon tumani hududida faoliyat koʻrsatayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Kogonremstroykomlekt” Oʻzbekiston –Rossiya qoʻshma korxonasi homiylik qilmoqda.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?