O‘tmish va kelajak o‘rtasidagi ko‘prik

11:38 18 May 2018 Madaniyat
390 0

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Xalqaro madaniyat karvonsaroyida Xalqaro muzeylar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan arxeologik buyumlar ko‘rgazmasiga shunday ta’rif berish mumkin.

“O‘tmish va kelajak” deb nomlangan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, muzeyshunoslar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, madaniyat, san’at ixlosmandlari hamda jurnalistlar qatnashdi.

Ko‘rgazmaning ochilishida yurtimizda muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirish, jumladan, ularni qadim tariximiz haqida hikoya qiluvchi nodir eksponatlar bilan yanada boyitish, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Xalqaro madaniyat karvonsaroyi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan hamkorlikda “Amaliy san’at asarlarini ta’mirlash” fakulteti talabalarining amaliy mashg‘ulotlarda ishtirokini keng yo‘lga qo‘ygan. Ko‘rgazmada ushbu mashg‘ulotlar jarayonida yigit-qizlar tomonidan ta’mirlangan sopol buyumlar, turli naqshlari qayta tiklangan uy anjomlari va boshqa ko‘p asrlik tarixga ega topilmalar, ashyolar ham namoyish qilindi.

Qayd etish joizki, mazkur topilmalar Toshkent viloyati hududidagi Qonqa va Surxondaryo viloyatining Kampirtepa, Dabilqo‘rg‘on hamda Munchoqtepa tarixiy yodgorliklaridan qazib olingan.

Ko‘rgazma doirasida tashkil etilgan davra suhbatida olimlar, professor-o‘qituvchilar tomonidan arxeologiya va restavratsiya jarayonining muhim masalalari muhokama qilindi. Talaba-yoshlar yig‘ilganlarga o‘z restavratsiya ishlari haqida ma’lumot berdi. Bunday tadbirlar o‘tmish va kelajak o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, yosh avlodning o‘z Vatani tarixi bilan faxrlanish, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash tuyg‘ularini yanada kuchaytiradi.

Dilshod KARIMOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?