Oʻzbek Milliy akademik drama teatr i jamoasi chekka qishloqda paxta terdi. Madina Muxtorova 1-boʻldi

14:37 20 Sentyabr 2019 Jamiyat
274 0

Oʻzbek Milliy akademik drama teatri ijodkorlari 17-20-sentyabr kunlari paxta terimchilariga koʻmaklashish maqsadida Fargʻona viloyati Fargʻona tumani Chimyon qishlogʻida boʻlishdi. Erta tongni xush kayfiyat bilan qarshi olgan jamoa ilk ishni ziyorat qilishdan boshladi. Ular Xoʻjanazar Gʻoyibnazar oʻgʻli Huvaydo qadamjosiga tashrif buyurishdi. Mehmonlarga ajdodimiz tomonidan amalga oshirilgan ezgu ishlar haqida soʻzlab berildi.

Huvaydo - XVIII asr tasavvuf adabiyoti va falsafasining yirik namoyandasi. U ilohiyot ilmining chuqur bilimdoni, yirik mutasavvif shoir sifatida milliy madaniyatimiz tarixida alohida oʻrin tutadi. Huvaydo taxminan 1704-yili Chimyon qishlogʻida tugʻilgan. 1781-yilda vafot etgan. Mazkur madrasa viloyat rahbarligida xalq hashari yoʻli bilan bunyod etilgan. Teatr jamoasi ushbu ziyoratgohdan bir olam maʼlumotlar bilan paxta dalasiga yoʻl olishdi. Nihoyat ular manzilga yetib borishdi. Oppoq dalalar, koʻzni quvontiruvchi loʻppi-loʻppi chanoqlar kishini paxta terishga undaydi. Teatr ahli ilhom olami vakillari emasmi, darrov ishga shoʻngʻib ketishdi. Etaklarni bogʻlab terimga kirishishdi. Bu yoqdagi boshqa terimchilar bir tomondan hayron boʻlsa, boshqa tarafdan xursandchilikdan koʻzlari quvnab turibdi. Jamoada eng faoli esa Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Madina Muxtorova boʻldi. U hatto yakunda birinchilikni qoʻlga kiritib, tarozining yonida tergan paxtasi uchun pul ham oldi. Teatrchilarga hamroh boʻlgan tuman hokimi ham “oq oltin“ terdi.

Oʻz navbatida ijodkorlar fuqarolarga yaratilgan sharoit, imkoniyatlar bilan ham yaqindan tanishishdi. Binobarin, sodda va samimiy insonlarning koʻzlaridagi rozilik kayfiyati ularni ham shod etdi.

Teatr jamoasi tushlikni terimchilar bilan birga qilishdi. Xususan, hokimning oʻzi teatr direktori Fatxulla Masʼudovga shoʻrvadan solib berdi.

– Oh, anchadan beri bunaqangi mazzali dala ovqatini yemagandim, oshpazimizga rahmat – dedi Fatxulla aka.

Ovqatlanishdan soʻng konsert dasturi havola etildi. Terimchilarning bari raqsga tushib, maroqli dam olishdi. Bir soat davom etgan konsert tomoshadan bir olam taassurotlar olgan paxtakorlar rahmat aytib yana dalaga qaytishdi.

Ijodkorlar kechki payt Qirgʻiziston bilan chegaradosh hudud Logʻon, Xurshidi Tobon, Vaziyo, Gulpiyon, Mashʼal qishloqlarida boʻlishdi. Besh qishloqni birlashtirib turuvchi Madaniyat uyida Erkin Xushvaqtov asari asosida Marat Azimov rejissyorligida sahnalashtirilgan “Qirmizi olma” spektakli namoyish etildi. Yigʻilganlarning kulgusidan shuni bildikki, sahna asari ularga manzur boʻldi.

Paxtakor tomoshabinlar ushbu ijodiy uchrashuvdan boshi koʻkka yetganini aytishar ekan, Fargʻonaning chekka bir hududida yashovchi xalqning holidan xabar olish, quvonch ulashish savobli ish ekanligini taʼkidlashdi va teatrchilarga minnatdorchilik bildirdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?