O‘zbek kinosi ilk bor mashhur Kann xalqaro kinofestivalida

23:24 07 May 2018 Madaniyat
1306 0
Foto: "Хаlq so`zi online"

Kinoshunos Shohira Raufboyeva Fransiyadan maxsus "Xalq so‘zi online" uchun xabar qiladi: Joriy yilning 8-19 may kunlari Fransiyada bo‘lib o‘tadigan 71-Kann xalqaro kinofestivalida ilk bor “Uzbekistan” paviloni tashkil etildi.

Garchi “O‘zbekfilm” mahsulotlari orasida milliy qadriyatlar va an’analarimiz tarannum etilgan filmlar talaygina bo‘lsa-da, shu paytga qadar xalqaro anjumanlarda namoyishga qo‘yilmagandi. Binobarin, yaratilayotgan har bir film — xoh u yoshlarbop, xoh bolalarga mo‘ljallangan yoki ommabop bo‘lsin navqiron avlodning ichki dunyosi, ma’naviyatiga ijobiy ta’sir etuvchi omilga aylantirish bugungi kun talabidir. 

O‘tgan yili “PROlogue” respublika yosh kinoijodkorlarining qisqa metrajli filmlar festivalining tashkil etilishi sohada yangilik sari ilk qadam hisoblangan bo‘lsa, ertaga o‘z ishini boshlaydigan jahondagi eng nufuzli Kann festivalida ilk bor “O‘zbekiston” pavilonining tashkil etilishi ilk muvaffaqiyatdir. Ushbu pavilonda festival ishtirokchilari va mehmonlariga yurtimizning yuksak turistik salohiyati, film suratga olish uchun boy imkoniyatlar namoyish etiladi. Bu xorijlik kinokompaniyalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, eng asosiysi, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “PROlogue — 2018” xalqaro festivaliga dunyoning turli burchagidan mutaxassis va yosh kinoijodkorlarni jalb etish imkonini beradi. 

— “O‘zbekiston” pavilonida taqdim etiladigan tarixiy-me’moriy obidalarimiz, yurtimiz tabiatini aks ettiruvchi kino jurnallar va boshqa tarqatma materiallar xorijlik kinosanoati vakillarini e’tiborsiz qoldirmaydi, — deydi Yosh kinoijodkorlar kengashi raisi Oybek Abdushukurov. — Bundan tashqari yaponiyalik kinoijodkorlar hamkorligida Toshkent va Jizzaxda suratga olingan “Dragonhead”, Eron va Rossiya kinoijodkorlarining Buxoroda tasvirga tushirgan “Omar Khayyam”, shuningdek, rossiyalik ijodkorlar tomonidan Xorazmda suratga olingan ko‘plab kinokartinalar haqida ham ma’lumotlar beriladi. Bularning barchasi, shubhasiz, yurtimizning nafaqat kino san’ati va sanoati, balki turistik salohiyatini ham oshirishga xizmat qiladi.

Garchand “O‘zbekiston” pavilonida bezatish ishlari to‘liq tugallanmagan bo‘lsa-da, allaqachon jahon kinemotograflari, kino sanoati vakillarining yurtimizning kino va turistik salohiyatiga qiziqishi ortib bormoqda. 

"Xalq so‘zi" muxbiri Mavjuda XOLMATOVA yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?