Oʻzbek kinosi oʻzining qiyofasi, shakli va mohiyatiga ega boʻlishi kerak

10:23 25 Iyun 2020 Madaniyat
108 0

Mamlakatimiz kino sanʼati bir asrdan ziyod tarixga ega boʻlib, oʻziga xos taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi. Bu davr mobaynida oʻzbek kinosining poydevori yaratilib, u xalqimizning madaniy-maʼnaviy hayotida muhim oʻrin egalladi. 

Soʻngi yillarda milliy kinematografiya rivojiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan katta eʼtibor natijasida sohada muayyan yutuqlarga erishildi. Mazmun va shakl jihatidan rang-barang kino asarlar yaratilib, ular tomoshabinlar eʼtiborini qozondi.

Ayni vaqtda bugun jahonda kechayotgan globallashuv jarayonlari, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashning ustuvor vazifalari barcha soha va tarmoqlar qatorida kino sanʼatini ham takomillashtirish, soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratishni talab etmoqda.

Qayd etish kerakki, kinematografiya sohasida normativ-huquqiy bazaning mukammal emasligi, kino ishlab chiqaradigan yetakchi korxonalar, jumladan «Oʻzbekfilm», «Qoraqalpoqfilm» hamda “Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar” kinostudiyalarining moddiy-texnika bazasi jismoniy va maʼnaviy jihatdan eskirgani, kinofilmlarni moliyalashtirish tizimining bugungi kun talablariga javob bermasligi, kinoteatrlar va malakali kadrlar yetishmasligi soha rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Kino inson bilimini orttirishda muhim rol oʻynaydi, uning boy mazmuni esa aholining bilimdonlik darajasiga bevosita taʼsir qiladi. Shu bilan birga, mazkur sohadagi ishlarning haqiqiy holati milliy kino sanoatining jadal rivojlanishiga, jahon kino bozorida raqobatbardoshlikni oshirishga, uni chet elda targʻib qilishga toʻsqinlik qiladigan bir qator hal etilmagan muammolar mavjudligidan dalolat bermoqda.

2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da belgilangan vazifalarga asoslanib, xalqimiz, avvalo, yoshlar ongiga milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuygʻularini singdirishda katta taʼsir kuchiga ega boʻlgan kino sanʼatining rolini oshirish maqsadida, “Toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlarda tizimlashtirilishi va unifikatsiya qilinishi lozim boʻlgan qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha «Yoʻl xaritasi”da “Kinematografiya toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Kino sanoati sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasi, ishlab chiqilayotgan kino mahsulotlarining oʻzini oqlashi va daromad keltirishiga qaratilgan zamonaviy marketing tadqiqotlari va aniq maqsadli kino ishlab chiqarish dasturlarining mavjud emasligi milliy kinematografiyaning yuqori zarar bilan ishlashiga olib kelmoqda.

Kinoprokat respublika boʻylab kino mahsulotlarini yetkazib berish samarasiz tizimlarining mavjudligi, ishlab chiqarilgan kino mahsulotlarining yetarli darajada targʻib qilinmasligi oqibatida aholining sust xabardorligi kinoprokatchilar daromadlariga, kinokompaniyalarning ijodiy va ishlab chiqarish xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga salbiy taʼsir koʻrsatdi, eng achinarlisi ushbu holat kinoteatrlar tarmogʻi faoliyatining tugatilishiga olib keldi.

Mualliflik huquqi obyektlarini, shu jumladan, kino mahsulotlarining noqonuniy tarqatilishini aniqlash va bartaraf etish, ular bilan ruxsatsiz foydalanishdan ishonchli himoya qilish, qaroqchilikka qarshi kurashishning aniq mexanizmlari mavjud emasligi kino mahsulotlarining asl nusxalarini yuqori darajada noqonuniy aylanmasiga va mamlakatdagi kinokompaniyalar va kinoteatrlarga sezilarli zarar yetkazilishiga olib kelyapti.

Shuningdek, kinematografiya sanoatida mahalliy kinolentalarni jahonga mashhur xalqaro kinofestivallarga taqdim etish, shu jumladan, ularda ishtirok etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmayapti, madaniy oʻzaro almashinuv darajasining pastligi esa milliy kinematografiyani chet elda faol targʻib qilinishiga va uning jahon kino maydoniga qoʻshilishiga imkon bermayapti.

Shu nuqtayi nazardan, Davlat dasturida 2020-yil «Oʻzbekkino» Milliy agentligi, Madaniyat, Adliya, Moliya va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirliklari zimmasiga “Kinematografiya toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini tayyorlash yuklatilgan. Mazkur qonun loyihasida:

milliy kinematografiya sohasida davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash;

sohani rivojlantirish yoʻnalishlari, bosqichlari va istiqbollarini nazarda tutish; 

davlat tomonidan milliy kino mahsulotlarini ishlab chiqarishni qoʻllab quvvatlash;

milliy kinematografiyani rivojlantirish jamgʻarmasini moliyalashtirish manbalarini belgilash nazarda tutilgan.

Kino, birinchi navbatda, sanʼat, uni sanoat darajasiga koʻtarish kerak. Sanoat darajasida rivojlantirish uchun sohani puxta oʻrganish, har kimga birdek yoqadigan, ham mavzu, ham gʻoyaviy jihatdan toʻq kinolar suratga olish kerak.

Asl sanʼat yaratilsa, uni qadrlaydiganlar sanoat darajasiga koʻtaradi. Jahon bozoriga “zamonaviylik” niqobi ostida yaratilgan bir-birini takrorlaydigan kartinalar bilan emas, boy tariximizni aks ettirgan kinolar bilan chiqish kerak. Bu chet ellik investorlarning kino sanʼatimizga boʻlgan qiziqishini oshiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?