Oʻzbek filmlari ilk bor nufuzli xalqaro kinofestivalida mukofotlar uchun kurashadi

18:28 29 Noyabr 2019 Madaniyat
259 0

Oʻzbekistonlik yosh kinoijodkorlar joriy yilning 26-noyabridan 1-dekabriga qadar davom etadigan “DigiCon6 Asia Awards — 2019” xalqaro qisqa metrajli filmlar festivalida ishtirok etish uchun Gonkongga joʻnab ketdi.

Osiyo boʻyicha iqtidorli mualliflarni topish, tanitish va ularning ajoyib ishlari uchun ragʻbatlantirish maqsadida har yili kuzda oʻtkazib kelinadigan “DigiCon6 Asia Awards” mukofotiga oʻzbekistonlik yosh kinoijodkorlarning ikkita filmi — Shokir Xoliqovning “Choy” va Mahliyo Asqaraliyevaning “Sovgʻa”si taqdim etildi. Oʻzbekistonlik vakillar jami yetti kishidan iborat.

— Yosh kinoijodkorlar — milliy kinematografiyaning kelajagi, shu sabab ularning ijodiy mahorati oshishiga katta eʼtibor qaratish lozim, — deydi “Oʻzbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqov. — Bizning iqtidorli yigitlar bunday nufuzi festivalda Oʻzbekistonda yosh kinoijodkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va oʻzlarining qobiliyati tufayli ishtirok etishmoqda, deya qoʻshimcha qildi u.

— Kelgusida “Oʻzbekkino” yosh kinoijodkorlar mahoratini oshirish uchun ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida bir qator loyihalar tashkillashtirishini taʼkidlab oʻtdi Abduxoliqov.

— Biz “Oʻzbekkino” milliy agentligi qoshida Yoshlar ijodiy markazi va yoshlar ijodiy studiyasini tashkil etishni rejalashtiryapmiz. Bundan tashqari, barcha kerakli uskunalar bilan jihozlangan 150 oʻrinli ijodiy laboratoriyani ochishni moʻljalladik, deydi “Oʻzbekkino” rahbari.

Shuni qayd etish kerakki, “DigiCon6 Asia Awards”da Yaponiya, Xitoy, Gonkong, Hindiston, Indoneziya, Koreya, Malayziya, Singapur, Tayvan, Tailand davlatlari vakillari ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston festivalda ilk bor qatnashmoqda. Yaponiyaning yirik media kinokompaniyasi TBS kinofestival tashkilotchisi hisoblanadi.

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?