OTMlardagi karantin hisobiga yozgi taʼtil muddati qisqarishi mumkin

18:36 22 Mart 2020 Jamiyat
355 0

Karantin davrida berilgan rejadan tashqari taʼtil tufayli talabalarning yozgi taʼtil muddati qisqarishi mumkin. Bu haqda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri oʻrinbosari Uzoqboy Begimqulov maʼlum qildi.

“Karantin sabab yozdagi taʼtil muddati qisqarishi tabiiy, uning muddati karantin sababli berilgan taʼtilning qancha vaqt davom etishiga bogʻliq.

Hozir navbatdan tashqari taʼtil necha kunga choʻzilishidan qatʼi nazar, biz talabalarga masofaviy va mustaqil taʼlim olish orqali oʻquv dasturlarini oʻzlashtirishlariga imkoniyat yaratib beryapmiz.

“Taʼlim muassasalaridagi taʼtil taʼlim shaklidan qatʼi nazar barcha talabalarga tegishli. Nafaqat kunduzgi yoki sirtqi taʼlimdagi, balki qayta tayyorlash va malaka oshirishda oʻqiyotgan va oʻqishi lozim boʻlganlarga ham taʼtil taalluqli.

Shu bilan birga, professor-oʻqituvchilarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida masofaviy taʼlim toʻliq joriy etilgan, sirtqi taʼlim uchun ham yetarli elektron resurslar mavjud.

23-martdan boshlab Toshkent shahridagi OTMlarning professor-oʻqituvchi va xodimlarining aksariyat qismi belgilangan tartibda mehnat taʼtiliga chiqariladi, qolgan xodimlarning faoliyati maksimal darajada masofadan turib tashkil etiladi”, – dedi vazir oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?