O‘zaro aloqalarning yangi ufqlari

10:37 02 May 2018 Siyosat
1355 0

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘ldi. Oliy martabali mehmon deputatlar va senatorlar oldida nutq so‘zlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar, parlamentlararo munosabatlar, manfaatli hamkorlik istiqbollari xususida o‘z mulohazalarini bildirdi. Muxbirimiz mazkur tashrifning ahamiyati haqida parlament quyi palatasi deputatlari fikrlari bilan qiziqdi.

Abdurahim QURBONOV,
Oliy Majlis Qonunchilik 
palatasi deputati:

— Bugungi kunda O‘zbekiston hamda Turkiya rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar o‘zaro hamkorlik rivojiga katta turtki bermoqda. Chunonchi, o‘tgan davrda ikki tomonlama amalga oshirilgan davlat tashriflari O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, qishloq xo‘jaligi, transport, turizm, ilm-fan va boshqa sohalardagi hamkorlikni kuchaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqida turk xalqi O‘zbekistonni ota yurti, O‘zbekiston xalqini qardosh xalq, O‘zbekiston Respublikasini qardosh davlat sifatida ko‘rishini ta’kidlab, bu yurtda yetishib chiqqan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Hakim Termiziy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi hozirgi vaqtda ham jahon ilm dunyosida mayoq bo‘lib nur taratayotganini alohida e’tirof etdi.

Aytish joizki, jahon sayyohlik sohasida 6-o‘rinni egallagan Turkiya bir yilda 36 million sayyohni qabul qiladi va bundan 34 milliard AQSh dollari miqdorida daromad ko‘radi. Mamlakatda bu borada barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Misol uchun, O‘zbekiston fuqarolari uchun 2007 yildan buyon Turkiyaga vizasiz kirish tartibi joriy qilingan. O‘z navbatida, Turkiya rahbari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Farmoni bilan turk -fuqarolari uchun vizasiz rejim tatbiq etilganini mamnuniyat bilan ta’kidladi. Albatta, bu ham tadbirkorlar, ham sayyohlar, qolaversa, turizm sohasida ish yurituvchi malakali mutaxassislarning O‘zbekistonga kelishini osonlashtiradi.

Jamshid PIRMATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik 
palatasi deputati:

— Bugungi kunda O‘zbekiston Turkiya bilan teng huquqli, o‘zaro manfaatlarga asoslangan savdo-iqtisodiy hamda investitsion-moliyaviy munosabatlarga tayangan strategik hamkorlikni yanada taraqqiy toptirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Albatta, bu sa’y-harakatlar parlamentlararo munosabatlarda ham yaqqol aks etayotgani diqqatga sazovordir.
Ayni paytda Oliy Majlisda chet davlatlarning parlamentlari bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 23 ta do‘stlik guruhi va komissiya faoliyat yuritmoqda. Ular orasida “O‘zbekiston — Turkiya” parlamentlararo do‘stlik guruhi borligi ikki davlat manfaatlarini ilgari surishda muhim o‘rin tutayotir. Aytish mumkinki, Turkiya rahbarining parlament a’zolari oldida so‘zlagan nutqi Oliy Majlis bilan Buyuk millat majlisi o‘rtasidagi aloqalarni o‘zaro tajriba hamda axborot almashish asosida rivojlantirishda yanada katta imkoniyatlar eshigini ochadi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Turkiya Prezidenti o‘z nutqida o‘tgan oyda Toshkentda Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha o‘tkazilgan konferensiyaga yuqori baho berib, xalqaro tinchlikning o‘rnatilishida, mintaqaviy taraqqiyotda va islom sivilizatsiyasining to‘la hamda aniq tushuntirilishida O‘zbekiston muhim o‘rin tutayotganiga to‘xtaldi. Ayni chog‘da Prezident Shavkat -Mirziyoyevning qo‘shni davlatlar bilan muammolarni yechish va yaqin hamkorlikni kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak e’tirof etdi.

Albatta, bu tinchlikparvar mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning nechog‘li hayotiy, oqilona hamda adolatli ekanini tasdiqlaydi.

Shuhrat YAKUBOV,
Oliy Majlis Qonunchilik 
palatasi deputati:

— Turkiya Respublikasi Prezidenti Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqida, avvalo, O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarga o‘z munosabatini bildirdi. Aniq strategik maqsadlar asosida jamiyat hayotining barcha jabhasini demokratlashtirish orqali odamlarning ertangi kunga ishonchini mustahkamlayotgan ezgu sa’y-harakatlar hozirdanoq o‘z natijasini ko‘rsata boshlaganini e’tirof etdi.

Prezident ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,5 milliard AQSh dollariga yetgani, mazkur ikki davlat imkoniyatlari va salohiyati oldida juda kamligini qayd etdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston hamda Turkiya o‘rtasida imzolangan 20 dan ortiq shartnomalar asosida bu ko‘rsatkich tez fursatlarda 5 milliard AQSh dollariga yetishini ta’kidladi.

Ma’ruzada mamlakatlarimiz hamkorligining tarixi, buguni va kelajagi aks etdi, deyish mumkin. Oliy martabali mehmon o‘zbek xalqiga Yaratgandan tinchlik va omonlik, yurtimizda olib borilayotgan islohotlarga rivoj tiladi. Parlamentlararo aloqalar izchillik kasb etishini, bu orqali ikki qardosh xalq jipsligini, shuningdek, strategik hamkor mamlakatlar taraqqiyotini ko‘rish istagini bildirdi.

Ziyoda ASHUROVA yozib oldi.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?