Oʻz kelajagi haqida qaygʻurgan davlat IT-sohasiga jiddiy eʼtibor qaratishi kerak

11:45 10 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
515 0

XXI asr axborot asri deb koʻp taʼkidlanadi. Haqiqatan ham bugungi jamiyatning ayni damdagi rivoji axborot va axborotlashtirish bilan bevosita bogʻliq. Ayniqsa taʼlim tizimida uning oʻrni va roli tobora kuchayib bormoqda. Negaki, dunyo tamaddunining keyingi bosqichida har bir davlatning iqtisodiy taraqqiyotini xohlaymizmi-yoʻqmi zamonaviy qilib aytganda IT sohasini puxta oʻzlashtirgan kadrlar belgilashi oʻz-oʻzidan ayon. Zero, oʻz kelajagi haqida qaygʻurgan har qanday davlat bu masalaga juda jiddiy yondashyapti.

Mamlakatimizda ham keyingi yillarda bu borada amaliy ishlarga qoʻl urilmoqda. Xususan axborot texnologiyalari sohasida oʻquv dasturlari va uslublarini takomillashtirish, taʼlim muassasalarining IT-kompaniyalar bilan hamkorligini kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilyapti.

Davlatimiz rahbarining “Axborot texnologiyalari sohasida taʼlim tizimini yana-da takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ularni IT-industriya bilan integratsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham shu va boshqa muhim vazifalarni ijrosiga qaratilgan mubolagʻa boʻlmaydi.

Qarorga muvofiq, respublika tuman (shahar)larida mavjud umumtaʼlim maktablari negizida informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar bosqichma-bosqich tashkil etiladigan boʻldi. Shunga koʻra, joriy yilda mazkur yoʻnalishda 14 ta tayanch maktab, 2021-2023-yillarda esa respublika boʻyicha jami 205 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilishi belgilangan.

Yana bir muhim jihat shundaki, 2020-2021 oʻquv yilidan eʼtiboran maktablarda “Informatika va axborot texnologiyalari” fani “Bir million dasturchi” loyihasiga oid oʻquv dasturlari bilan integratsiya qilinadi. Aytish kerakki, bu oʻquvchilarda axborot texnologiyalari va kompyuterda dasturlash asoslarining chuqur oʻrgatishga xizmat qiladi. Qolaversa, mazkur loyiha doirasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlagan maktablarning 100 nafar eng yaxshi “Informatika va axborot texnologiyalari” fani oʻqituvchilarini har yili Bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik mukofotlash tizimi joriy qilinmoqda.

Bu hali hammasi emas. Qarorda 2021-yil 1-martga qadar ushbu fan oʻqituvchilarini sertifikatlash milliy tizimi joriy qilinishi ham nazarda tutilgan. 2021-yil 1-sentyabrdan raqamli koʻnikmalarni egallash darajasi boʻyicha tegishli sertifikatga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan maktablarning ushbu fan oʻqituvchilariga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida har oylik ustama haq toʻlanadigan boʻldi.

Albatta nafaqat oʻqituvchilik balki, boshqa sohalarda ham maʼnaviy va moddiy ragʻbat boʻlsa, ishga boʻlgan masʼuliyat, fidoyilik, ishtiyoq ham shunchalik yuqori boʻladi. Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, bu mamlakatimizda keyingi 4 yilda eng yaxshi sharoit, eng yaxshi ragʻbat, eng yaxshi oʻqituvchi — maktab uchun, yoshlarning kelajagi uchun degan tamoyil hayotga izchil tatbiq etilayotganining amaliy isbotidir.

Umuman olganda, Prezidentimiz tomonidan mamlakat ravnaqi va uning yaqin kelajagi uchun juda muhim qaror qabul qilindi. Har qanday qaror ijrosi bilan kuchli. Shunday ekan uning samarali ijrosini taʼminlash yoʻlida ayniqsa biz deputatlar yana-da faol va sinchkov boʻlishimiz lozim.

Shahnoza Xolmaxamatova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?