Oʻzbek fenomeni: Shavkat Mirziyoyev siyosatining oʻziga xos jihati barkamol avlodni tarbiyalashdir

18:14 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
222 0

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz bosib oʻtgan yoʻlga baho berar ekanmiz, Oʻzbekistonning yanada gullab-yashnashi, xalqimiz turmush darajasi yanada koʻtarilishiga olib keluvchi yangi maqsadlarni ham belgilab olamiz. Bu borada davlatimiz rahbari iqtisodiyotning jadal oʻsishini taʼminlash va muhim ijtimoiy masalalarni hal etish bilan bir qatorda, har tomonlama rivojlangan yosh avlodni tarbiyalash, buning uchun barcha sharoitni yaratish masalasini birinchi galdagi vazifalar sirasiga kiritmoqda.

Shu oʻrinda eʼtirof etish joizki, Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda ilgari surayotgan gʻoya va tashabbuslarni Prezidentlikka saylanmasdan ancha oldin, xususan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida ishlab yurgan vaqtlaridayoq koʻngliga tugib yurgan. Oʻsha paytlarda Shavkat Miromonovich bilan birga ishlagan Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, akademik
Oqil SALIMOVdan shu haqda gapirib berishini soʻradik.

— Oqil Umurzoqovich, yaqinda xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda Prezidentimiz “Maktab, bu — hayot-mamot masalasi, kelajak masalasi”, deb aytish orqali Oʻzbekistonning kelgusi taraqqiyotida yoshlar tarbiyasi naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor taʼkidladilar...

— Mamlakat rahbarining bu soʻzlari isbot talab qilmaydigan haqiqat. Ota-onalar oʻz farzandlariga juda kichikligidan boshlab ezgulik, halollik, kattalarga hurmat tuygʻularini singdirishi lozim. Bolalarda rostgoʻylik, ilmga intilish, bezorilik qilmaslik kabi xislatlar odatga aylanishi kerak. Agar bu narsa bilan oilada shugʻullanilmasa, natijasi yaxshi boʻlishi qiyin. Negaki, maktabda oʻquvchi nafaqat bilim oladi, balki uning feʼl-atvori ham shakllanadi. Xulq-atvor esa insonning kelajakdagi taqdirini belgilaydi. Demak, ijobiy fazilatlarni shakllantirish, qobiliyat va iqtidorni rivojlantirish, qiziquvchanlik va faollikni ragʻbatlantirish bolalikdan boshlanadi.

Shavkat Miromonovich institut partiya tashkilotida ishlagan paytlar hamisha iqtidorli, faol yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlardi. Oʻsha vaqtlarda buning uchun alohida imkoniyatlar boʻlmagan. Lekin baribir munosib yoshlar taqdirlanar edi. Masalan, oddiygina — ataylab tayyorlangan koʻkrak nishonlarini eslaylik. Faol talabalarga shunday nishonlar topshirilganda, boshqalar ham ularga tenglashish uchun oʻqishda va jamoat ishlarida oʻzini koʻrsatishga harakat qilar edi.

Vatanini jon-dildan sevuvchi Shavkat Mirziyoyev oʻshandayoq siyosiy tuzum va mafkuradan qatʼi nazar, Oʻzbekistonni yoshlar quradi, degan gʻoyani oʻrtaga tashlagan. Boshqa sohalarda ham muammolar talaygina boʻlishiga qaramasdan, keyingi uch yildagi islohotlar aynan taʼlim sohasidan boshlangani bejiz emas.

Bu davlatimiz rahbari oʻsha davrdayoq, oʻzi yosh boʻlsa-da, bilim bilan bir qatorda, voqealar rivojini oldindan koʻra olish qobiliyatiga ega boʻlganidan darak beradi. Bunday xislat esa koʻpchilikda yetishmasdi. Shavkat Miromonovichga yana keng ­dunyoqarash ham yordam berdi. Natijada iqtisodiyotda, ijtimoiy sohada va nihoyat, odamlar ongida oʻzgarish yasash uchun, eng avvalo, taʼlim sohasini yangilash umummilliy maqsadga aylanishi kerak, degan tezis ilgari surildi. Bugungi kunda taʼlim-­tarbiya, maʼrifat sohasini qamrab olgan chuqur islohotlarning ildizi ham aynan shunda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev isteʼdodli, faol va tashabbuskor yigit-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga avvalgiday tayyor. Albatta, hozir buning uchun imkoniyat koʻproq. Har kuni guvohi boʻlayotganimizdek, yoshlarga vazirlik va idoralardagi yuqori lavozimlar ishonib topshirilmoqda, alohida oʻrnak koʻrsatganlarga davlat mukofotlari va unvonlar berilyapti, avtomashina, uy-joy taqdim etilmoqda. Bu nafaqat taqdirlanganlar, balki ularning tengqurlari uchun ham ragʻbatdir. Toʻgʻri-da, shunga erishmoqchi boʻlsang, sen ham harakat qil, oʻqishda, sanʼat yoki sportda oʻzingni koʻrsat!

