O’zbek ipakchiligi: Puxta huquqiy asos, yangi tashkiliy tizim va innovatsion texnologiyalar

18:16 04 Aprel 2018 Iqtisodiyot
1202 0

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bundan bir yil muqaddam “O’zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etilgandan so’ng pillachilik sohasini rivojlantirish borasida ijobiy qadamlar tashlanib, tarmoqda o’nglanish, rivojlanish kuzatila boshlandi.

O’zbekiston — ipakchilik sohasida boy tajriba, yuksak salohiyatga ega mamlakat. YUNESKO tomonidan o’zbek shoyi matolari — atlas va adras tayyorlashning qadimiy texnologiyasi nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish ro’yxatiga kiritilgani buning amaliy tasdig’i, dunyo hamjamiyatining yuksak e’tirofidir. 

Biroq keyingi paytda ipakchiligimiz dovrug’i pasayib, aholi orasida ipak qurti parvarishlashga ishtiyoq susaygan edi. Oqibatda pilla etishtirish, uni chuqur qayta ishlash va eksport qilish ko’rsatkichlari keskin tushib ketdi. Shunday paytda Prezidentimizning 2017 yil 29 martdagi qarori bilan tarkibida 210 ga yaqin korxona hamda tashkilotlarni birlashtirgan “O’zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etilgach, bamisoli ko’pdan buyon ko’milib qolgan buloq ko’zi ochilgandek bo’ldi.

Takroriy pilla: tasavvurimizga sig’magan yangilik

Soha fidoyilarining e’tiroficha, 2017 yilda o’zbek pillachiligi tarixida yangi sahifa ochildi. Ya’ni ko’pchilikning tasavvuriga ham sig’magan ish — takroriy pilla etishtirish muvaffaqiyatli yo’lga qo’yildi: mamlakatimiz bo’yicha ikki marta, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida esa hatto uch marta ipak qurti parvarishlanib, sanoatbop pilla olindi.

— Ilgari yilda bir marta ham mo’ljaldagi hosil olinmagan yurtimiz sharoitida erishilgan natija hammaning havasini keltirmoqda, — deydi “O’zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov. — Joriy yilda uch marta, keyingi yillarda esa to’rt martadan ortiq “kumush tola” etishtiramiz. Yangilikni amaliyotda qo’llash uchun katta mablag’ sarflanmadi. Balandparvoz gaplar, bir necha yillar ilgari ishlab chiqilib, amaliy natija bermagan “indeks”lardan voz kechilgan holda, oddiy hamda puxta hisob-kitoblar asosiga qurilgan loyihalar real hayotga tatbiq etildi, xolos.

Shu bilan birga, xorij tajribasi chuqur o’rganilib, innovatsion g’oya va texnologiyalar keng joriy etila boshlandi. Bunda nainki ipak qurti parvarishlash jarayoniga, balki ozuqa etishtirish, zarur uskuna hamda jihozlar etkazib berish, qayta ishlash bosqichlariga ham ilg’or ishlanmalarni tatbiq qilish chora-tadbirlari ko’rilayapti. Shu ma’noda, innovatsion pillaxonalar yangicha ish tarzimizning dastlabki mevasi bo’ldi.
Shu o’rinda yana bir muhim omilni alohida ta’kidlash joiz. U ham bo’lsa, pillachillarning moddiy manfaatdorligi oshirilib, har tomonlama g’amxo’rlik ko’rsatilayotganidir. Gap shundaki, uy sharoitida pilla etishtirgan fuqarolar daromad solig’idan ozod qilinib, ularning bir mavsum ishlagan davrlari pensiya tayinlash uchun bir yil mehnat stajiga o’tishi huquqiy jihatdan kafolatlangani pillachilik bilan shug’ullanib kelayotgan opa-singillarimiz uchun juda katta rag’bat bo’ldi. 

