“O‘zavtosanoat” yil yarmigacha importni 5 foizgacha qisqartiradi. 26ta yangi loyiha amalga oshiriladi

15:11 11 Iyun 2018 Iqtisodiyot
460 0
Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Joriy yilning birinchi yarmida “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati tizimida import hajmi 5 foiz qisqarishi kutilyapti. Bu haqda “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Umid Salimovga tayanib “Xalq so‘zi” muxbiri Said Rahmonov xabar berdi.

Salimovning aytishicha, bu past ko‘rsatkich bo‘lib, yil oxirigacha importni 10 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan. Shu bois tarkibida 75 ta ishlab chiqarish korxonasini birlashtirgan mazkur jamiyat tomonidan kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda, import o‘rnini bosuvchi avtomobil ehtiyot qismlari va butlovchi buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rilyapti.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Ta’kidlash kerakki, Asakadagi avtomobil zavodi faoliyatini boshlagan paytda to‘rtta mahalliy korxona tomonidan atigi 12 xildagi butlovchi qismlar yetkazib berilgan, xolos. Bugungi kunda ta’minotchi korxonalar soni 100 dan, ular tomonidan yetkazib berilayotgan mahsulotlar turi esa 2,5 mingdan oshdi. Shunday bo‘lsa-da, import hali aytarli darajada kamaygani yo‘q. Masalan, shtamplangan detallar chetdan eng ko‘p olib kelinadigan butlovchi qasmlar sirasiga kiradi. Xorijdan yiliga o‘rtacha 47 million AQSH dollarilik 482 xildagi shunday detallar keltiriladi. Xuddi shuningdek, plastik va rezina detallar, o‘qlar, uzatmalar qutisi richagi, tormoz va rul boshqaruv tizimlari, hatto, xavfsizlik kamarlari ham import qilinmoqda.

Foto: Hakim Yo‘ldoshev / “Xalq so‘zi”

Tabiiy savol tug‘iladi: shu kabi talab katta bo‘lgan, muhimi, mahalliylashtirish imkoniyati mavjud detal va butlovchi buyumlar qachon o‘zimizda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi?

“GM Uzbekistan”da talab katta ehtiyot qism va butlovchi buyumlarni mahalliy xom ashyo asosida tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 26 ta loyiha ishlab chiqildi. Ularda to‘liq import qilinayotgan detalllarni mahalliylashtirish belgilab olindi. Birgina shtamplangan detallarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun qiymati 70,1 million AQSH dollarilik loyiha tayyorlandi”, — deydi “O‘zavtosanoat” AJ Mahalliylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Shavkat Alimov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?