Tarix guvohlik beradiki, buyuk islohotchi oʻzidan oldingi tartibni butunlay bekor qilib, hamma narsadan butunlay voz kechib emas, balki oqilona, barchasini taroziga solgan holda yondashib, yangiliklarga qoʻl uradi. Axir eski tizimning ham qaysidir jihatlari samarali boʻlgan, faqat uni zamon talabiga moslash kerakdir? Shunday qilib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan maktabgacha taʼlim tizimiga yangicha yondashuv joriy etildi. 11 yillik taʼlim qayta tiklandi va bu ota-onalar, butun jamoatchilik tomonidan quvonch bilan kutib olindi. Bular — puxta oʻylangan, hech mubolagʻasiz, mamlakatimiz kelajagi, taqdiriga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan qadamlar.

— Darhaqiqat, yoshlar uchun ragʻbat yetarli. Lekin, avvalo, iqtidorni aniqlash va uni rivojlantirishga yordam berish zarur. Buni qanday amalga oshirsa boʻladi?

— Javob berish uchun yana Shavkat Miromonovich bilan Toshkent irrigatsiya institutida birga ishlagan paytlarimga qaytaman. U jonajon oʻlkamiz isteʼdodli insonlarga boy, lekin oʻz isteʼdodini namoyon etish uchun hammadayam, ayniqsa, qishloq yoshlarida imkoniyat yoʻq, demak, bunday yoshlarni qoʻllab-quvvatlash lozim, derdi. Shuni hisobga olib, biz institutga yaqin joylashgan maktabning rahbari bilan kelishdik-da, qishloqlardan qobiliyatli bolalarni taklif qildik, ularni turarjoy bilan taʼminlab, ­ovqatlanishini tashkil etdik. Ularga tajribali ustozlar saboq bera boshlashdi. Keyinchalik litseylar aynan ana shu negizda ochildi. Unda taʼlim olgan yigit-qizlar institutga kirib, oliy maʼlumotli boʻlishdi. Hozirgi kunda koʻpchiligiagrar sohada samarali mehnat qilyapti.

Oʻshanda alohida bir oliy taʼlim muassasasi yoʻnalishidan kelib chiqqan boʻlsak, endi Shavkat Miromonovich davlat rahbari sifatida shu tashabbusni yanada keng qanot yozdirmoqda. Taʼbir joiz boʻlsa, iqtidorli yoshlarni izlab topish va qoʻllab-quvvatlashga juda katta eʼtibor qaratilyapti. Misol tariqasida, iqtidorli bolalar maktablari, buyuk allomalar nomi bilan ataluvchi maxsus oʻquv yurtlari, mashhur yozuvchi va shoirlar nomidagi ijod maktablari, “Temurbeklar maktabi” va ­Prezident maktabi singari yangi tipdagi maktablarni keltirish mumkin. Ularda ustoz va murabbiylar isteʼdodli oʻquvchilarga ijodiy va maʼnaviy salohiyatini toʻla namoyon etishda yordam beradilar.

Albatta, pedagoglarning oʻzi ham eʼtibordan chetda qolmadi. Axir ular ham barcha qatori ragʻbatni xohlashadi. Agar institutda ishlab yurganida Shavkat Mirziyoyev oʻqituvchilarni imkoniyat darajasida qoʻllab-quvvatlashga, yaʼni tovarlarning imtiyozli narxlarda sotilishi yoki vaqti-vaqti bilan bepul oziq-ovqat mahsulotlari ajratish kabi tadbirlarni amalga oshirishga erishgan boʻlsa, bugungi kunda birinchi rahbar tashabbusi bilan ustozlarga gʻamxoʻrlik oliy darajaga koʻtarilmoqda. Ularning oylik maoshi bir necha baravar koʻpaytirildi, jamiyatdagi obroʻsi oshirildi.

Esimda, viloyatlardan biriga borganimizda, oʻqituvchilar bilan uchrashuvda: “Tumaningiz hayotida qanday oʻzgarishlar boʻlyapti?”, degan savol tashlangan edi. Mahalliy maktabning matematika oʻqituvchisi tezda javob topa olmay, shoshib qoldi. Tuman miq­yosidagi amaldorlardan biri esa, ­oddiygina savolga javob bera olmaydigan qanaqa oʻqituvchi bu, deya tanbeh berdi. Kamtaringina muallima unday balandparvoz soʻzlarga oʻrganmaganini, kasbiy faoliyatidan tashqari oilaviy muammolari ham borligini oʻsha amaldor qayerdan ham bilsin? Ha, mahalliy hokimiyat vakillari baʼzan oddiy pedagoglarning kundalik turmushidagimuammolaridan bexabar qolgani ham bor gap. Shunday ekan, odamlarda va ayniqsa, rahbarlarda umuminsoniy qadriyatlarni tarbiyalash, ular ongiga taʼlim sifati “hayot-mamot masalasi” ekanini singdirish bugun judayam dolzarb vazifa. Yana shunisi muhimki, ushbu xayrli ishda hokimlar va hukumat ham, butun jamiyat va uning har bir aʼzosi ishtirok etishi zarur.

