O‘zbek madaniyatini targ‘ib etayotgan yoshlar

14:53 12 May 2018 Madaniyat
340 0

Fransiyaning “Sosete jeneral”, “Iv Roshe”, “Shnayder elektrik” kabi nufuzli kompaniya hamda tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan o‘zbek yoshlari bir vaqtning o‘zida ushbu mamlakatning Sorbonna, Tillar va sivilizatsiyalar milliy instituti singari yetakchi ta’lim muassasalarida tahsil ham olishadi.

O‘zbekistonning Parijdagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda xorijda o‘qib ishlayotgan yoshlarimizga diniy-ma’rifiy sohalarda yurtimizda bugun kechayotgan islohotlar, qo‘shni mamlakatlar va jahon hamjamiyati bilan manfaatli hamkorlik, sayyohlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida mukammal ma’lumot berildi. 

Shunisi quvonarliki, yoshlarimiz, garchi Vatandan olisda bo‘lsa-da, yurt mehri, qadim tariximizga ehtirom ruhida faoliyat olib borishayotir. Xususan, Farrux Yo‘ldoshev tomonidan asos solingan “Meros” fondi o‘zbek madaniyati targ‘iboti bilan shug‘ullanadi. Bu esa fransuz yoshlarini mumtoz adabiyotimiz bilan tanishtirishda qo‘l kelayotir. 

— Elchixonamiz ko‘magida Parijda navoiyxonlik tadbirini o‘tkazganimiz ko‘ngildagi ish bo‘ldi, —  deydi Farrux mamnunlik bilan. — Endilikda qadimiy tariximiz va mumtoz adabiyotimiz shaydolarini  milliy qadriyatlarimizdan xabardor etib, o‘zbek tili to‘garagini tashkil qilishni rejalashtirayapmiz.

Uchrashuvda YuNESKOning Shveysariyadagi vakolatxonasi rahbari Bobur To‘xtaboyev  ona-Vatanimiz oldida qarzdorlik hissi haqida to‘lqinlanib so‘zlagan bo‘lsa, Sorbonna universiteti bitiruvchisi Feruza Karimova Luvr muzeyida olib borayotgan faoliyati haqida gapirib berdi. Har yili 8 milliondan ziyod odamlar tashrif buyuradigan Luvrda Feruza qiziquvchilarni O‘zbekistonning maftunkor va boy madaniyati bilan tanishtirib boradi.

Shoyim BO‘TAYEV
tayyorladi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?