Oʻz xalqiga va vataniga fidoyi farzand

15:24 30 Aprel 2019 Jamiyat
2080 0

Arxiv foto

Sharof Rashidov nomini oʻzbek xalqining tarixidan, ­hayotidan ayri tasavvur qilib boʻlmaydi. Sharof Rashidov oʻz xalqiga va Vataniga fidoyi farzand edi.

Shavkat MIRZIYOYEV

Bugungi kunda tabarruk 90 yoshini qarshilagan taniqli ­adabiyotshunos olim, mohir tarjimon, mehribon ustoz Asil ­Rashidov xonadonida ijod tabiati, adabiyot va sanʼat haqida boshlangan suhbat umr mazmuni, yashashdan maqsad kabi ijtimoiy ahamiyatga molik mavzularga tutashib ketdi‑yu, domlaning koʻzlari ­charaqlab, beixtiyor tugʻishgan akasi Sharof Rashidov haqida soʻz ochdi va “men uchun akam hamisha ibrat boʻlib kelgan edilar”, deb qoldi. Haqiqatan ham, insonning oʻzi qay mahal boʻlmasin, bu foniy dunyoni tark etgudek boʻlsa, ezgu ishlari, yaxshiliklari, insoniy fazilatlari mangu qolaverar ekan. ­Sharof Rashidov esa oʻzi va hayoti misolida oʻylashga, ­fikrlashga, xulosalar chiqarishga, toʻgʻri yoʻlni tanlashga ruhan hamisha ­ehtiyoj sezdirib turadigan, shubhasiz, oʻz xalqining qalbida mangu haykal tiklagan buyuk inson, katta Shaxs va Ijodkor, kamdan‑kam uchraydigan noyob fenomen edi. Shu maʼnoda, haqgoʻy va adolatli akaga munosib boʻlishga ­intilib, oilasi boshida aylangan “qora bulutlaru” iztirobli lahzalarda ham kasbu koriga, sevgan mashgʻulotiga, yaqinlariga suyanib, haqiqatning bir kunmas‑bir kun qaror topishiga ishonchi tufayli oʻzini yoʻqotmay, irodasini bukmay kelayotgan ukaning xotiralari shaxsiy tuygʻular qobigʻidan chiqib, ijtimoiylashadi va xalqimiz maʼnaviy merosining buyuk ummoniga qoʻshilgan qatralar yangligʻ ahamiyat kasb etadi.

Goʻzal fazilatlar beshigi

Xalqimizda ketma‑ket tugʻiladigan farzandlar ismini toʻngʻichinikiga moslab, unga ohangdosh tarzda qoʻyib borish qadimdan rasm boʻlgan. Oʻtgan asr boshlarida Jizzaxda hamma qatori oʻz mehnati bilan kun koʻrib, halol xizmati bilan roʻzgʻorini tebratib kelgan Rashid Xalilov va Qoʻysinoy Xalilova oilasida dunyoga kelgan toʻngʻich farzand ismini dinu diyonat, ilmu urfon kamoli yoʻlida elu ulusning koriga yarasin deb, yaxshi niyat bilan Kamoliddin qoʻyishgan edi. Kamoliddindan keyin bu qutlugʻ oilada yana besh oʻgʻlon dunyoga keldi. Ularga ham nainki ohangdosh, balki maʼnosi ham bir‑biriga uyqash, zamirida imonga daʼvat etuvchi ismlar qoʻyildi. Endi Kamoliddindan keyin bu oilada Sharofiddin, Sahobiddin, Isomiddin, Asliddin, Nasriddin deganlar ham bor edi. Keyinchalik “suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib” deganlaridek, turli sohalarda ularning katta ishlar qilishi peshonalariga yozilgan, ammo birining manglayida quyosh balqqan edi. Ha, bir‑biridan mehribon, jasur, haqgoʻy aka‑ukalarning ikkinchisi, Sharofiddinning peshonasiga oʻz xalqini ulugʻ yoʻllarga boshlash, yurtini obod qilish, millatni koʻtarish qismati bitilgan edi. Bu oson boʻlmasligi, oldinda ne‑ne mashaqqatlar kutib turgani uning oʻychan nigohlarida aks etayotgandek boʻlardi.

