“Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildlik kitobi nashr qilinmoqda

16:21 25 Dekabr 2018 Madaniyat
1189 0

Arxiv foto

“Xalq soʻzi Online”. Dilmurod Sodiqov. Mamlakatimizda xalq ijodiyotining bu ulkan merosini asrab-avaylash va uning eng yaxshi namunalarini keng targʻib etish borasida ibratli ishlar olib borilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 7 oktyabrdagi “2010 — 2020 yillarga moʻljallangan nomoddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash, targʻib qilish va ulardan foydalanish Davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori xalqimiz badiiy tafakkurining tarixiy-tadrijiy rivoji va taraqqiyot qonuniyatlarini oʻzida aks ettirgan bu muhtasham maʼnaviy qadriyatlar silsilasini chuqur oʻrganish va ommalashtirishda muhim omil boʻlmoqda.

Olimlar tomonidan hozirgi kunga qadar mazkur yuz jildlikning 50 dan ortiq jildi nashrga tayyorlandi. Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan 2015 — 2018 yillarda uning dastlabki 13 jildi chop etildi.

Joriy yilda “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligining yetti jildi va janubiy Tojikistonda yashovchi oʻzbeklarning ertaklaridan tuzilgan “Donishand Iskandar” nomli 50-jildi nashrga tayyorlandi.

Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori institutida “Nomoddiy madaniy meros obyektlarini himoya qilish, asrash, targʻib qilish va ulardan foydalanish borasida belgilangan chora-tadbirlar” mavzuida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida shu haqda atroflicha maʼlumot berildi.

Bu jarayonda “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligining navbatdagi jildlarini akademik nashrga tayyorlash ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Mazkur Davlat dasturi asosida “Oʻzbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildlik kitobi ustida ish olib borilmoqda. Mazkur 100 jildlik oʻzbek xalq ogʻzaki poetik ijodi asarlarining eng mukammal namunalarini qamrab oladi. Ushbu nashrning 59 jildi dostonlar, 10 jildi xalq qoʻshiqlari, 12 jildi ertaklar, qolgan jildlar esa terma, afsona, rivoyat, naql, maqol, topishmoq, askiya, lof, latifa, ogʻzaki drama, bolalar folklori va boshqa janrlardan iborat boʻladi.

Tadqiqot natijalariga koʻra, oʻzbek folklorshunosligi tarixida yana oʻnlab dostonlar ilk bor nashrga tayyorlandi. Bu ishlar yana davom ettiriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?