O‘zbek xalqi uchun aziz va qadrli siymo

10:47 20 Aprel 2018 Madaniyat
511 0
Фото: 5news.kg

Chingiz Aytmatovning ezgulik tarannum etilgan barkamol asarlari, jo‘shqin ijtimoiy faoliyati nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda butun turkiy mamlakatlar, jumladan, o‘zbek xalqi uchun ham aziz va qadrlidir.

Chingiz Aytmatov hamda O‘zbekiston mavzui o‘z mazmun-mundarijasiga ko‘ra, juda xilma-xil va rang-barangdir. O‘zbek xalqiga mehr qo‘ygan ulug‘ ijodkor bizning o‘tmishimizni ham, zamonaviy adabiy jarayonimizni ham yaxshi bilardi.

Chingiz og‘a doimo ijtimoiy hamda adabiy hodisalarning mohiyatini anglab olishga, o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashishga intilardi. U doimo yangilik izlovchi, hayotdagi progressiv o‘zgarishlarga peshvoz chiquvchi adibgina emas, ayni vaqtda butun iste’dodini, kuch-quvvatini ana shu yangiliklarni, hayotdagi ilg‘or tendensiyalarni keng ommalashtirishga safarbar etgan tolmas kurashchi, jur’atli shaxs ham edi. Bu hol uni, birinchidan, badiiy nasr sohasida yuksak pog‘onaga ko‘targan bo‘lsa, ikkinchidan, atoqli jamoat arbobi sifatida tanitdi.

“Men uchun, — deb yozgan edi adib, — davrimiz san’atining bosh masalasi — bu haqiqiy gumanizm masalasidir. Shubha yo‘qki, gumanizm hamisha, hamma davrlarda ijtimoiy fikrning nishoni, muhim alomati bo‘lib keldi; biroq menimcha u hozir, bizning davrimizda yangicha mezon, yangicha ahamiyat kasb etayotir. Davrimizning gumanistik progressiv adabiyoti insonga uning ulug‘vorligini, faqat o‘z intellekti hamda uning hosilalarida ko‘rinadigan ulug‘vorlikni emas, balki insonga xos barcha xislat va fazilatlarning majmui bo‘lgan, qadimda uni odamlar oddiygina qilib “qalb” deb atagan narsaning ulug‘vorligini hamisha hormay-tolmay eslatib turishi kerak”.

Prezidentimizning “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ulkan qirg‘iz adibiga o‘zbek xalqining cheksiz hurmati ifodasi bo‘ldi.

Qarorda ta’kidlanganidek, Chingiz Aytmatov mintaqamiz tinchligi hamda osoyishtaligi, uning kelajagi va ravnaqi, xalqlarimiz o‘rtasida do‘stlik hamda hamjihatlikni mustahkamlash, ularni turli ziddiyat va qarama-qarshiliklardan asrash yo‘lida fidokorona faoliyat olib bordi.

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida sobiq Markaz tomonidan uyushtirilgan “o‘zbek ishi”, “paxta ishi” kabi nohaq siyosiy kampaniyalar chog‘ida Chingiz Aytmatovning adolat hamda haqiqat kuychisi sifatida xalqimizning sha’ni va obro‘-e’tiborini katta minbarlardan turib mardona himoya qilganini el-yurtimiz hamisha minnatdorlik bilan eslaydi.

Yozuvchi yurtimizga turli munosabatlar bilan tez-tez tashrif buyurar, adabiy anjumanlar, kinofestivallar, kitobxonlar konferensiyalarida qatnashardi. Adibning -deyarli barcha badiiy asarlari o‘zbek tiliga o‘girilib, necha o‘n minglab nusxada nashr etilgan, xalqimizning ma’naviy mulkiga aylangan. Qardosh xalq yozuvchilari orasida hali hech bir ijodkorning asarlari o‘zbek adabiyotida bu qadar keng shuhrat qozonmagan, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Chingiz og‘a o‘zbek xalqining sha’n-shavkatini hamisha baland tutib, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiboridan quvonchga to‘lardi. U o‘zining qator badiiy asarlarida, xususan, ilmiy-nazariy, publitsistik maqolalarida o‘zbek xalqi, uning boy madaniyati, adabiyoti tarixiga oid asarlarni mamnuniyat bilan tilga olarkan, qadim o‘zbek madaniyatining Markaziy Osiyoga ko‘rsatgan ta’sirini ko‘hna Vizantiyaning qadimgi rusga ko‘rsatgan ta’siri bilan qiyoslaydi. Shuning o‘zi ham ijodkorning o‘zbek xalqiga, uning buyuk madaniyatiga bo‘lgan ehtiromi va muhabbatining yorqin dalilidir.
Prezidentimizning qarorini o‘qib, yozuvchining tarjimoni bo‘lganim uchun ham behad quvondim. Chingiz Aytmatovning o‘zbek adabiyoti hamda san’atining yirik namoyandalari bilan yaqin do‘st bo‘lgani, ijodkorlarni o‘zaro hamkorlikka undagani yuksak ibrat namunasidir.

