Oʻzbek boks maktabining buyuk gʻalabalari qanday qoʻlga kiritilgan edi?

17:25 18 Noyabr 2020 Sport
675 0

Rio-de-Janeyro Olimpiadasi oʻzbek sportidagi  ulkan tarixiy voqelik boʻldi. Uning koʻlami yillar oʻtgani sayin yana-da salobatli koʻrinib, miqyosi kattalashaveradi. Ayniqsa, charm qoʻlqop ustalarining ketma-ket gʻalabasi barchamizni birdek  hayratga solgani ham bor gap!

Yodga oling-a! Soʻnggi ikki olimpiada bokschilarimiz uchun juda achinarli kechdi. 2016-yilgi Olimpiadani kuzata turib, gʻalaba uchun poydevor Riogacha qoʻyilganini ilgʻash qiyin emas edi. 2014-yilga qadar jahon chempionatlari va boshqa musobaqalardan quruq qaytish seriyasi davom etayotgan, Oʻzbekiston boksiga tajribali menejer, sport jonkuyari yetishmayotgan edi. Bokschilar oʻzlarini yoʻnaltira oladigan mutaxassisni sabrsizlik bilan kutishardi. Bunday boshqaruvchi – keng dunyoqarashga ega kreativ menejer, oʻsha paytda federatsiyaning birinchi vitse-prezidentligiga tayinlangan Sherzod Toshmatov boʻldi.

Sharq yakkakurashlari vakillari orasida taniqli boʻlgan sport mutaxassisi va zamonaviy tadbirkorning avvalgi faoliyatiga bir qur nazar solgan muxlislar unga Olimpiyaning nechogʻlik ishonib topshirilganini yaxshi bilishadi. 2011-yil muay-tay boʻyicha jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etgan Toshmatov fenomeni nafaqat ishqibozlar, balki hukumat rahbarlarini ham befarq qoldirmagandi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan mohir tashkilotchi deya eʼtirof etilgan Toshmatov biror ishga kirishdimi, uni mayda detallarigacha sinchkov oʻrganib amalga oshirishi bilan nazarga tushgandi. Musobaqa ham toʻy singari – keladigan mehmonlar ahvol-ruhiyasiga qarashu, tadbir oʻtadigan joyni did bilan bezatishgacha mezbon zimmasida. Toshmatovda ana shu jihatlar ustuvor edi. Sharq yakkakurashlari boʻyicha tashkil etilgan turli festivallar deysizmi, muay-tay boʻyicha professionallar oʻrtasidagi “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turnirlarimi – bularning bari eʼtirofga loyiq tarzda uyushtirilgan tadbir edi.

***

Boks bilan esa bunday boʻlishi qiyin. Chunki sharq yakkakurashlariga nisbatan olimpiya oilasi vakillari tabiatan birmuncha injiqroq, talabi bir bosh yuqori turadi. Ammo yangi rahbar tez orada qatʼiyatliligi, talabchanligi, muammolar qarshisida dovdirab qolmasligi, sport menejeriga xos noyob fazilati bilan Oʻzbekistonga boks kayfiyatini qaytara oldi, jamoa bilan tez til topishdi.

2014-yil Oʻzbekiston boks federatsiyasi vitse-prezidentligiga tayinlangach, Sherzod Toshmatov bu masʼuliyatli ishni oʻta ehtiyotkorlik bilan boshladi. Davlat va hukumat rahbariyati tomonidan sportni rivojlantirishga qaratayotgan yuksak eʼtibordan ruh va kuch oldi. Oldiga qatʼiy maqsadlar qoʻydi, yaxshi jamoa tuzdi, terma jamoa tarkibi va murabbiylar shtabini shakllantirdi.