— Qadrdon zaminimiz isteʼdodlarga boy. Lekin yoshlarning hammasi ham turli sabablarga koʻra muayyan qobiliyatga ega boʻlmasligi mumkin. Bunday farzandlar bilan qanday ishlashimiz kerak?

— Iqtidorli bolalarni izlab topish va ragʻbatlantirish masalasida, tabiiyki, barcha oʻgʻil-qizlar haqida oʻylashimiz, ularga oʻz imkoniyatlarini namoyish etish uchun sharoit yaratib berishimiz kerak. Toʻgʻri, hamma ham ilm-fan, sport yoki sanʼatda katta yutuqqa erishavermaydi. Ammo har bir yosh haqiqiy inson oʻz Vatanining fidoyisi boʻlib ulgʻayishi shart.

Bir misol keltiraman. Barcha oliy taʼlim dargohlarida boʻlgani kabi, TIQXMIda ham institutga kira olmagan yoki ayrim sabablarga koʻra oʻqishini davom ettira olmay qolganlar bor edi. Xoʻsh, ular bilan qanday ish olib borish kerak? Kimdir: bu bilan institut rahbariyatining nima ishi bor, abituriyent kira olmadimi, uyiga qaytadi-da, deyishi mumkin. Bu faqat aytishga oson. Lekin, tasavvur qiling, ota-ona oʻgʻlini yaxshi mutaxassis boʻlib qaytadi, degan niyatda poytaxtga yuborgan. Oʻgʻil ham “boʻsh qoʻl bilan”qaytishga uyaladi. Oila aʼzolari yoki atrofdagilarning notoʻgʻri munosabati esa uni “sindirib” qoʻyishi mumkin. Chindan ham, bunday sharoitda oliy oʻquv yurtining rahbariyati biror narsaga majbur emas. Ammo... shunday yigitlarga yordam bersa boʻladimi?

Toshkent irrigatsiya institutida Shavkat Miromonovichning faol ishtiroki bilan maxsus kurslar tashkil etildi va talabalik baxtiga erisha olmagan abituriyentlarga, deylik, dehqonchilik asoslarini, sohaga tegishli eng zarur bilimlar hajmini egallash taklif qilindi. Ana oʻsha kurslarni tugatgan yigit-qizlarning koʻpchiligi oʻz uylariga oliy ­maʼlumot toʻgʻrisidagi diplom bilan boʻlmasa-da, yaxshigina mutaxassis boʻlib ­qaytishdi. Ular bugun — fermerlar. Nafaqat oilasi, balki hamqishloqlarining farovonligini taʼminlashmoqda, oʻz xoʻjaliklarida yangi ish oʻrinlari yaratishmoqda.

Demak, Prezidentimiz aytganidek, bugun yosh avlodning har bir vakili haqida qaygʻurishimiz kerak. Yoshlarga oid davlat siyosati ham aynan shunga yoʻnaltirilgan. Bu siyosatni amalga oshirishda hokimiyatning barcha boʻgʻini, vazirlik va idoralar, ­fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jamoat tashkilotlari, yaʼni hamma ishtirok etmoqda.

— Yoshlarga oid davlat siyosati doirasida olib bori­layotgan maqsadli ishlar Oʻzbekistonni yangi iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyot bosqichiga olib chiqishga qodir boʻlgan avlodni shakllantirishga qaratilgan. Bunday natijaga qanchalik tez erishish mumkin, deb oʻylaysiz?

— Bu ishga bir, ikki yo uch... (xullas, nechadir) yil kerak boʻladi, deb hisoblash notoʻgʻri. Taʼlim-tarbiya sohasini takomillashtirish, bar­kamol avlodni yetishtirish uchun sharoit yaratish bilan bogʻliq muammolar hali talaygina. Ularni hal qilish uchun esa koʻp mablagʻ va saʼy-harakatlar talab etiladi. Lekin hozirning oʻzidayoq sezilarli natijalarni koʻrishimiz mumkin. Taʼlim sifatini yaxshilash boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Misol uchun, yoshlarimiz jahondagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida yoki ularning Oʻzbekistonda ochilgan filiallarida oʻqishyapti. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida ishlayotgan rahbar xodimlar orasida yoshlar koʻpaymoqda. Yigit-qizlar iqtisodiyotning turli tarmoqlarida samarali mehnat qilishmoqda, tadbirkorlik bilan faol shugʻullani­shayotir. Turli xalqaro tanlov, olimpiada va sport musobaqalarida gʻolib boʻlib, sovrinli oʻrinlarni egallashmoqda.

Qisqacha aytganda, jarayon davom etyapti. U soʻzda emas, amalda boshlangan. Eng muhimi, mazkur jarayonga davlat darajasida, jumladan, shaxsan Prezident tomonidan katta eʼtibor berilmoqda.

“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?