Davlatimiz rahbari shu yilning yanvar oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog’ida respublikamiz bo’yicha barpo etilgan 220 dan ortiq maxsus pilla etishtirish majmualaridan biri — Termiz tumanidagi “Inter Silk Pro” qo’shma korxonasiga qarashli pillaxona faoliyati bilan tanishar ekan, kelgusi besh yilda bunday pillaxonalarni 10 mingtaga, eksport hajmini esa yiliga 1 milliard AQSh dollariga etkazish haqida mutasaddilarga topshiriq berdi. Shunga muvofiq, mamlakatimizda ipakchilik sanoatini rivojlantirish bo’yicha “yo’l xaritasi” ishlab chiqildi. Unga ko’ra, joriy yilning o’zida 1000 ta ana shunday ob’ektni bunyod qilish ishlari jadallashtirib yuborildi. Bunda respublikamizdagi mavjud 43 ming gektar tutzorlar uyushma tasarrufiga o’tkazilayotgani ayni muddao bo’ldi. Uning har besh gektarida bittadan innovatsion pilla etishtirish maskani barpo etilayapti.

Ta’kidlash kerakki, ushbu pillaxonalarning afzalliklari ko’p. Ularda ipak qurti Xitoy texnologiyasi asosida plyonka ostida parvarishlanayotgani bois ozuqa sarfi 30 foizgacha kamayadi. Bargning qotib qolib, behuda yo’qotilishining oldi olinadi. Hududlar tabiiy-iqlim sharoiti inobatga olingan holda, imorati to’liq mahalliy xom ashyodan qurilgani tufayli esa iqtisodiy jihatdan tejamlidir. Yana bir muhim tomoni, bahorda issiq, yozda salqin bo’lishi hisobiga energiya resurslari sarfi o’ta kamdir. Eng asosiysi, mazkur usulda sun’iy dastadan foydalanilishi tufayli jahon standartlariga mos, yuqori sifatli pilla olinadi.

E’TIROF: 

O’zbekiston ipakchilik sanoati salohiyati nihoyatda yuqori. Ayniqsa, tabiati qulay bo’lib, bir yilda 3-4 marta pilla etishtirish imkonini beradi. Bizning kompaniyamiz tutchilikka ixtisoslashtirilgan. Dastlab Surxondaryo viloyatiga 1 million tup hosildor tut ko’chati etkazib bergan edik. Ular hudud iqlim sharoitiga moslashib, baravj o’sayotganini ko’rib, juda quvondik. Hamkorlik aloqalarimiz yil sayin mustahkamlanib, issiq va sovuq havo haroratiga chidamli, eng muhimi, yumshoq barg beradigan tutzor barpo qilishda faol ishtirok etayapmiz .

Su Ping Xua, Xitoyning “Sin Fu” kompaniyasi rahbari.

Qachongacha xorijga ko’z tikamiz?

Uyushmadan ma’lum qilishlaricha, yurtimizda bu yil uch marta ipak qurti parvarishlash belgilangan bo’lib, ayni paytda bahorgi pilla mavsumi boshlandi. Ikkinchisi may, uchinchisi esa avgust oylariga mo’ljallanmoqda.

Bahorgi mavsumda respublikamiz bo’yicha jami 330 ming quti ipak qurti parvarishlanib, 18 ming tonna pilla olish rejalashtirilgan. Lekin ko’ngilni xijil etadigan jihat shuki, buning uchun zarur bo’lgan urug’likning asosiy qismi, aniqrog’i, 300 ming qutisi Xitoydan olib kelindi. Nega?

— Ochig’i, tarmoq rivojini ortga tortayotgan masalalardan biri sifatli urug’lik etarli miqdorda etkazib berilmayotgani edi, — deydi “O’zbekipaksanoat” uyushmasi raisi o’rinbosari Olimjon Jumaev. — Shu bois uning echimi diqqat-e’tiborimizda turibdi. Tasdiqlangan “yo’l xaritasi”ga binoan, ipak qurti urug’i etishtirishga ixtisoslashtirilgan mavjud korxonalar 2021 yilgacha tubdan modernizatsiya qilinadi. Bu jarayonda nafaqat xorijning eng ilg’or texnologiyalari, balki sohada yuqori malaka va tajribaga ega mutaxassislar ham jalb etilayapti. Bu esa deyarli inqirozga uchragan ipak qurti urug’chiligi qayta oyoqqa turishiga mustahkam poydevor bo’ladi.

Chindan ham, hozirgi kunda Namangan, Surxondaryo, Navoiy, Qashqadaryo hamda Samarqand viloyatlarida xorijning nufuzli kompaniyalari ko’magida beshta zamonaviy urug’chilik korxonasi ishga tushirilish arafasida. Ular tomonidan kelgusi yilning o’zida 100 ming quti ipak qurti urug’i etkazib beriladi. Bu ko’rsatkich yil sayin ortishi import hajmini bosqichma-bosqich kamaytirishga, 2021 yildan e’tiboran ichki ehtiyojni to’liq ta’minlashga olib keladi.