...Mutaxassis ishni birinchi navbatda seleksiyadan boshladi. Jamoa  mukammal oʻrganildi. Murabbiylar eʼtiroziga qaramay, Toshmatov terma jamoani qaytadan shakllantirdi. 2015-yil Qatar mezbonlik qilgan jahon chempionatiga astoydil hozirlik koʻrildi, natijada 3 ta kumush va 3 ta bronza medal qoʻlga kiritildi. Bu yutuq bir yildan soʻng Riodagi Olimpiadaga boradigan terma jamoa kuchga toʻlib borayotganini amalda koʻrsatib bergandi. Umumjamoa hisobida erishilgan medallarga koʻra jadvalda 7-oʻrin asl salohiyatimizga mos emas, degan ishonch paydo boʻla boshladi.

Koʻpchilikning yodida bor, AIBA bilan xalqaro aloqalarni toʻgʻri yoʻlga qoʻya olgan Toshmatov toʻrt yillikning nufuzli musobaqasi oldidan boks boʻyicha  katta turnirlar: Butunjahon boks seriyasi (WSB) hamda APB saralash musobaqalarini ham poytaxtimizda tashkil etishga muvaffaq boʻldi. Butunjahon boks seriyasida yurtimiz sharafini “Uzbek Tigers” jamoasi himoya qildi. Toʻgʻri, bu jahon chempionati emas, lekin bu turnirda ham dunyoning yetakchi bokschilaridan tarkib topgan jamoalar ishtirok etdi. Oʻzbekistonlik muxlislar quvonchini aytmaysizmi?! Odamlar boks bilan uxlab, uning muhokamasi bilan uygʻonadigan boʻlishdi.

Yurtimizga hali qadami yetmagan Kuba, Angliya, Rossiya, Venesuela, Buyuk Britaniya, Qozogʻiston kabi mamlakatlarning kuchli bokschilari ishtirokidagi ajoyib boks kechalarini muxlislar zavq bilan tomosha qilishardi. Toshmatov fenomeni shu yerda ham bor boʻy-basti bilan namoyon boʻldi – musobaqalarni tashkil etishda hech bir jihat eʼtibordan chetda qolmadi. Muxlislar nafaqat Toshkentda, hatto Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ham bahslarni jonli koʻrish imkoniga ega boʻlishdi. Boks butun shukuhi bilan mamlakatga qaytdi, kattayu kichikda zabardast oʻgʻlonlarga nisbatan ishonch hissi ortdi.

***

Yana Rioga qaytamiz. Federatsiya rahbariyati oʻsha paytda iqlim sharoitiga moslashish, sportchilar ruhiyatiga salbiy taʼsir qiladigan omillarni yoʻq qilish maqsadida boks gegemoni hisoblangan Kuba jamoasi bilan ilk marotaba hamkorlikda yigʻin tashkil etdi. Olimpiadadan bir oy avval Rioga borgan jamoa yakunda “Rio–2016”dan 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medal bilan qaytdi. Oʻzbek boksi olimpiya tarixida ilk bor manaman degan jamoalarni ham gʻaflatda qoldirdi, umumjamoa hisobida Kuba, Rossiya, Qozogʻiston kabi asosiy taʼqibchilarini ortda qoldirib, tengsiz boʻla oldi. Biz boksda dunyoning eng kuchlilaridan biriga aylandik!

Oʻsha yilning dekabr oyida Sherzod Toshmatov Osiyo boks federatsiyasining vitse-prezidenti etib tayinlandi.  AIBAning  ijroiya qoʻmitasidagi eng yosh aʼzo sifatida ovoz berish huquqi bilan faoliyatini davom ettirdi.

2017-yilning 30-aprel–7-may kunlari Toshkent shahrida oʻtgan Osiyo chempionati Oʻzbekiston boks terma jamoasining mutlaq gʻalabasi bilan yakunlandi. 10 ta vazn toifasida oʻtgan chempionatning 9 vaznida oltin medal sohibi boʻlgan yigitlarimiz Osiyoda yangi rekord qayd etdi – qitʼa boks tarixida ilk marotaba 90 foizlik natijaga erishdi.