Oila boshligʻi Rashid ota oddiy mehnatkash inson boʻlib, oʻz qoʻlining kuchi bilan halol topilgan rizq harom luqmadan ming chandon ustun ekanligini yaxshi bilar, farzandlariga ham bu haqda bot‑bot uqtirishni unutmasdi. U keyinchalik jamoa xoʻjaligi raisi boʻlganida ham boshqalarga ketmon chopishu oʻroq oʻrish qanaqa boʻlishini oʻzi koʻrsatib bera oladigan mirishkor dehqon edi. Qoʻysinoy opaning esa Hamid Olimjonning onasi Kamola opa bilan urugʻ‑qayoshligi boʻlib, bot‑bot uchrashib, suhbatlashib turishardi. Qoʻysinoy opa yaxshigina ilmga ega, oʻtgan asrning oʻttizinchi yillarida savodxonlikni oshirish boʻyicha xotin‑qizlarga yangi ochilgan maktablarda dars berar, farzandlarining ham ziyoli insonlar boʻlib yetishishini nazardan qochirmasdi. Sharofiddinning iqtidori, odobi uni qanoatlantirganidan, boshqalarga namuna qilib koʻrsatar edi. Onaning savqi tabiiy tuygʻusi nechogʻli toʻgʻri ekani oʻzini oqladi, oltovlon farzandlaridan ikkinchisi Sharofiddin hayotning barcha ogʻir chigʻiriqlaridan oʻtib, Sharof Rashidov boʻlib yetti iqlimga dongʻi chiqdi.

Biz — bolalikning farzandlarimiz

Dunyoda shunday ezgu, olijanob kasbkorlar borki, ularsiz yurt taqdirini tasavvur etib boʻlmaydi. Shunday kasblardan biri oʻqituvchilik boʻlsa, ikkinchisi jurnalistlikdir. Oʻqituvchi oʻz soʻzini murgʻak qalblarga joylab, kelajak dardida yashasa, jurnalist qayerda adolatsizlikka, haqsizlikka duch kelsa, unga munosabat bildirib, odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashlari uchun kurashadi. Ularning har ikkisi ham millat taqdiri uchun masʼul, tashvishlardan halovat topib yashaydigan baxtli insonlardir.

Sharof Rashidovning tarjimai holida uning jamoat arbobi va yozuvchi ekanligiga koʻproq urgʻu berilsa‑da, Ikkinchi jahon urushida qatnashib, yarador boʻlib qaytganidan soʻng oʻrta maktabda ishlaganini birov bilib, birov bilmasligi rost. “Dunyodagi eng mashaqqatli kasb, bu — oʻqituvchilik, — degan edi Sharof Rashidov. — Men yoshligimdan bu kasbga mehr qoʻyganim rost. Ezgulik, maʼrifatni murgʻak bolalar shuuriga joylash naqadar zavqli. Yoshlarni turfa olam sirlaridan xabardor etish, ilmu maʼrifat oʻrgatish, katta hayotda oʻz oʻrinlarini topib olishlari uchun koʻmaklashishdan ortiq xayrli baxt bormi, bu olamda?! Men hamon oʻsha oʻquvchilarim davrasini, ularning shodon kulgilarini, hayrat toʻla nigohlarini sogʻinaman. Bir yilgina muddatda bolalar bilan boʻldim. Keyin esa hayotning turli soʻqmoqlari meni oʻziga chorladi. Yuqori lavozimlarga koʻtarildim. Ammo oʻqituvchilikka boʻlgan mehr qalbimning bir chetida hamon mashʼaladek yonib turibdi”.

“Biz — bolalikning farzandlarimiz”, degan gap bor. Haqiqatan ham, bolalikdagi alamzadalik, notoʻgʻri tarbiya insonni bir umr taʼqib etib, uning qismatida koʻplab fojialarga sabab boʻlganidek toʻgʻrilik, samimiylik, ezgulik kabi olijanob fazilatlar millatni yuksaltirishga xizmat qiladi. Shu maʼnoda, ulugʻ jamoat arbobining oʻqituvchilik kasbiga, yoshlar tarbiyasiga munosabati millatparvar, maʼrifatparvar ajdodlarimizning qarashlari bilan uygʻunlashib, bugungi kunda mazkur sohada mamlakatimizda olib borilayotgan chuqur islohotlarga hamohangligi bilan yuksak ahamiyat kasb etadi. Oʻzi avval ishlagan Samarqand viloyati gazetasi muharrirligiga chaqirib olingan Sharof Rashidov keyinchalik ham maktabni, oʻz oʻquvchilarini unutmadi. Oʻzbekona odob-axloq, maʼnaviyat‑maʼrifat masalalarini hech qachon eʼtiborsiz qoldirmadi, ne‑ne ulugʻ zotlarga beshik boʻlgan qadim zaminda oʻtmishda boʻlgani kabi adabiyot va sanʼatning zamonaviy uygʻonish davri yuz berishi kerakligini sidqidildan istab, bu yoʻlda bor kuch‑gʻayratini ayamadi.