Yaqinda Angor tumanida xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil qilingan “Huashen Silkworm Pro” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham ipak qurti etishtirishga ixtisoslashtirilgan. Uning loyihaviy quvvati 100 ming quti yuqori sifatli urug’lik etkazib berishga mo’ljallangan. Korxonaning foydalanishga topshirilgan dastlabki bosqichida 11,5 ming quti ipak qurti urug’ini tayyorlash imkoniyatiga ega bo’lindi. Kelgusi yilda jamiyat quvvati oshirilib, Surxondaryo viloyatining ipak qurti urug’iga bo’lgan talabi to’liq ta’minlanadi.

Amaliyotga tatbiq qilingan yangi tizim asosida urug’chilik zavodlari mutaxassislari endilikda fermer xo’jaliklari hamda kasanachilar bilan mustahkam aloqa o’rnatib, mavsum davomida ipak qurtlarining yashovchanligi, ularning rivojlanishini muntazam monitoring qilib borishadi. Shu tariqa yo’l qo’yilgan xato va kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish choralari ko’riladi. Bu esa pillachilarga sifatli mahalliy zot hamda duragaylarni to’liq etkazib berishda ko’l keladi, albatta.

Klaster usulida daromad 4-5 barobar ortadi
Ipakchilik sohasida etakchi hisoblangan Xitoy, Hindiston, Yaponiya, Janubiy Koreya kabi davlatlar investorlari bugun O’zbekistonga ishonchli hamkor sifatida qaramoqda. Buning asosiy sababi, pillachilik qisqa vaqt ichida mavsumiy tarmoqdan doimiyga aylantirilib, qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilganidir.
Gap shundaki, yurtimizda tarkibida kamida 4-5 ta korxonani birlashtirgan pillachilik-klasterlari yaratish sa’y-harakatlari allaqachon boshlab yuborildi. Ularda ipak qurti ozuqasini etishtirishdan tortib, pilla olish, ipak yigirish, mato to’qish va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo’lgan barcha bosqich qamrab olinadi.
Shu bilan birga, foydalanishga topshirilayotgan pillachilik majmualari qoshida parrandachilik, asalarichilik, chorvachilik hamda quyonchilikni rivojlantirish, ikkilamchi qishloq xo’jaligi mahsulotlari etishtirish imkoniyati paydo bo’layapti.

— Jahon tajribasidan ma’lumki, pilla etishtirish o’ziga xos faoliyat turi bo’lib, unda muvaffaqiyatga erishish ishni tizimli yo’lga qo’yishga bog’liq, — deydi B. Sharipov. — Shu bois yurtimizda zanjirsimon usul amaliyotda qo’llanila boshlandi. 

Chunki daromadning asosiy qismini tayyor mahsulot ishlab chiqarganlar ilib ketishadi. O’zingiz bir hisoblab ko’ring. Jahon bozorida bir kilogramm ipakning bahosi 38 — 40 AQSh dollariga teng. Agar u kalava qilinsa, narxi 55 dollargacha ortadi. Undan mato to’qib, kiyim-kechak tikib sotilsa, daromad 3 barobar ko’payadi. Vaholonki, ipak kalavasining har bir kilogrammidan 11 metrgacha mato to’qiladi.
Xuddi shuningdek, gilamchilikni rivojlantirish ham koni foyda. Masalan, bitta gilam to’qish uchun o’rtacha 10 kilogramm ipak kalavasi kerak, xolos. Shu hisobda, ipak ip uchun 500 — 600 dollar atrofida mablag’ sarflanadi. Gilam tayyor bo’lgach, uning bahosi 10 marotaba oshib ketadi!

E’TIROF:

O’zbekistonning bu qadar rivojlangan, obod yurt ekanini bilmagan edim. Xalqlarimiz o’rtasida o’xshashliklar ham ko’p ekan: boshqalarga hurmat ko’rsatuvchi, samimiy. Biz yurtingiz ishbilarmonlari bilan ipakchilik hamda sayyohlik sohasida hamkorlikni kengaytirish istagidamiz. Eng avvalo, ipak sayyohligini yo’lga qo’yib, tutzorlar yaratishda qatnashmoqchimiz. Tut shoxlaridan esa birgalikda mebelsozlik sanoati uchun kerakli mahsulotlar ishlab chiqarish niyatimiz bor. 

