O‘zbek ipagi: ilg‘or loyihalar va amaliy tajriba

10:56 20 Aprel 2018 Iqtisodiyot
583 0
Foto: do.ngs.ru

Ilgari faqat aslzodayu kiborlar libosi sanalgan ipakli kiyim-kechaklar bugun dunyo aholisining barcha qatlami orasida urfga kirmoqda. Sababi, ipakli matolar tabiiyligi, kishi tanasiga xush yoquvchi mayinligi, eng asosiysi, jozibali rangi bilan xaridorlarni maftun etadi. Qolaversa, endilikda uning bahosi ham u qadar qimmat emas. Ayni shu jihatlar ipakchilik sanoatida boy tajribaga ega O‘zbekiston mahsulotlariga bo‘lgan talabni tobora kuchaytirmoqda.

Chindan ham, “O‘zbekipaksanoat” uyushmasidan ma’lum qilishlaricha, yurtimizda 2018 yilning birinchi choragida 165 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari, 19,7 milliard so‘mlik xalq iste’moli mollari, 683,3 tonna xom ipak, 1034 ming pogon metr ipakli gazlama ishlab chiqarildi. Shu davrda rejadagiga nisbatan 2,3 marta ko‘p, ya’ni 9,6 million AQSh dollarilik eksport amaliyotlari bajarildi.

Xalqaro press-klubning “O‘zbek ipagi: yangi islohotlar davridagi muhim vazifalar ijrosi” mavzuidagi anjumanida tizimda qo‘lga kiritilayotgan shu kabi yutuqlar, uchrayotgan muammolar, istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.

— Mamlakatimizda pillachilik va u bilan bog‘liq tarmoqlarni rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilayotgani tufayli o‘tgan bir yil ichida mazkur soha qayta oyoqqa turib, rivojlanishning innovasion yo‘liga o‘tdi, — deydi “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari Olimjon Jumayev. — 2017 yilda ikki marta, joriy yilda esa uch marta ipak qurti parvarishlanishi chet ellik hamkorlarimizda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Chunki pilla yetishtirish hajmi ortib, qayta ishlash korxonalarining xom ashyoga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash sur’ati tobora ortmoqda.

Ta’kidlash kerakki, uyushma tashkil etilgunga qadar tizimdagi korxonalarni pilla bilan ta’minlash darajasi 17 foizga tushib qolgan edi. 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 54 foizga chiqarilgani quvonarli hol, albatta. Bundan tashqari, shu paytgacha pillakashlik sub’ektlarida faqatgina xom ipak ishlab chiqarilgan bo‘lsa, endilikda uning qatoriga ipak momig‘i, tayyor mato ham qo‘shildi. Tez orada foydalanishga topshiriladigan yangi quvvatlarda tut bargidan choy, ipak qurti g‘umbagidan moy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Umuman olganda, 2021 yilgacha ipakdan kamida 6 turdagi raqobatdosh mahsulot ishlab chiqarilib, eksportga yo‘naltiriladi.

— Moda yo‘nalishida ipakli gazlamalar bilan ishlash juda oson, — deydi BMT Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO)ning Markaziy Osiyo bo‘yicha menejeri Anita Travaini. — Chunki uning yorqin ranglari, nafisligi va o‘ta pishiqligi har qanday mavsumga mos liboslar kolleksiyasini yaratish imkonini beradi. Shu bois keyingi paytda Yevropada ipakli gazlamalarga bo‘lgan talab ortmoqda. Biz O‘zbekistonga kelib, uning ushbu sohada yuksak salohiyatga ega ekanligiga yana bir karra amin bo‘ldik. Sohani rivojlantirish yo‘lida hamkorlik qilish, buning uchun bor bilim va tajribamizni safarbar etishga tayyormiz.

O‘zbekiston 2017 yilda BMTning Xalqaro ipakchilik komissiyasiga a’zo bo‘lib kirgani xalqaro munosabatlarga yangicha ma’no-mazmun bag‘ishladi. Hozirgi paytda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi AQSh, Avstraliya, Kanada, Hindiston, Xitoy, Vetnam, Janubiy Koreya, Italiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Vengriya, Slovakiya kabi davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik aloqalari o‘rnatgan bo‘lib, birgalikda yirik loyihalar ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Ular orasida, ayniqsa, Italiya katta qiziqish bildirmoqda.

Ekspertlarning fikricha, ipakka eng katta qo‘shimcha qiymat ushbu davlatda qo‘shiladi. Jahon bozoriga yetkazib berilayotgan ipakli mahsulotlarning salmoqli qismi ham uning hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili eksport hajmi 1 milliard yevrodan oshgani fikrimiz tasdig‘idir. Qiziq jihati shundaki, buning uchun zarur xom ashyo Xitoydan olib kelinadi.

— Bugun yangi bozorlarga kirish, ishonchli hamkorlar topish harakatidamiz, — deydi Italiyaning “Ongetta” kompaniyasi ijrochi direktori Franchesko Onjetta. — O‘zbekiston ular orasida yetakchi bo‘lishi mumkin. Bu yerda ipakchilikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor savdo-sarmoyaviy aloqalarni yo‘lga qo‘yishga undamoqda. Biz yuqori sifatli o‘zbek ipagini xarid qilish, birgalikda qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishdan manfaatdormiz.

Xalqaro sintetik va ipak tolalar sanoati uyushmasining prezidenti Guido Tettamantining aytishicha, bugun xalqaro hamjamiyat o‘zbek ipakchilariga katta ishonch bilan qarashmoqda. Oxirgi yilda sohada ro‘y bergan o‘zgarishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar ipakchilik kompaniyalarini hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga undamoqda. Bu esa katta mas’uliyat yuklaydi. Amaliyotga innovatsion ishlanmalar, nou-xaularni izchil tatbiq qilib, faqat yuqori sifatli mahsulot yetkazib berishni taqozo etadi.

Aytib o‘tilganidek, Buxoro shahrida uyushtirilgan O‘zbekiston — Yevropa ipakchilik forumi ham ipakchilik jabhasida xalqaro munosabatlarni mustahkamlashda ayni muddao bo‘ldi.

Anjuman ishtirokchilariga uning doirasida asos solingan Yevropa va O‘rta Osiyo ipakchilik assotsiatsiyasi, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO) bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan “O‘zbekiston Respublikasi ipakchilik sektorida qo‘shilgan qiymatlar zanjirini takomillashtirish va eksport salohiyatini kuchaytirish: qishloq joylarda yuqori qo‘shilgan qiymat, yangi ish o‘rinlari va daromad manbaini yaratish” loyihasi haqida ham ma’lumotlar berildi.

Yakunda ta’kidlanganidek, ushbu jabhada erishilayotgan natijalar, to‘plangan amaliy tajribalar yaqin qo‘shni hamda iqtisodiy hamkor davlatlarga tatbiq qilinishi mo‘ljallanayotgani diqqatga sazovor.

Said RAHMONOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?