Oʻz xotinining qotiliga aylangan er 8 yilga qamaldi

12:48 28 Avgust 2018 Jamiyat
489 0

Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati sudida oʻz rafiqasining qotiliga aylangan fuqaroga nisbatan sud hukmi oʻqildi. Bu haqda OʻzA xabar bermoqda.

Fuqaro D.Sotvoldiyev D.Ortiqova bilan qonuniy nikohdan oʻtib, turmush qurgan. Ikki nafar farzandi bor. Oʻzaro oilaviy kelishmovchiliklar sabab ular keyingi yillarda alohida yashab kelgan.

2018 yil 11 aprel kuni soat 23:00 larda D.Ortiqova turmush oʻrtogʻi D.Sotvoldiyevning Rishton tumani Yoshlik mahallasi Yoshlik-3 koʻchasida joylashgan yashash xonadoniga kelib, oʻgʻli M.Ortiqovni oʻzi bilan olib ketishini aytadi. D.Sotvoldiyev tabiiyki, eʼtiroz bildiradi. Oʻgʻli hech qayerga bormasligini, shu yerda qolishini aytib, janjal koʻtaradi. Janjal davomida D.Sotvoldiyev oʻgʻliga xonasiga kirib uxlashini, ertaga maktabga borishini aytadi. Oʻzaro janjal davom etib, xotinining haqoratlaridan jahli chiqqan D.Sotvoldiyev D.Ortiqovani qasddan oʻldirish maqsadida oshxona pichogʻini olib chiqib, badanining turli joylariga uradi va ogʻir tan jarohati yetkazadi. Natijada D.Ortiqova olgan ogʻir tan jarohati sabab shifoxonada vafot etadi.

Mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona viloyati sudining raisi M.Mirzajonov tomonidan Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Fargʻona shahar va Rishton tumani kengashlari, xotin-qizlar qoʻmitasi, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida ochiq sud majlisida koʻrib chiqildi.

Sud majlisi davomida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning, sudlanuvchi va jabrlanuvchi istiqomat qilgan hududdagi mahalla fuqarolar yigʻinlari raislarining koʻrsatuvlari tinglanib, sudning 2018 yil 17 avgustdagi hukmi bilan D.Sotvoldiyevga Oʻzbekiston Respublikasi JK 97-moddasining 1-qismi bilan Jinoyat kodeksi 57-moddasi qoʻllanib, 8 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sud tomonidan D.Sotvoldiyevga jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, jabrlanuvchi qonuniy vakilining talabini inobatga olish bilan birga, sudlanuvchining shaxsini, oilaviy sharoitini, muqaddam sudlanmaganini, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini, jabrlanuvchining axloqqa zid xulq-atvori taʼsiri ostida jinoyat sodir etganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholab, unga nisbatan u ayblanayotgan modda sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam qismidan ham kamroq miqdorda jazo tayinlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?