Bergit Nevala, Finlyandiya halqaro biznes hamkorlikni rivojlantirish tashkiloti direktorii.

Tut bargidan choy, g’umbakdan esa yog’

Tarmoqda yuz berayotgan yangilanishlar, yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar innovatsion loyihalar ijrosiga ham keng yo’l ochib, noan’anaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yishda rag’batlantiruvchi omilga aylangan. Negaki, ilgari pillachilikda faqat tola olingan bo’lsa, bugun ipak momig’i tayyorlanayapti. Tut bargidan shifobaxsh choy, ipak qurti g’umbagidan esa antiqa yog’ ishlab chiqarilish arafasida ekanligi tahsinga loyiq.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bir litr g’umbak yog’i jahon bozorida 200 dollar atrofida baholanadi. Biroq shu paytgacha g’umbakning har kilogrammi parrandachilik, baliqchilik sanoati korxonalariga ozuqa sifatida 3-4 ming so’mga sotilgan, xolos.

Farmakologiya va kosmetologiya sanoatining muhim xom ashyosi sanalgan g’umbak yog’iga tashqi bozorda talab g’oyat yuqori. U xushro’ylashtiruvchi sovun hamda shampunlar, shuningdek, malham va surtmalar ishlab chiqarishda asosiy xom ashyo hisoblanadi. Bunday vositalar jarrohlikdan keyin qolgan chandiqlarni yo’qotish, soch to’kilishining oldini olish xususiyatiga egaligi bilan alohida qadrlanadi.
Bugungi kunda g’umbak yog’i korxonasi uchun zarur uskunalar Xitoy kompaniyalari bilan erishilgan kelishuvga ko’ra, yurtimizga keltirilmoqda.

Buxoroda faoliyat boshlaydigan yana bir korxonada esa tut bargidan ekologik toza choy ishlab chiqariladi. Ilgari bunday mahsulotlar Xitoydan keltirilgan bo’lsa, hademay, O’zbekiston uni eksport qiluvchilar safidan joy oladi.

Mamlakatimizda tutchoy ishlab chiqarish tabiiy imkoniyati nihoyatda katta. Chunki tutzorlarning har gektaridan 52,5 tonnadan tut bargi yig’ib olish mumkin. Shu bois joriy yilda foydalanishga topshiriladigan zavodning o’zida 218 tonna choy ishlab chiqarilishi ko’zda tutilgan. Natijada 1500 ta mavsumiy va 50 doimiy ish o’rni yaratilib, shu yilning o’zida 1,4 million dollarlik choy eksport qilinadi.
Kelgusida bunday korxonalar respublikamizning boshqa hududlarida ham barpo etiladi. Ular uchun xom ashyoning asosiy qismi kuzda jamg’ariladi. Bu paytda bahorgi mavsumdagidan 7 marta kam ipak qurti parvarishlanishini inobatga oladigan bo’lsak, barg tanqisligi aslo yuzaga kelmaydi. Qolaversa, tutchilikda innovatsiya qo’llanilib, o’rma tutzorlar barpo etilayaptiki, ular yiliga uch-to’rt marta barg beradi. Shuning hisobiga yurtimizda takroriy pilla etishtiruvchi kasanachilaru qayta ishlovchilar barg bilan barqaror ta’minlanadi.

