“Oʻzatom” delegatsiyasi Texasga tashrif buyurdi

17:38 11 Aprel 2019 Iqtisodiyot
395 0

Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentligi (MAGATE) tomonidan yaqinda AQSHning Texas shtatida xalqaro seminar-trening tashkil etildi. MAGATE va Texasning A&M universiteti qoshidagi Yadro energetikasi instituti taklifi bilan ushbu nufuzli forumga “Oʻzatom” agentligi delegatsiyasi ham tashrif buyurdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Eʼtiborlisi, atom energetikasi tarmogʻi yuqori boʻgʻin rahbariyati vakillari uchun uyushtirilgan bu galgi seminarda ushbu sohada hali yangi boʻlgan 20 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etdi. Ularning orasida mamlakatimizdan tashqari Braziliya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Iordaniya, Belarus, Ruminiya, Polsha, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi va Keniya kabi davlatlar joy oldi.

Seminarda MAGATE, Atom elektr stansiyalaridan foydalanuvchi tashkilotlar xalqaro assotsiatsiyasi, AQSHdagi Yadro energetikasi instituti, Aydaxo milliy laboratoriyasi, “Westinghouse” va boshqa yirik kompaniyalar, tadqiqot markazlari va xalqaro konsultantlar maʼruza qildi.

Taqdimot davomida dunyo yadro tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish tendensiyalari, atom xavfsizligi madaniyati, yadro bilimlarini boshqarish va ushbu industriyada ishchi kuchlarni shakllantirish, AES qurilishi boʻyicha loyiha boshqaruvi jarayonlari kabi jabhaga doir global masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, seminar davomida atom energetikasini rivojlantirish dasturini amalga oshirish jarayonida loyihaga masʼul rahbarning roli va masʼuliyati, favqulodda holatlar chogʻida samarali ichki muloqotni taʼminlash, YERS, yaʼni “kaliti bilan topshirish” shartlari asosidagi shartnoma imzolashda toʻgʻri narxlash modeli va uning tuzilishi uchun alohida yadro-energetik dastur ishlab chiqish masalalari kabi mavzular muhokamasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Tadbir doirasida Janubiy Texas hududida joylashgan atom elektr stansiyasiga tashrif buyurildi. Shu asnoda mehmonlar mazkur AESdagi oʻquv-mashgʻulotlar markazi hamda “Axborot markazi” bilan yaqindan tanishtirildi.

Xususan, mamlakatimiz delegatsiyasi Texas universiteti qoshidagi Yadro energetikasi instituti, Aydaxo milliy laboratoriyasi vakillari bilan uchrashdi. Oʻzaro muloqot chogʻida oʻzbekistonlik mutaxassislarni AQSH taʼlim markazlarida atom energetikasi yoʻnalishida taʼlim olib, malaka oshirishlarini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, MAGATE vakillari bilan shu kabi oʻquv-amaliy seminarlarni Toshkentda “Oʻzatom” agentligi va atom sohasi milliy regulyatori vakillari uchun tashkil etish borasida muzokaralar olib bordi.

Seminar yakunida olingan bilim va koʻnikmalar yuzasida fikr almashildi, mazkur formatdagi seminarlarni yanada samarali oʻtkazish boʻyicha takliflar bildirildi.

Maʼlumot uchun, Texasning A&M universiteti AQSHdagi ikkita tadqiqot reaktoriga ega yagona oliy taʼlim maskani hisoblanadi. Talabalar soni boʻyicha oʻz mamlakatidagi eng yirik universitetlar orasida 65ming nafarlik kontingenti bilan yettinchi oʻrinni egallaydi. Mazkur oʻquv yurtida neft va gaz, atom energetikasi, okeanologiya, kosmonavtika hamda landshaftshunoslik kabi yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim beriladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?