Gazeta ongu tafakkurni, dunyoqarashni shakllantiradi

Oʻtgan asr boshida yurtimiz maʼrifatparvarlari ijtimoiy hayotda gazetaning oʻrni nechogʻli yuksak ekanligini eʼtirof etib maqolalar, sheʼrlar yozishgan. Tarixchi olim Isʼhoqxon Toʻra Ibratning

Gazeta koʻrmagan, bexabar xalqlar,

Misli oʻlgandir yo uxlagan,

kabi satrlari ham shundan dalolat ­beradi.

Sharof Rashidov avval Samarqand viloyati, soʻngra “Qizil Oʻzbekiston” gazetalariga bosh muharrir lavozimlarida ishlagan chogʻlarida oddiy xabardan lavha-yu tanqidiy maqolalargacha pishiq-puxta, hayotiy boʻlishiga katta ahamiyat berardi.

— Baʼzan insonning irodasi, kuchi nimalarga qodirligi haqida oʻylaganimda darhol koʻz oʻngimda Sharof akam gavdalanadi, — deya eslaydi Asil Rashidov. — Akam tahririyatda ulgurmagan ishlarini ertalabki soat oltidan sakkizgacha uyda bajarishni odat qilgandi. Umrlarining oxirigacha mana shu odatlarini kanda qilmay, qanchadan-qancha asarlar yozib, oʻquvchilarga taqdim etdilar.

Aytishlaricha, Sharof Rashidov gazeta sahifalarini boshidan oxirigacha uch marta oʻqib chiqib, keyin imzo chekib, chop etilishiga ruxsat berarkan. Shu sababli u respublika rahbari boʻlib faoliyat yuritgan kezlarida ham ommaviy axborot vositalariga katta ahamiyat berib, ayniqsa, gazetada chop qilingan tanqidiy maqolalarga tegishli mutasaddilar javob berishi lozimligini qatʼiy tartib sifatida yoʻlga qoʻygan edi. Oʻz soʻziga, fikr-mulohazasiga ega boʻlgan jurnalistlar hayotning turli jabhalaridagi asl haqiqatni bilib olishida rahbarning suyangan togʻi edi.

Ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlari zamonaviy texnologiyalar asosida endilikda keng miqyosda rivojlandi. U mahallarda internet jurnalistikasi, ijtimoiy tarmoqlar haqida tasavvur ham qilib boʻlmasdi. Bugungi kunda esa matbuotning xalq bilan hokimiyat oʻrtasidagi beqiyos oʻrni Shavkat Mirziyoyevning inson qadri ulugʻligiga jiddiy eʼtibor qaratib, ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ular oʻz hayotidan rozi va mamnun boʻlib yashashi, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerakligi haqidagi chuqur insonparvarlikka yoʻgʻrilgan gʻoyalarini qanchalik toʻgʻri va adolatli ifoda etishida koʻrinmoqda. “Oʻzingiz oʻylang, aziz doʻstlar, yoshlarimiz oʻzimizning gazeta-jurnallarimizni oʻqimasa, oʻz milliy adabiyotimiz va sanʼatimizni bilmasa, ular qanday qilib vatanparvar boʻladi? Ularning ongu tafakkuri, dunyoqarashi nima hisobidan shakllanadi? — degan edi davlatimiz rahbari “Kamolot” yoshlar ijtimoiy hara­katining IV qurultoyida soʻzlagan nutqida. — Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, katta-kichik rahbarlarning barchasi bu masala boʻyicha shaxsan masʼul ekanini unutishga hech qanday haqqi yoʻq”.

