Oʻzbek kinolari xalqaro “FILMART” anjumanida

12:09 10 Mart 2019 Madaniyat
309 0

Illyustrativ foto

“Oʻzbekkino” Milliy agentligining “Respublika kinoprokat markazi” tashkil etilganiga koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Markaz oʻzbek kinoindustriyasining eng asosiy muammolaridan biri — kinoprokat tizimini respublika miqyosida yoʻlga qoʻyish orqali kinomahsulotlarining tomoshabinga yetib borishini taʼminlash bilan bir qatorda, milliy filmlarimizni xalqaro kinoprokatga olib chiqish ishlarini ham boshlab yuborgan.

Xalqaro yoʻnalishdagi ishlarni jahon standartlari darajasida yo‘lga qo‘yish uchun yaqinda Markaz qoshida Xalqaro aloqalarni rivojlantirish sektori tashkil etildi.

Ayni kunlarda Markaz xodimlari “Oʻzbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga koʻra ishlab chiqarilgan 15 ta filmni joriy yil 18 — 21 mart kunlari Gonkongda boʻlib oʻtadigan Osiyo qitʼasining eng yirik kino va televizion mahsulotlar bozori — “FILMART” (Hong Kong International Film & TV Market)ga taqdim etish uchun tayyorlashmoqda.

Oʻzbek kinoindustriyasi tarixida ilk marotaba xalqaro kinobozorga olib chiqilayotgan milliy filmlar, asosan, 2017-2018 yillarda suratga olingan boʻlib, ular badiiy, hujjatli va qisqa metrajli janrlardan iborat.

Bu yil 23-marta oʻtkaziladigan xalqaro “FILMART” kinobozorining maqsadi Osiyo — Tinch okeani hududida kino mahsulotlari prokatini tashkil etish hamda mazkur sohada xalqaro kinobiznes sherikchilikni kengaytirishdan iborat. 2018 yilda oʻtkazilgan ushbu yirik kinotadbirda AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston kabi jami 37 ta mamlakatdan 850 ta ishtirokchi, 8700 tadan ortiq ilgʻor kino ishlab chiqaruvchi — xaridor kompaniyalarning ishtirok etgani ham uning nechogʻli nufuzli ekanini koʻrsatadi.

Tadbir iqtisodiy va investitsiyaviy yoʻnalishda boʻlib oʻtadigan HAF (Hong Kong-Asia Film Financing Forum) forumi hamda kino va telekontent mahsulotlari bozori sifatida ham eʼtiborga molikdir. Unda Osiyo hamda Gʻarb kinosanoatinining kinovideo mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va xaridorlari oʻrtasida koʻp millionli shartnomalar tuziladi hamda hamkorlik masalalari kelishiladi.

Oʻzbek filmlarining ushbu nufuzli kinobozorga olib chiqilishi mamlakatimiz kinoindustriyasida tarixiy voqea, deyish mumkin. Jahon internet tarmogʻi orqali milliy filmlarimizning treylerlari bilan oldindan tanishgan chet ellik xaridorlar Gonkongda uchrashish masalasida “Respublika kinoprokat markazi”ga 100 dan ortiq takliflar yuborishganini eʼtiborga oladigan boʻlsak, oldindan aytish mumkinki, filmlarimizning Osiyo maydonidagi bozori chaqqon boʻlishi, shubhasiz.

“Respublika kinoprokat markazi” bu yil hisobidan xalqaro miqyosda oʻtkaziladigan boshqa nufuzli kinobozorlarda ham faol qatnashish orqali filmlarimizning dunyo ekranlaridagi shonli yurishlari koʻlamini yanada oshirishni maqsad qilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?