Ov qilish va ov xoʻjaliklari faoliyatini tartibga solish qonun bilan mustahkamlandi

13:24 09 Iyul 2020 Siyosat
248 0

Soʻnggi yillarida mamlakatimizda atrof muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan biologik resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan izchil ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik siyosatni amalga oshirishga eʼtibor yana-da kuchaydi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan hamda joriy yilning 8-iyul kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonun biologik resurslardan oqilona foydalanish sohasini tartibga soluvchi eng asosiy huquqiy asoslardan biri deyish mumkin.

Taʼkidlash joiz, hozirda Oʻzbekiston faunasi tarkibi 15 mingdan ziyod umurtqasiz hayvonlar, 709 turdagi umurtqali hayvonlar shu jumladan, 109 turdagi sut emizuvchilar, 470 turdagi qushlar, 64 turdagi sudralib yuruvchilar, 63 turdagi baliqlar va 3 turdagi amfibiyalardan iborat boʻlib, yangi nashrga tayyorlangan Oʻzbekiston Qizil kitobiga jami 206 turdagi hayvonlar kiritilgan.

Bugungi kunga qadar hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanishga qaratilgan ov qilish va ovchilik xoʻjaligi sohasidagi munosabatlar huquqiy jihatdan 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelinardi. Bu oʻz navbatida huquqni qoʻllash amaliyotida turli qarama-qarshilik va talqinlar, murakkabliklarni keltirib chiqarib kelayotgan edi. Boz ustiga sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, yovvoyi hayvonlar holati ustidan davlat monitoringini olib borishning samarali tizimi mavjud emas. Shuningdek, ovchilar va ov xoʻjaliklarining huquqi, majburiyatlari qonun hujjatlarida aniq belgilanmaganligi ovlanadigan hayvon resurslarining holatini aniqlashga, ular populyatsiyasi davlat monitoringi tizimining rivojlanishiga, mamlakatimizda ovlanadigan hayvon turlarining soni va ovlanish hajmlarini, ularning reproduktiv holatini oʻrganishga toʻsqinlik qilayotgandi.

Bu oʻz navbatida, mazkur yoʻnalishda ayrim muammolarning kelib chiqishi va koʻplab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻlmoqda. Raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, mamlakatimizda 2018-2019-yillar va 2020-yilning birinchi choragida ovchilik va baliqchilik sohasida jami 2447 ta huquqbuzarlik aniqlangan va 912 mln. soʻmdan ortiq jarima undirilgan.

Iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri turizmni rivojlantirishda ham soha istiqbolli yoʻnalishlardan hisoblanadi. Mamlakatimizda ov turizmi imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, xususan xorijiy sayyohlarni ovchilik sohasiga jalb etish orqali davlat byudjetiga valyuta tushumlarini oshirish, ov hayvonlarini yetishtirish, tiklash va koʻpaytirish orqali esa, sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish imkoniyati yuzaga keladi.

Yuqorida taʼkidlangan masalalarning huquqiy yechimi oʻz aksini topgan 7 ta bob 43 ta moddadan iborat “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonuni normalarida mavjud xalqaro talablar, huquqni qoʻllash amaliyotida foydalanilayotgan, qonunosti hujjatlarida belgilangan hamda zamon talabiga javob beradigan qoidalar inobatga olingan hamda moddalar toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishiga eʼtibor qaratilgan.

Qonunni tayyorlash jarayonida xalqaro konvensiya va bitimlar, shuningdek Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Rossiya, Belarus, Polsha kabi davlatlarning sohaga oid qonunchilik amaliyoti oʻrganilgan.

Qonunda foydalanilgan tushuncha va atamalarni turlicha izoh etilishini istisno etish hamda qonun hujjatida qabul qilingan maʼnosiga muvofiq yagona shaklda qoʻllash maqsadida “ov qilish”, “ovchilik xoʻjaligi”, “ovchi”, “ovchilik resurslari”, “ov mahsuloti”kabi tushunchalar alohida moddalarda ochib berilgan. Shuning bilan birga ovchilik resurslari va ov qilish joylarini muhofaza qilish yoʻllari, yovvoyi hayvonlarning soni hamda tutilgan yovvoyi hayvonlarni hisobga olishni amalga oshirish, yovvoyi hayvonlarni takror koʻpaytirish va ularning sonini tartibga solish, yovvoyi hayvonlarni tutishga doir kvota boʻyicha ariza berish muddatlariga oid normalar aniq belgilab qoʻyilgan.

Qonunning “Ov qilishni amalga oshirish” deb nomlangan 4-bobida ov qilish turlari, ruxsat etilgan hamda taʼqiqlangan ov qilish qurollari va usullari, ov qilishning xavfsizlik qoidalari, ov qilish mavsumi va muddatlari, ovchilik xoʻjaligiga va insonning xoʻjalik faoliyatiga zarar yetkazuvchi yovvoyi hayvonlarni otish yoki tutib olish shartlari, chet ellik fuqarolar uchun ov qilishni tashkil etish turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi, gʻayriqonuniy ov qilishni (brakonerlik) aniqlashtiruvchi moddalar bayon etilgan.

Eʼtiborlisi, Qonunda ovchilik guvohnomasi, yovvoyi hayvonlarni tutishga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olishga doir ruxsatnomalar, ovchilik yoʻllanmasi (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi) kim tomonidan qay tartibda berilish shartlari mustahkamlab qoʻyildi.

Qonunning “Ovchilik xoʻjaligini yuritish” deb nomlangan bobida ovchilik xoʻjaligini yuritish huquqi ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnoma hamda texnik-iqtisodiy asosnoma materiallari asosida amalga oshirilishi, ovchilik xoʻjaligini yuritish huquqini tugatish shartlari, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladigan ov qilish va ovchilik xoʻjaliklari toʻgʻrisidagi axborot bazasiga doir normalar belgilangan.

Shuningdek, Qonun hayvonot dunyosi obyektlaridan foydalanish munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan boʻlsa-da, bir qator moddalarda yovvoyi hayvonlar sonini ularning yashash joylari doirasida saqlab turish, koʻpaytirish qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish majburiyatlari belgilanmoqda. Jumladan, 11-moddasida yovvoyi hayvonlardan oqilona foydalanish va ularni takror koʻpaytirish uchun shart-sharoitlar yaratish, 12-moddasida yovvoyi hayvonlarni takror koʻpaytirish, 14-moddasida yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish yovvoyi hayvonlarning sonini koʻpaytirishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish orqali amalga oshirilishi, ovchilik xoʻjaliklarining huquq va majburiyatlarida yovvoyi hayvonlarni tabiatga moslashtirish yoki ulardan boshqa maqsadda foydalanish uchun koʻpaytirish, yovvoyi hayvonlarning takror koʻpaytirilishini taʼminlashi belgilab qoʻyilgan.

Xulosa qilib aytganda, mazkur hujjatning amaliyotga keng tatbiq etilishi mamlakatimiz hududlarida hayvonot dunyosi obyektlaridan oqilona foydalanish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga, yovvoyi hayvonlarning xilma-xilligini saqlab qolish, ularning hisobini yuritish va tutish normalarini tartibga solish ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, ov turizmining rivojlantirilishiga hamda ov xoʻjaliklari holatining yaxshilanishiga imkon beradi.

Xayrillo GʻAFFOROV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi 
Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?