Oʻzbek filmi Gollivud durdonalari qatoriga qoʻyildi

16:10 18 Oktyabr 2018 Madaniyat
650 0

“Kino – bu eng zerikarli narsalar kesib tashlangan hayotdir”. Oʻzbekistonlik rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan “Islomxoʻja” filmi premyerasidan soʻng amerikalik muxlislardan biri “Oskar” mukofoti laureati boʻlgan afsonaviy rejissyor Alfred Xichkokning yuqoridagi soʻzlarini eslab oʻtdi.

Milliy kartinamiz birinchi namoyishi AQSHning 28-prezidenti Vudro Vilson sharafiga qurilgan yodgorlik majmuasida boʻlib oʻtdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Filmdan soʻng qizgʻin kechgan muhokamalarda V.Vilson markazi direktori Metyu Royanski, yozuvchi Natali Ruland, Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov va rejissyor Jahongir Ahmedov ishtirok etdi.

Orasida taniqli rejissyorlar, ssenariynavislar, prodyuserlar, kinotanqidchilar, rassomlar, sanʼatshunoslar, yozuvchilar, shuningdek, Vashingtondagi rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillari boʻlgan 200dan ortiq tomoshabin nafaqat film qanday suratga olingani, u tarixiy haqiqatlarga qay darajada mos tushishi, balki Oʻzbekiston kinematografiyasi rivojlanish istiqbollariga ham katta qiziqish bildirdi.

Mehmonlar oʻzbek rejissyori ijod mahsulini yuqori baholashib, uni Gollivud filmlari qatoriga qoʻyishdi. Bunday filmlar yuqori bahoga loyiqligi va jahon kinoindustriyasining ajralmas qismi ekanligi eʼtirof etildi. Uchrashuvda shu kabi oʻzbek kartinalarini Amerika ekranlariga chiqarish uchun kinoprokat imkoniyatlari koʻrib chiqildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?