Oʻzbek anorlari Fransiyadagi eng yirik bozor rastalarida ilk bor paydo boʻldi

14:47 01 Mart 2019 Jamiyat
728 0

Serquyosh diyorimizda yetishtirilgan anorlar Fransiyadagi eng yirik Rungis bozori rastalarida paydo boʻldi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Bu borada Commercial Fruits kompaniyasi oʻzbek anorlarining birinchi turkumi importchisiga aylandi. Uning direktori Gabriel Brunoning aytishicha, 25 yil davomida ular Peru va AQSHdan anor xarid qilib yurishgan, endi esa Oʻzbekiston bozoriga ham kirish yoʻli ochildi.

“Oʻzbekiston bozorimizdagi yangi yoʻnalish hisoblanadi. Shunga qaramay, uzoq masofadan mahsulotlarning oʻz vaqtida va sifatli yetkazib berilishi biz uchun yoqimli boʻldi”, - dedi u.

UzFranceTrade Oʻzbekiston-Fransiya savdo uyi raisi Xaled Bedaush mazkur yetkazma bir necha oy hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasi ekanligini taʼkidladi. Paris Royal doʻkonlar tarmogʻi egasi Vissem Goujaning eʼtirof etishicha esa Oʻzbekistondan keltirilgan bunday tabiiy neʼmatlarga nisbatan talab ortib boryapti.

Yevropaga mahsulotlar importi bilan shugʻullanadigan Theodora Group kompaniyasi bosh direktori Dildora Otajonovaning aytishicha, fransuz bozorining asosiy ajralib turadigan jihati bu qadoqlashdir. Yaʼni har bir quti bir xil vaznda boʻlishi kerak va mevalarni oʻrashga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

“Shular bilan bir qatorda yigʻish, sovitish, aniq oʻlchamlar asosida saralash va joʻnatish Yevropa bozoriga mahsulot yetkazib berishni tashkil qilishda katta rol oʻynaydi”, - dedi u.

Taʼkidlash joizki, Rungis faranglar yurtidagi eng yirik oziq-ovqat va logistika markazi hisoblanadi. Uning maydoni 234 gektar boʻlib, u yerda har kuni 16 million tonna sarxil mevalar, sabzavotlar, goʻsht, baliq, sut mahsulotlari va oʻsimliklar sotiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?