Oʻz ijodidan koʻchirmani velosipedi tufayli tanigan fotorassom

16:23 22 Oktyabr 2019 Jamiyat
160 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining aʼzosi, fotorassom Sultonboy Dehqonovning Sirdaryo viloyati ixtisoslashtirilgan sanʼat maktab-internatida “Ona yurt ilhomlari” deb nomlangan fotokoʻrgazmasi namoyish etildi.

Unga 70 ga yaqin fotoasar qoʻyildi. “Biz bunyodkor xalqmiz”, “Mehr qolur”, “Umr manzarasi”, “Boysun bahori”, “Ulugʻimsan Vatan”, “Tong” kabi lahzalik kadrlardagi musavvirona tasvirlar maktab-internat oʻquvchilarining hayrati va eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Binobarin, fotorassomning koʻplab syujetli fotoasarlari kishida dastlab bular tasviriy sanʼat namunalari emasmi degan fikr oʻygʻotadi.Fotoda ana shunday rang-tasvir jozibasini bergan asarlardan biri “Chayladagi hayot” deb nomlangan. Fotorassom ayni surat bilan bogʻliq qiziq bir voqeani aytib berdi.

Rassomlardan birining koʻrgazmasida “Kuz” kartinasi uning eʼtiborini tortadi.Va ushbu manzarani avval ham qayerdadir koʻrganini hayolidan oʻtkazadi. Uzoq termulishlardan soʻng soʻriga suyab qoʻyilgan velosipedga qarab katta kashfiyot qilgandek “Axir bu mening “velig”im-ku, mana orqa oʻrindigʻi ham yoʻq”, deb xitob qiladi. Shunda yonida turgan musavvir “Rasm ham sizniki, Sultonboy, faqat men uni fotongizga qarab chizdim, xolos ”deydi. Hayratlanarlisi, rasm ham, foto ham goʻyo egizaklardek bir xil edi.

Maʼlumot uchun. Fotorassom Sultonboy Dehqonov bir necha tanlovlar gʻolibi,”Badiiy fotografiyada yurt madhi”toʻplami va ushbu sanʼat turiga oid koʻplab maqolalar muallifi ham hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?