Kamalak tusli matolar jilosi

Buyuk Ipak yo’lida joylashgan O’zbekiston ipakchiligi ko’p asrlik tarixga ega. Bugun azaliy an’analar yanada sayqallanib, milliy iftixorimizga aylangan matolar sanoat usulida ishlab chiqarilayotir. Axir xom ashyoning serobligi qayta ishlash quvvatlarini oshirishni taqozo qilayapti. Keyingi paytda ipak yigirish va mato to’qishga ixtisoslashtirilgan ko’plab loyihalar amalga oshirilayotganining boisi shunda.
Darhaqiqat, ayni paytda Andijon, Sirdaryo, Xorazm, Jizzax, Buxoro, Qashqadaryo viloyatlarida ana shunday korxonalar barpo etilmoqda. “Andijon silk” shulardan biri bo’lib, bu erda joriy yilning may oyida dastlabki mahsulot tayyorlanadi. Mingdan ortiq ish o’rinlari yaratiladigan mazkur xo’jalik yurituvchi sub’ekt tasarrufida maxsus qurtxona, quruq pillani qayta ishlash, ipak o’rash, yigiruv hamda tikuv tsexlari faoliyat ko’rsatadi. Buning evaziga ipakli matolardan kiyim-kechaklar, shuningdek, ipak momig’idan ko’rpa, yostiq, to’shaklar ishlab chiqariladi. Mahsulotlarning asosiy qismi eksport qilinishi ko’zda tutilgan. Ya’ni birinchi yil 3,5 million, ikkinchi yilda esa 12 million dollarlik xalq iste’moli mollari tashqi bozorga jo’natiladi.
Yangi quvvatlarni barpo etishda “Buxoro brilliant silk” korxonasi tajriba maydoni vazifasini o’tayotgani bilan ahamiyatlidir. Negaki, tashqi bozordan mustahkam joy egallagan mazkur korxona o’zbek ipakchiligi shuhratini yoyishda katta rol o’ynayapti. O’tgan yili Hindiston, Eron, Turkiya, Vetnam va boshqa mamlakatlarga 2,5 million dollarlik mahsulotlar eksport qilingani, joriy yilda bu ko’rsatkich 3,5 million dollarga etkazilishi mo’ljallanayotgani bunga asos bo’la oladi.
Korxonaning “Yulduzlar”, “Bahor”, “Binafsha”, “Nastarin”, “Atirgul”, “Yomg’ir”, “Kamalak” deya nomlangan tabiiy matolari esa ichki bozorda ham xaridorgir. Ular rangining yorqinligi, suv hamda quyosh nuriga chidamliligi, har qanday iqlimga mosligi bilan barchaga manzur bo’lmoqda. 

15 million dollarlik investitsiya jalb etiladi
O’zbekiston ipakchilik sohasida qo’lga kiritayotgan shu kabi yutuqlar xalqaro hamjamiyatning qiziqishini oshirmoqda. Joriy yil 9 — 13 aprel kunlari bo’lib o’tadigan Osiyo — Evropa ipakchilik forumi mezboni sifatida hunarmandu kosiblar yurti hisoblangan Buxoro shahri tanlangani fikrimiz tasdig’idir.

Italiya ipak assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda yurtimizda birinchi marta tashkil etilayotgan mazkur nufuzli anjuman 2017 yil dekabr oyida Vena shahri (Avstriya)da o’tkazilgan O’zbekiston — Evropa xalqaro ipakchilik forumining mantiqiy davomi ekanligi bilan ham ahamiyatlidir. Unda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO), Oziq-ovqat va qishloq xo’jaligi tashkiloti (FAO), Italiya ipak assotsiatsiyasi rahbari Stefana Vitali rahbarligida ishbilarmon doiralar vakillari, chet ellik investorlar, salohiyatli tadbirkorlar, soha mutaxassislari, olimlar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar hamda moliya institutlari mas’ul xodimlari qatnashishi kutilayapti.

Forum doirasida mamlakatimiz pillachilik tarmog’iga 1 million AQSh dollari miqdoridagi grant mablag’lari va 15 million dollarlik imtiyozli kredit ajratish yuzasidan memorandum-kelishuvlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Aytish joizki, shu paytga qadar sohada Xitoy, Vetnam kabi qirqdan ortiq davlatlar sarmoyasi ishtirokida qo’shma korxonalar tashkil qilingan bo’lsa, endi Italiya, Frantsiya, Germaniya kabi Evropa davlatlari bilan hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Binobarin, jalb etilayotgan investitsiyalarning salmoqli qismi O’zbekistonda tajriba loyihalarni amalga oshirish mo’ljallangan Evropa sanoat parki ijrosiga yo’naltiriladi.

Ko’rinib turibdiki, yangicha ish tutumi, sohaga innovatsion yondashuv tanazzul yoqasiga kelib qolgan pillachilik tarmog’ini qayta tiklabgina qolmasdan, balki uning taraqqiyot sari yuz burishiga keng yo’l ochib berdi. Zotan, yurtimizda olib borilayotgan shiddatli islohotlardan ko’zlangan maqsad ham shu — qaysi soha bo’lmasin, uni odamlar uchun muhim daromad manbaiga, iqtisodiyotimiz tayanchiga aylantirish.

Said RAHMONOV,
«Xalq so’zi» muxbiri.


 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?