Gazeta-jurnallar, kitob mutolaasi masalalari Sharof Rashidovning hamisha diqqat markazida boʻlib kelgan. Ammo oʻsha mahallarda ideologiya sohasida sobiq markazning mulozimlari buyuk ajdodlarimizning bashariyat tamadduniga qoʻshgan beqiyos hissasi, milliy oʻzlik va qadriyatlar mavzulari haqida soʻz ochilib qolmasligiga hamisha hushyor boqib turishgani bois ulugʻ jamoat arbobining koʻplab ezgu niyatlari ichida qolib ketgan edi. Bugungi kunda bu sohalarga davlat ahamiyati darajasida eʼtibor qaratilayotgani, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalardagi oʻzgarishlar, yoshlarimizning dunyoning xohlagan joyida bilim olib, xohlagan joyida faoliyat yuritishi uchun yaratilgan imkoniyatlar oʻz orzu-umidlarini amalga oshira olmay bu dunyoni tark etgan millatparvar-maʼrifatparvar ulugʻ ajdodlarimiz kabi Sharof Rashidov ruhini ham shod qiladi.

Oʻzbek nomi aʼmoli edi

Sharof Rashidov rahbarlik qilgan davr shoʻro hokimiyati hukmronligi avjga chiqqan pallalarga toʻgʻri kelsa‑da, shoir aytganidek, “qayga bormay boshda doʻppim, gʻoz yurarman gerdayib” kezlari edi. Sharoit taqozosidan kelib chiqqan holda, xalqning tarixi, maʼnaviy qadriyatlari saqlanib qolishida Sharof Rashidov bor kuchini ayamadi, deyish mumkin.

Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari idorasining Toshkentda faoliyat olib borishi, islom madaniyatiga doir bir qancha xalqaro anjumanlar oʻtkazilishi oʻsha davr nuqtai nazaridan qaraganda, ancha-muncha mushkulliklar keltirib chiqarardi. 1971 yilda Toshkentda sobiq Ittifoqdagi birinchi Islom instituti — Toshkent Oliy Islom Maʼhadi ochilgani bugungi kunda diniy yoʻnalishda olib borilayotgan ulugʻvor ishlarga poydevor boʻlgan edi. Buxorodagi Mir Arab madrasasida oʻsha davrda sobiq Ittifoqning turli burchaklaridan kelib tahsil olganlar endilikda MDH mamlakatlari islom madaniyatining peshqadam ulamolari sifatida faoliyat olib borishayotgani shundan dalolat beradi.

1968 yilda esa Sharof Rashidovning ustozi va doʻsti, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse‑prezidenti, akademik Ibrohim Moʻminovning “Amir Temurning Oʻrta Osiyo tarixida tutgan oʻrni va roli” risolasi chop etildi. Hajman moʻjazgina boʻlsa‑da, bu risola temurshunoslikka qoʻyilgan dastlabki qadam, nafsilamrini aytganda, bu borada qilinajak ishlarning uzoq muddatga moʻljallangan puxta dasturi edi. Bu kitob oʻzbek va rus tillarida chop etildi. “Temur tuzuklari” va Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarlari ham oʻshanda vatanparvar fidokor olimning tashabbusi bilan nashr etilgan edi. “Shu ravishda Ibrohim aka tarixni soxtalashtirishga qarshi birinchilardan boʻlib dadil va oshkora bosh koʻtargan olim edi, — deb yozgandi tarix fanlari doktori, professor Hamid Ziyoyev bu haqda. — Amir Temur haqidagi yuqorida koʻrsatilgan ishlarning nashr etilishi butun respublika ziyoli ahlini va umuman, jamoani toʻlqinlantirib yubordi. Tez kunda kitoblar sotilib ketdi, ammo unga talab zoʻrayib boraverdi”.

Amir Temur bahonasida Ibrohim Moʻminov bilan birgalikda Sharof Rashidovga ham tazyiq kuchaydi. Gʻanimlar ham begona emas, oʻzidan chiqqan, xalq iborasi bilan aytganda, “koʻzining yogʻini yalagan” kimsalar edi. Ular goʻyoki Amir Temurning “yovuzligini, bosqinchiligini, qonxoʻrligini” roʻkach qilishardi, har tomondan paydar-pay toshlar otishardi. Aslida bunday xatti‑harakatlar bosib olingan oʻlkalarga mustabid tuzumning uzoqni koʻzlab olib borayotgan siyosatining davomi edi xolos. Oʻn toʻqqizinchi asrdayoq M. Ivanin kabi rus tarixchilari bu borada oʻz xulosalarini bayon etishgandi. Uning yozishicha, “dunyoning shu qismi bilan harbiy jihatdan ham tanish boʻlgan kishilarni tayyorlash maqsadida Bosh shtabning Nikolayev akademiyasida Chingizxon, Amir Temur, Nodirshoh va Osiyoning boshqa buyuk lashkarboshilarining eng asosiy yurishlari haqida saboq berish hamda zobitlarga Osiyo tillarini oʻrgatish” barobarida, “Amir Temur singari dohiy chiqib qolmasligi umumiy xavfi oldida barcha birligi (Angliya kabi muxolif ham)ni eʼtiborga olib, Oʻrta Osiyoni siyosiy jihatdan hozirgi ahvolida (zabunlikda) tutib turish” haqidagi koʻrsatmalariga oʻxshash asrlar davomida oʻz kuchini yoʻqotmagan siyosiy nayranglar amalda edi. Shunday ekan, butun dunyo tan olgan sarkardaning tarixdagi haqqoniy oʻrnini koʻrsatish kimga ham yoqardi?

