Oʻzbek giloslari Janubiy Koreya supermarketlarida sotilmoqda

13:12 23 May 2020 Iqtisodiyot
231 0

Bugun “Oʻzbekiston havo yoʻllari“ milliy aviakompaniyasining yuk tashish boʻyicha charter reysi bilan Koreya Respublikasining Inchon shahriga diyorimizda yetishtirilgan 17,8 tonna sarxil gilos yetkazib berildi. Bu ushbu mamlakatga yurtimizdan yuborilgan shunday mahsulotning ikkinchi partiyasidir. Bu haqda “Dunyo“ AA xabar berdi.
 

Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanida shakllantirilgan yuk Gold Dried Fruits Export kompaniyasi tomonidan Janubiy Koreyaning NK GlobalNet Co., Ltd. kompaniyasi manziliga yuborildi. Oʻzbek gilosi ushbu mamlakatdagi ulgurji va chakana savdo tarmoqlari boʻylab tarqatiladi.

Birinchi mahsulot 15-may kuni yetkazib berilgandi.
Qayd etib oʻtish lozim, Koreya hayvonlar va oʻsimliklar karantini agentligi tomonidan 2020-yildan boshlab Oʻzbekistonning oltita — “Gold Dried Fruits Export” (Toshkent shahri), “Uz-Segang” (Fargʻona viloyati), “Brand Investment Group Agro” (Andijon), “Pure Fruit Trade” (Namangan), “Namangan Agro Logistics” (Namangan) va “Samarkand Garden Plast” (Samarqand) kompaniyalariga ruxsatnomalar berilgan.

Mamlakatimizning Seuldagi diplomatik missiyasi Oʻzbekiston mahsulotlarini Koreya Respublikasida ilgari surish boʻyicha faol ishlarini davom ettirmoqda. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?