“Oʻzbek-afgʻon” doʻstlik oromgohi tashkil etildi

17:29 20 Avgust 2019 Jamiyat
143 0

20-avgust kuni Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi tomonidan Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida joylashgan Xalqaro yoshlar oromgohida “oʻzbek-afgʻon” doʻstlik oromgohi tashkil etildi. Unda jami 21 nafar Afgʻoniston Islom Respublikasida taʼlim olayotgan etnik oʻzbek talabalar, yoshlar tashkiloti xodimlari va 15 nafar oʻzbekistonlik faol yoshlar ishtirok etmoqda.

Dastlabki kun uchrashuvlar davomida oʻzbek va afgʻon yoshlari oʻrtasida “Tinchlik uchun” xayriya aksiyasi va Afgʻoniston Islom Respublikasida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda oʻzbek tilida faoliyat yuritayotgan umumiy oʻrta taʼlim maktablaridagi etnik oʻzbek oila farzandlariga oʻquv-qurollarini tarqatish kabi qator saxovat tadbirlarini oʻtkazishga kelishib olindi.

Loyiha doirasida Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi yoshlar tashkiloti vakillari bilan uchrashuvlar, Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosati boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishuv, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi hamda Oʻzbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi faoliyati yuzasidan taqdimotlar, Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniy merosi bilan tanishtiruvchi maʼruza soatlari hamda oʻzbek tili darslari, sayohat va konsert dasturlari tashkil etiladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston tarixiga oid maʼlumotlar berilib, interaktiv shaklda oʻzbek tili oʻrgatiladi. “Oʻzbekkino” binosiga tashrif buyuriladi. Bundan tashqari, “Doʻstlik” futbol turniri,“Kvest” oʻyinlari ham oʻtkaziladi.

Doʻstlik oromgohi yakunida afgʻon va oʻzbek yoshlari uchun Surxondaryo viloyatining tarixiy obidalariga sayohatlar uyushtirilib, Termiz shahridagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish markazi faoliyati bilan yaqindan tanishtiriladi. Oromgoh ishi 23-avgustga qadar davom etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?