Ibrohim Moʻminov bilan Sharof Rashidov sohibqiron Amir Temur shaxsiyatiga doir qarashlari ham bir‑biriga toʻgʻri keladigan ulugʻ insonlar edi. Bosim kuchayavergach, jasoratli olimning sogʻligʻi yomonlashdi, qanchadan‑qancha ilmiy orzu‑niyatlarini amalga oshira olmay qoldi. Ammo tarix, xalq oldida oʻzining olimlik burchini bajarib ketdi. Shu maʼnoda, bugungi kunda 1968 yil Amir Temur shaxsiyatiga ijobiy qarash, “Amir Temur shaxsiyatining oqlanishi” deb Oʻzbekiston tarixida belgilab qoʻyilishi, munosib nishonlanishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Vaqti kelib, Ibrohim Moʻminov bilan Sharof Rashidov yodgorlik majmuasi barpo etilsa, yoshlarimiz uchun buyuk ajdodlarimizdan faxrlanishning ibrat namunasi boʻlib xizmat qilayotgan obidalar soni yana bittaga koʻpayadi.

Bir umrlik sovgʻa

Sharof Rashidov respublika rahbari ekanligida Asil Rashidov oliy oʻquv yurtida murabbiylik qilish bilan birga “Qizil Oʻzbekiston” gazetasida ham ishlab, turli mavzularda maqolalar yozib yurardi. Bir kuni akasi uni yoʻqlab, shunday deydi:

— Sen ilmni qoʻyvorma! — deya uning oldiga qaysi yoʻldan borishni qatʼiy belgilaydi. — Endi hamkorlik asosida gazetada ishlashingni yigʻishtirsang ham boʻladi.

Uka akaga hamkorlik asosidagi gazetadagi faoliyati institutdagi ishiga xalaqit bermasligini, ikkala ishxonada ham oʻz ishlarini vaqtida, sidqidildan bajarib kelayotganini, bu borada muammo boʻlishi mumkin emasligini tushuntirmoqchi boʻlib, endigina ogʻiz juftlayotgandi, ziyrak aka uning nima demoqchi boʻlganini fahmlab, gapini boʻldi:

— Toʻgʻri, shunday qilsa ham boʻladi, — dedi u vazminlik bilan. — Ammo, gap shundaki, sen bu ishlarni qanchalik qoyilmaqom qilib bajarsang ham, rahbarning ukasi sifatida ortiqcha gap-soʻzlar ostida qolishing mumkin. Negaki, har bir odamning oʻz fikri-zikri, qarashlari, xulosalari boʻladi, rahbarning har qadamini turli oʻlchovlarda oʻlchashga moyil odamlar toʻqib‑bichib, shishirib yuborishsa, buni kutib turgan gʻanimlar ham har yoqdan bosh koʻtarib qolishadi.

Uka bosh irgʻadi. U akasining haq ekaniga ichida ham, tashida ham tan bergan edi. Shunday akasi borligidan koʻksi togʻdek koʻtarilib, qalbi quvonchlarga toʻlib‑toshgandi. Shu lahzalarda oʻz elu yurti, Vatani manfaatlari yoʻlida pokiza qalb bilan halol yashamoq nechogʻli ulugʻ saodat ekanligini anglagan edi. Bu tuygʻu bir umr akaning ukaga munosib sovgʻasi, umr yoʻllarini yoritish uchun yoqib bergan nurli mashʼalasi boʻlib qoldi.

Shoyim BOʻTAYEV (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?