Adib Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari ziyolilarining ta’sis qurultoyida so‘zlab, ma’naviy birlik, adabiyotlar do‘stligi haqida g‘oyat kuyinchaklik bilan shunday degan edi: “Sir emaski, avvallari biz, ziyolilarning bordi-keldilarimiz, ijodiy muloqotlarimiz yaxshi edi. Yutuqlarimiz, o‘y-xayollarimizdan boxabar edik. Dekadalar, madaniyat kunlari o‘tib turardi. Eng yaxshi asarlarimiz, romanlar, qissalar, dramalar, she’riy kitoblarni tarjima qilardik. Kinochilarimiz, rassomlarimiz bir-birlariga juda yaqin edi. Endi-chi? Bularning hammasi deyarli to‘xtab qoldi. Hozir o‘zbek adabiyotida, xususan, yosh o‘zbek adiblari ijodida qanday yutuqlar bor, ular ne mavzularni qalamga olmoqdalar, qanday yangi yo‘nalishlar mavjud — bundan biz tomondagi tengdoshlaringizning xabari yo‘q. Va, aksincha, bizda nima gap, yozilayotgan, chop etilayotgan asarlarning mazmuni, g‘oyaviy-badiiy saviyasi qanday — buni sizlar bilmaysizlar. Bu ketishda bir-birimizdan juda uzoqlashib ketamiz. Bir-birimizni tanimay qolamiz. Borib-borib, bir-birimizga ishonchsizlik, hadik ko‘zi bilan qarash boshlanadi. Men aslo bo‘rttirayotganim yo‘q. Beparvo yuraversak, bir-birimizga intilmasak, shu darajaga tushishimiz aniq. Bu — tuzatish qiyin bo‘lgan katta ma’naviy fojia bo‘ladi...”

Adibning jon kuydirib aytgan ushbu so‘zlarida naqadar haqiqat mujassam ekanini bugun barchamiz chuqur anglab yetdik. Prezidentimizning mintaqaviy xavfsizlik va bar-qarorlikni ta’minlash, ahil qo‘shnichilik, hamjihatlik hamda o‘zaro ishonchga asoslangan siyosati o‘zbek va qirg‘iz xalqlari hayotida yangi sahifa ochdi. Davlatlarimiz o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy munosabatlar kuchayishi bilan birga, madaniy aloqalar ham izchil taraqqiy etib borayapti.

O‘zbekistonda ham, Qirg‘izistonda ham xalqlarimizning boy tarixiy merosi, tili, madaniyati, qadriyatlari asrab-avaylanmoqda. Madaniy, ijodiy, jamoat tashkilotlari hamda uyushmalari o‘rtasida aloqalar qo‘llab-quvvatlanayapti. Har ikki mamlakatda tashkil qilinayotgan madaniyat kunlari, kino va teatr jamoalarining ijodiy safarlari, adabiyot, san’at hamda fan arboblari ijodi va faoliyatiga bag‘ishlangan tadbirlar ana shundan -dalolat beradi.

Prezidentimiz qaroriga muvofiq, Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi yuqori saviyada nishonlanishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichda davom ettirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan “Chingiz Aytmatov va O‘zbekiston” nomli xotira kitobi chop qilinadi, adib hayoti hamda ijodiy faoliyati haqida hujjatli film suratga olinadi, asarlari yangidan sahnalashtiriladi, xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkent shahrining markaziy ko‘chalaridan biriga nomi beriladi, Parkent tumanidagi 33-maktabda byusti o‘rnatiladi, “Chingiz Aytmatov va o‘zbek adabiyoti” mavzuida ilmiy konferensiya, ta’lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari hamda mahallalarda taniqli shoirlar, yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar o‘tkaziladi.

Chingiz Aytmatov bir suhbatda “Adabiyot turli millat va elatlarning boshini biriktiradi, kerak bo‘lsa, qit’alarni qit’alar bilan do‘stlashtiradi”, degan edi. O‘z hayotini adabiyotga, tinchlik, do‘stlik, hamkorlik, mehr-oqibat, inoqlik kabi ezgu g‘oyalarni targ‘ib etishga bag‘ishlagan ushbu siymo barchamiz uchun ibrat timsoli bo‘lib qoladi.

Asil RASHIDOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?