Gʻalabalar seriyasi davom etdi. 2018-yil Indoneziyadagi Osiyo oʻyinlarida 7 ta medalning 5 tasida oltinga ega boʻlgan asosiy tarkib   vakillari qitʼada ham birinchi boʻldi.

***

Gʻalaba va magʻlubiyat hamisha yonma-yon yuradi. Mashhur murabbiylardan biri Anatoliy Tarasovning bir gapi bor: “Hayotda ikkinchi boʻlimning oʻzi yoʻq, qiladigan ishing va vazifalaringni birinchi boʻlimda bajarib ol”. Oʻz vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan, nafaqat Osiyo va jahon, balki Olimpiya oʻyinlarida ham natija koʻrsata olgan Toshmatov shaxsiga nisbatan turlicha qarashlar va bosim paydo boʻla boshladi. 2018-yilda mamlakat sportining yangi rahbariyati Butunjahon boks seriyasi (WSB)da Oʻzbekiston sharafini himoya qilib kelayotgan “Uzbek Tigers” jamoasi faoliyatini toʻxtatishga qaror qildi. Federatsiya vitse-prezidenti ish faoliyatiga aralashuvlar uning ishchanlik kayfiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Ammo bu Sherzod Toshmatovni ruhan sindira olmadi.

Aksariyat hollarda rahbarlar aynan ish koʻrsatayotgan, yuqori natija qayd etayotgan mutaxassislarning ishidan kamchilik topishga, ularga xalaqit berishga, ijobiy natijalarni salbiy tomonga burib yuborishga urinishadi. Ayniqsa, sport sohasida bu qimmatga tushishi mumkin. Ortida barkamol va sogʻlom avlodni tarbiyalash, Vatan shaʼni va obroʻsi, olimpiya gʻoyalarini targʻib etishdek masʼuliyatli, zalvorli vazifa turganda, tirnoq ostidan kir izlash va shu orqali jarayonga aralashish kimlargadir yoqar, lekin undan davlat, xalq zarar koʻrishini bila turib, shaxsiy adovat tufayli Toshmatov amalga oshirgan ishlarni chippakka chiqarishga uringanlar ham koʻp boʻldi.

Qariyb bir yildirki, oʻz faoliyatidagi uchinchi sport tashkilotiga rahbarlik qilib kelayotgan yetakchi sport menejeriga Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisligi ishonib topshirildi. Bu yerda ham u yaxshi jamoani shakllantira oldi. Maqsad – oʻzbek taekvondosi yutuqlarini Olimpiadalarda namoyish etish.

16-noyabr kuni Milliy Olimpiya qoʻmitasining Bosh Assambleya yigʻilishi oʻtkazildi. Unda tashkiliy masalalarga  eʼtibor qaratildi. Xususan, kun tartibidan tashkilotga yangi rais oʻrinbosarini  saylash masalasi ham oʻrin oldi. MOQ rahbari sport faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish maqsadida joriy etilgan yangi rais oʻrinbosari vazifasiga nomzod boʻyicha ham taklifini ilgari surdi. U pandemiya sharoitida tezkor shtab tashkil etilgani, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari ishini muvofiqlashtirishga ehtiyoj tugʻilayotganiga alohida eʼtibor qaratdi. Delegatlar rais oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi lavozimiga koʻrsatilgan nomzod – Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Toshmatovni bir ovozdan maʼqulladi.

Davlatimiz rahbari boshchiligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sogʻlom avlodni tarbiyalash, yurtimizda olimpiya harakatini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratilyapti. Ana shu islohotlarning faol targʻibotchisi va izchil amalga oshiruvchisi sifatida oʻzbek sportida oʻz oʻrniga ega Sherzod Toshmatov kelgusida ham zimmasiga yuklatilgan masʼuliyatli ishda tub burilish yasab, sport ravnaqi yoʻlida astoydil mehnat qilishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?