Ozarbayjon xalq artisti S. Imanova: O‘zbekiston tufayli dunyoga tanildim

15:23 08 Iyun 2018 Madaniyat
490 0

Maqom ijrochisi, xushovoz xonanda Simara Imanova bilan Ozarbayjon madaniyat va san’at universitetida uchrashdik.

U bizning O‘zbekistondan ekanligimizni eshitgach, hayajon va samimiyat bilan shunday dedi: “Yurtingiz men uchun o‘z Vatanimdek aziz. Zero, Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali sabab dunyoga tanildim. 1997 yilda, 19 yoshimda ushbu san’at anjumanida qatnashib, Gran-pri olganimni hech qachon unutmayman”.

Ozarlar har ikki gapining birida “Jonim sizga qurbon bo‘lsin” deya lutf etishadi. Qaysi soha vakili bo‘lishidan qat’iy nazar, Nizomiydan, Fuzuliydan, Voqifdan baytlar aytishadi. San’atimiz, madaniyatimiz, adabiyotimiz bir ekanligini e’tirof etishib, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Furqat kabi bobokalonlarimiz misralarini yoddan o‘qishadiki, bunday holatlarga ko‘p guvoh bo‘lib, hayratlangandan hayratlandik. Xalqimizga bo‘lgan ehtiromni o‘zida mujassam etgan bu singari munosabatlardan xursand bo‘ldik. Simara esa barmoqlari bilan oldidagi stolni chertgancha Navoiy g‘azaliga bastalangan “Qaro ko‘zim” ashulasini shunchalik berilib ijro etdiki, biz, mehmonlarga qo‘shilib mezbonlar ham “Tasanno, ofarin” deya xonandani olqishladi.

— “Sharq taronalari” birinchi xalqaro musiqa festivaliga taklif etilganimda, juda hayajonlangan edim, — deydi u. — Negaki, yosh va tajribasiz edim. Qolaversa, bunday nufuzli anjumanda o‘sha yili 40 ga yaqin mamlakatdan mana-man degan san’atkorlar qatnashish istagini bildirgan. Oradan 21 yil o‘tgan bo‘lsa ham o‘sha lahzalarni xuddi hozirgidek eslayman. Chiqish navbati menga yetgach, suxandon: “Simara Imanova, Ozarbayjon Respublikasi” deb e’lon qildi. Afsonaviy Registon maydoniga yig‘ilganlar gulduros olqishlar bilan meni kutib olishdi. Bu ilk dalda bo‘ldi. Tezda hayajonimni bosib, qo‘shiqni boshladim. Bilasizmi, meni yana nima hayajonlantirdi? Registonda har bir ohang, ovoz o‘zgacha jaranglar ekan, bundan qattiq ta’sirlandim, ilhom oldim. Qo‘shiqni aytib bo‘lganimdan so‘ng tinglovchilar rosa qarsak chalishdi. O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva va boshqalar ijrom haqida samimiy fikrlarni bildirdi. Ochig‘i, men o‘zbeklarning bunchalik san’atni sevishi, qadrlashi, qo‘shiqni berilib tinglashini ko‘rib, lol qoldim. Bugun esa O‘zbekistonda san’at va madaniyat sohasini rivojlantirishga bo‘lgan e’tibor yanada yuksalganidan havasdaman. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yilda O‘zbekistonda “Maqom” san’ati bo‘yicha xalqaro musiqa festival o‘tkazilishini eshitib xursand bo‘ldim. Bilasiz, Ozarbayjonda ham bunday festival bor. O‘ylaymanki, har ikki mamlakatda uyushtiriladigan san’at anjumanlari o‘nlab, yuzlab iste’dod egalarini kashf etish, ikki tomonlama o‘rnatilgan do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ozarbayjon xalq artisti Simara Imanova ayni paytda universitet dotsenti. U yoshlarga musiqa va an’anaviy ijrochilik yo‘nalishida saboq beradi. San’atning beqiyos kuchi hamda inson ongiga ta’siri haqida fikr bildirar ekan, jumladan, shunday dedi:

— Musiqa san’ati insonni hamisha ezgulikka chorlaydigan, har qaysi odamning qalbidagi eng nozik, eng go‘zal tuyg‘ularni uyg‘otadigan buyuk ilohiy kuch. Turli millat, til va e’tiqodga mansub odamlarni, elu elatlarni hech qanday tarjimonsiz bir-biriga bog‘laydigan, mushtarak maqsadlar yo‘lida birlashtiradigan musiqa san’ati kabi qudratli vositani topishning o‘zi qiyin. Buning isboti 2015 yilda — “Sharq taronalari” o‘ninchi xalqaro musiqa festivaliga mehmon sifatida taklif etilganimda ham yaqqol ko‘zga tashlandi. Zero, festival davomida xorijlik san’atkorlar nafaqat Samarqand shahrida, shu bilan birga, Tayloq, Jomboy, Oqdaryo tumanlarida ham o‘z chiqishlarini namoyish etishdi. Ularning kuy-qo‘shiqlariga mahalliy aholi vakillarining jo‘r bo‘lishi mehmonlarga yanada ilhom bag‘ishladi. Jumladan, ana shunday uchrashuvlarning birida Filippin hamda Janubiy afrikalik sozanda va xonandalarning badiiy dasturlari mezbonlarga qanchalik zavq ulashgan bo‘lsa, mahalliy xonandalarning qo‘shiqlari Yer yuzining olis nuqtalaridan kelgan mehmonlar havasini uyg‘otdi. Chunki kuy-qo‘shiq, taronalar tili, millati boshqa-boshqa bo‘lgan davlat vakillarini yagona maqsad — Tinchlikni madh etishga undagan edi.

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning bugungi shiddatli davrda jahonda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, go‘zal hayotni qadrlash, olis va yaqin mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlab, turli xalqlarning madaniy boyliklaridan bir-birini ko‘proq bahramand etishga oid tashabbuslari beqiyos ahamiyatga ega. Shu bois bu insonga bo‘lgan hurmatimni namoyish etishdan charchamayman. Tilagim, Prezidentingiz sog‘-omon bo‘lsin. Qilayotgan xayrli ishlarini davom ettirishida Alloh kuch-quvvat ato etsin.

Simara Imanova bilan xayrlashar chog‘imizda, u jahonning ko‘plab mamlakatlarida konsert dasturi namoyish etganini aytgach, baribir eng katta orzusi ushalmaganini ham bildirdi. Qanday orzu ekan, deya qiziqqan edik, javob shunday bo‘ldi: “O‘zbekistonda, Registon maydonida yakkaxon chiqishim bilan yurtingizdagi san’at muxlislarini xushnud qilsam, armonim qolmaydi!”
Mashhur ozar xonandasiga “Niyatingizga yeting” dedik.
Maqsud JONIXONOV,
“Xalq so‘zi” maxsus muxbiri.
Boku, Ozarbayjon Respublikasi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?