Oyoq ostida toptalayotgan tafakkur durdonalari

18:13 19 Iyul 2019 Jamiyat
429 0

Soʻz — muqaddas. U aks etgan har qanday qogʻoz xoh kitob, xoh gazeta shaklida boʻlsin aziz va muqaddas. Toʻgʻri soʻzning haloli bor, egrisiyam... Qadimul ayyomdan xalqimiz nonni qanday ulugʻ tutgan boʻlsa, harflar birikmasida hosil boʻlgan jumlalarni, ulardan vojib boʻlgan hikmatu hikoyatlarni oʻzida mujassam etgan varaqlarni, ulardan tashkil topgan kitoblarni shu darajada avaylab-asragani hech kimga sir emas. Binobarin, ilm, maʼrifat-maʼnaviyatning xos makonu manzili kitob, bugungi kunda bosma nashrlarni, xususan, gazeta va jurnallarni shu qatorga qoʻshsa mutlaqo toʻgʻri boʻladi...


Bugun chinakam maʼnoda maʼnaviy yuksalish sari yoʻlga tushdik. Davlatimiz rahbari ham kitobxonlikni ustuvor aylab, mana shu ezgu matlabda sobit turishga daʼvat etmoqdalar. Qanchadan-qancha xayrli tashabbuslar roʻyobini koʻrmoqdalar. Koʻpchiligimiz bundan mamnun ekanligimizni soʻz bilan izohlashimiz mushkul. Taassufki, ayrimlar borki, qilmishidan yoqa ushlaysan. Ularga achinasan...

Yaqinda Andijon bozorida bir noxush holatning guvohi boʻldim. Gazetaga oʻralgan goʻshtlar, oʻpqon (varyonka) qilingan kitob varaqlaridagi pistayu qurutlarni koʻrib, tafakkur durdonalarining qadr-qimmatiga achindim... Afsuski bugun bunday salbiy manzaralarni istalgan bozorlarda uchratamiz. Gul doʻkonlarida, ayniqsa, bayram kunlari gazetalardan dastalar yasash uchun foydalanadilar. Hatto ayrim taksi haydovchilarimiz qor-yomgʻir kunlari mashinalariga supa kabi toʻshab qoʻyishlariga ham guvoh boʻlganlar bor...

Maʼnaviyat xossalariga bunday hurmatsizlarcha munosabat qachon paydo boʻldi? Ertaga qanday salbiy oqibatlarga duch kelishimiz mumkin? Shu kabi savollar bilan ayrim yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalariga quloq tutdik.

Abdulahad HAFIZOV, Shayhontohur tumani, “Firdavs” jome masjidi imom noibi: 

— Isrofgarchilik hatto muqaddas kitobimiz boʻlmish Qurʼoni karimda ham qoralangan. “...Innaxu la yuxibbul musrifin”, yaʼni “U (Alloh) isrof qilguvchilarni sevmaydi”, deb yoziladi unda. Shunday ekan, Xudoning roziligiga erishmoqchi boʻlsak, Uning buyruqlarini soʻzsiz bajarishimiz darkor. Qolaversa, tafakkurimizni boyituvchi kitobu roʻznomalarni oʻqish, asrab-avaylab, yangi avlodga yetkazish ham savob hisoblanadi. Zero, qadim-qadimdan ilm ulashuvchilarni xalqimiz ulugʻlagan.

Nodir JONUZOQ, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari:

 Avvallari xonadonlarda turli gazeta va jurnallarning koʻp yillik taxlamlariga koʻzimiz tushardi. Yurtdoshlarimiz oʻzlari obuna boʻlgan gazetalarni yigʻib, avaylab-asrashardi. Hozirgi kunda ham shundaymi? Bu savolga javob berishda bugun oʻylanib qolayotganimiz achinarli. Axir, toʻplangan sara materiallar kun kelib noyob xazinaga aylanishi, shubhasiz. Bir soʻz bilan aytganda, turli hikmatlaru, moʻtabar insonlarning suratlari tushirilgan gazeta-jurnallarni, kitoblarni toptayotganlar oʻzlarining maʼnaviyatsizligini, farosatsizligini shu orqali namoyish etayotganlardir.

Boboyor TOʻRAYEV, psixolog:

— Umuman olganda, mutolaa manbaiga eʼtiborsizlik davom etsa, odamlar ruhiyatida salbiy tarafga oʻzgarish sodir boʻlishi mumkin. Psixologiyada ham bu borada turli isbotlar keltirilgan. “Qovun qovundan rang oladi”, deydi xalqimiz. Jumladan, oilada kitobga bepisandlarcha munosabatni koʻrgan boladan yaxshi oʻqib, bilim olishni talab qilish qiyin. Har ertalab otasi yoki onasining gazeta varaqlab, kunni boshlaganini koʻrgan yoshdan ham kelajakda matbuotga hurmat asosidagi munosabatni kutish mumkin.

Yusufbek HABIBULLAYEV, Olmazor tumanidagi gul doʻkoni sotuvchisi:

— Tan olish kerak, koʻpchilik gulchilar gazetalardan oʻqish uchun foydalanishmaydi. Shaxsan men ham gullarni oʻrash uchun katta hajmli gazetalar sahifalarini ishlataman. Sababi gazetaga oʻralgan gullar zarqogʻozga oʻralganiga nisbatan uzoqroq muddat tetik turadi, soʻlib qolmaydi. Qolaversa, gazeta oʻqishga unchalik qiziqmayman, qiziqarli material kamligi uchundir balki. Avvallari goh-goh “Darakchi”ni oʻqib turar edim. Bugun shuni ham oʻqimay qoʻydim, qiziqishim qolmadi.

Mavzuga doir fikrlarimizni mashhur yozuvchi Rey Bredberining “Farengeyt 451 daraja” asarida qayd etilgan voqea asosida yakunlamoqchimiz. Ushbu asar bosh qahramoni Gayning vazifasi davr talabi bois oʻt oʻchiruvchi emas, qarangki, oʻt yoquvchi boʻladi. Yana kitoblarni yoquvchi! U juda koʻp tafakkur durdonalarining kulini koʻkka sovuradi. Bir kuni keksa bir ayolning shaxsiy kutubxonasi haqida xabar topadi va darhol borib unga oʻt qoʻyadi. Kitoblari yonayotganiga chidolmagan qariya esa oʻzini alangaga otib, joniga qasd qiladi. Asar qahramoni uni koʻrib, juda qattiq taʼsirlanadi va bu voqeadan soʻng oʻzi ham kitob oʻqiy boshlaydi.

Xulosa oʻzingizdan...

Yulduz OʻRMONOVA, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?