Xorijliklar qaysi filmlarimizga koʻproq xaridor boʻlishmoqda?

20:15 20 Mart 2019 Madaniyat
1093 0

Avval xabar berganimizdek, Respublika kinoprokat markazi shu yilning 18 mart kuni Xitoyning Gonkong shahrida boshlangan 23-Xalqaro “FILMART” kino va televizion filmlar kino bozorida ishtirok etish orqali ilk marotaba oʻzbek milliy filmlarini xalqaro maydonda taqdim qilmoqda. Bu haqda “Xalq soʻzi ONLINE”ga Respublika kinoprokat markazining PR va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash boʻlimi boshligʻi Shoira Raufboyeva xabar berdi.

Mazkur yirik tadbirning ikkinchi ish kunidan olingan maʼlumotlarga koʻra, dunyoning 40 ga yaqin davlatlaridan ishtirok etayotgan 850 taga yaqin kompaniyalar, distribyuterlar va xaridorlar qatorida mamlakatimiz vakillari ham oʻz mahsulotlarini xalqaro kinoprokatga chiqarish, chet el telekanallariga sotish hamda yurtimizda hamkorlikda filmlar ishlab chiqarish masalalari boʻyicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar oʻtkazib, shartnomalar imzoladi.

Jumladan, Gonkongning “Digital Content So., llc” hamda AQSHning “All Rights Entertainment” distribyuterlik kompaniyalari bundan buyon oʻzbek milliy filmlarini barcha xalqaro kino bozorlarida targʻib qilish va ularni sotishda Respublika kinoprokat markazi bilan hamkorlik qilishi kelishilgan.

Bundan tashqari, Singapurning “BOMANBRIDGE” kompaniyasi kino bozoriga olib borilgan “Oʻzbekiston — Islom sivilizatsiyasi markazi”, “Xojai jahon Abduxoliq Gʻijduvoniy”, “Qadimiy Buxoro”, “Xoja Bahovuddin Naqshband” kabi hujjatli filmlarni Janubi-Sharqiy Osiyodagi musulmon aholiga ega mamlakatlarda Ramazon oyi arafasida telekanallarda keng namoyish etish uchun xarid qilish taklifi bilan chiqqan.

Shuningdek, Fransiya, Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Hindiston, Malayziya, Indoneziya va Tayvan kabi boshqa koʻplab mamlakatlar kinokompaniyalari ham Oʻzbekistonda filmlar suratga olishga qiziqish bildirib, mavjud kino loyihalarini mamlakatimizda birgalikda amalga oshirish boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishilgan.

Aytish joizki, ushbu kino bozorida Respublika kinoprokat markazining ishtirok etishini tashkil qilish ishlariga konsultant sifatida jalb etilgan Italiyaning “RIA” televideniyesi vakili hamda koʻplab xalqaro kinofestivallar va kino bozorlar tashkilotchisi, tajribali mutaxassis Karlo Antonio Jentayl Respublika kinoprokat markaziga yaqindan koʻmaklashyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?