«Oʻzavtosanoat» AJning oʻz nomlarida “UzAuto” brendidan foydalanish huquqiga ega boʻladigan boshqaruvchi kompaniyalar tashkil etiladi

20:50 08 Iyul 2020 Iqtisodiyot
252 0

Arxiv surat

Bu haqda “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Hukumat qarorida (430-son, 08.07.2020-yil) qayd etilgan.

Unga koʻra qishloq xoʻjaligi mashinasozligining yana-da rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

Xususan:

ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini qayta koʻrib chiqish va unifikatsiya qilish, ularning sifatini yaxshilash, tannarxini pasaytirish va qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlarining rentabelligini oshirish;

2030-yilgacha Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirish strategiyasiga muvofiq zamonaviy moliyalashtirish tizimi, marketing siyosati, sotishdan keyingi va servis xizmati koʻrsatish siyosati nazarda tutilgan qishloq xoʻjaligi mashinasozligini rivojlantirishning yangi strategiyasini ishlab chiqish;

investitsiya dasturlari, mahalliylashtirish va import oʻrnini bosish dasturlarini tanqidiy qayta koʻrib chiqish;

ishlab chiqarilayotgan mahsulotga ichki talabni qanoatlantirish, sanoatning elektrotexnika, avtomobil va boshqa tarmoqlari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari bilan tarmoqlararo kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirish;

Korrupsiyaga qarshi «komplayens-nazorat» tizimini joriy qilish va boshqalar.

Bir oy muddatda:

Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tashkilotlarini samarali boshqarishni tashkil qilish uchun «Oʻzavtosanoat» AJning yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlanadi.

«Oʻzavtosanoat» AJning oʻz nomlarida “UzAuto” brendidan foydalanish huquqiga ega boʻladigan sohaga ixtisoslashtirilgan alohida guruhlarga ajratilgan va 100 foiz ulushli ishtiroki bilan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar shaklidagi boshqaruvchi kompaniyalar tashkil etiladi.

Bundan tashqari:

«Oʻzavtosanoat» AJ tashkil etadigan boshqaruvchi kompaniyalar tomonidan «Oʻzavtosanoat» AJ tashkilotlari ustav fondlaridagi aksiyalarning (ulushlarning) 50 foizdan ortigʻini vakolatli boshqaruv organlari bilan kelishgan holda sotib olish mumkinligi belgilandi.

Shuningdek, mazkur qaror bilan:

Kooperativ boshqaruvning zamonaviy usullarini, “ERP” avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimini, marketing tadqiqotlari natijalaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqarish hamda sifatni boshqarishning zamonaviy tizimlari joriy etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?